Sharqiy Egeydagi turk orollari: ular xaqida nimalarni bilish kerak?
Bozjaada, Chanoqqalʼa qirgʻogʻida topilgan, bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan Egey marvarididir.

Turk Egeyning uchta eng goʻzal orollari Goʻkcheada, Bozjaada va Junda, asrlar davomida Egeyning tabiiy boyliklari bilan sayyohlarini qarshi olib kelmoqda. Orollarda kunlar: tosh uylarda, mazali turk nonushtalari tanavvuli bilan boshlanadi, mayin qumli sohillardagi dengizda suzish bilan davom etadi va mahalliy restoranlarda yoqimli kechki ovqatlar bilan tugaydi.
Dasturxonlar Egey mintaqasining koʻp asrlik milliy taomlari bilan toʻlib-toshgan boʻlsada, birinchi navbatda «meze» yaʼni yengil gazaklar beriladi; soʻng orolning mashhur dengiz mahsulotlari dasturxoningizdan joy oladi. Xoʻsh, ushbu orollardan sizga eng mos keladigani qaysi? Mana, qaror qabul qilishingizga yordam beradigan baʼzi maslahatlar...
Bozjaada: shovqinli shahardan «qochish»ni istaganlar uchun
Bozjaada, Chanoqqalʼa qirgʻogʻida topilgan, bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan Egey marvarididir. Mifologik matnlarda Tenedos nomi bilan tanilgan Bozjaada, oʻzining tiniq suvlari, uzumzorlari va vinolari bilan diqqatni tortadi. Boʻzjada qalʼasi orolga kelganingizda koʻrinadigan birinchi diqqatga sazovor joy boʻlib, unga Geyikli portidan joʻnaydigan paromlar orqali osonlik bilan borish mumkin. Siz ushbu qalʼaga tashrif buyurib, orolning ajoyib manzaralarini suratga olishingiz mumkin. Orolning diqqatga sazovor joylari orasida Bozjaada muzeyi, Ayazma monastiri, shamol tegirmonlari va Bibi Maryam cherkovi mavjud. Ayazma sohili va Akvarium koʻrfazi oroldagi eng mashhur suzish joylaridan ikkitasidir. Bozjaada shuningdek, turli xil ochiq havo mashgʻulotlarini ham taklif etadi. Chayir sohilida shamol va dengizdan bahramand boʻlishingiz yoki sokin koʻrfazlarda moviy tubliklarga shoʻngʻib, suv osti hayotini kashf qilishingiz mumkin. Bozjaadada qilinadigan yana bir narsa, orolning eng gʻarbiy uchidagi Polente dengiz chirogʻi va shamol tegirmonlarini ziyorat qilishdir. Bozjaada uzumzorlari va 3000 yillik vinochilik anʼanalari bilan noyob bogʻ yoʻnalishlarini ham taklif etadi. Bozjaada bogʻ yoʻnalishida siz vino zavodlariga tashrif buyurib, orolning toʻrtta endemik uzum navlaridan vinolarni tatib koʻrishingiz mumkin. Shuningdek, orolda har yili sentabr oyining birinchi haftalarida uzumzorlar festivali oʻtkaziladi.
Dunyodagi birinchi va yagona «Cittaslow» oroli: Goʻkcheada
Shimoliy Egeyda, Gelibolu yarim oroli yaqinidagi Goʻkcheada, oʻzining qishloqlari, iliq shamollari, yaylovlarda oʻtlab yurgan echkilari, toza dengizi va uzun sohil chiziqlari bilan oʻziga xosdir. Bu barcha xususiyatlar bilan orol 2011 yildan beri dunyodagi birinchi va yagona «Cittaslow» oroli deb topildi. Turkiyadagi eng goʻzal sohillarga ega boʻlgan yoʻnalishlardan biri sanalgan Goʻkcheada, uzun sohil chiziqlari va feruza rang suvlarida shoʻngʻish, soʻrfing va suzish imkoniyatlarini taqdim etadi. Orolda 300 kun davomida shamol soʻrfingi uchun mukammal sharoitlar mavjudligiga guvoh boʻlgach, nima uchun har yili minglab soʻrfchilar Goʻkcheadaga tashrif buyurishlarini tushunib yetasiz. 1200 metr uzunlikdagi sohili va Goʻkcheadadagi oltin qumi bilan Aydjik sohilida suzishingiz va shamol soʻrfi bilan shugʻullanishingiz mumkin. Goʻkcheada oʻzining meʼmorchiligi va oshxonasi bilan ham mashhur. Orolning eng jozibali qishloqlari boʻlgan Kalekoʻy, Zeytinli, Tepekoʻy, Bademli va Derekoʻy koʻp asrlik daraxtlari, tepaliklari va oʻziga xos tosh uylari bilan maftun etadi. Qishloqlardagi mehmonxonalar, kafe va restoranlar vazifasini bajaruvchi yangilangan tosh binolar oʻz koʻzingiz bilan koʻrishga mutlaqo arziydi.
Turk Egey afsonasi: Junda
Shimoliy Egey dengizidagi har faslda betakror boʻlgan orol Junda, Ali Bey oroli sifatida ham tanilgan. Qisqa koʻprik orqali materik bilan bogʻlangan Junda transportdan juda uzoqda joylashgan. Taksiyarhis cherkovi orolning diqqatga sazovor joylaridan biridir. 2011 yildagi qayta taʼmirdan soʻng, 1873 yilda qurilgan neoklassik cherkov oʻzining asl goʻzalligini tikladi: bugungi kunda bino Ayvalik Rahmi M. Koch muzeyi sifatida faoliyat olib boradi. Oshiqlar tepaligidan manzarani tomosha qilish, zinapoyadan iborat Arnavut koʻchalarida sayr qilish, tosh uylar hovlisida Junda noz-neʼmatlaridan tatib koʻrish, orolning mashhur tiniq suvlarida (Akvarium yoki Yashil koʻrfaz) suzish, butun orolni qizilga boʻyagan quyosh botishini tomosha qilish shular jumlasidandir. Junda oʻzining mazali taomlari va vitaminlarga boy oʻtlardan tayyorlangan salatlari bilan mashhur. Dengiz boʻyida quyosh botishini tomosha qilayotib, samfir (dengiz noʻxati) va artishok kabi orolning zaytun moyida tayyorlangan taomlarini tatib koʻrishni unutmang. Shuningdek, Jundaga sayohatingiz davomida orolning oʻziga xos baligʻi boʻlgan papalinani tatib koʻrishingiz mumkin.