platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Qorabogʻdagi maktabga bordi

Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar oʻtkazish uchun joylar, yugurish yoʻlaklari tashkil qilingan.

Shavkat Mirziyoyev Qorabogʻdagi maktabga bordi

Ozarbayjonning Qorabogʻ zaminida Oʻzbekiston qurgan maktab ochildi unda Oʻzbekiston rahbariyati ham qatnashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifining ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdilar.

Oʻtgan qariyb 30 yilda Fuzuliy butkul vayron boʻlib, “arvoh shahar”ga aylangan edi. Harbiy harakatlarga qadar bu yerda 18 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilgan.

2020 yilda qayta tiklash ishlari boshlangach, shaharga asta-sekin hayot qaytmoqda. Uy-joylar qurilib, ijtimoiy va transport infratuzilmasi bunyod etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 31 mart kuni oʻtgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida Oʻzbekiston Qorabogʻ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va maʼrifat maskanlarini qayta tiklashga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanini taʼkidlagan edi.

Fuzuliy shahrida 960 nafar oʻquvchiga moʻljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezident tashabbusining amaliy ifodasi boʻldi.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional oʻquv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar oʻtkazish uchun joylar, yugurish yoʻlaklari tashkil qilingan.

Yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, oʻsib kelayotgan ozarbayjonlik oʻgʻil-qizlarni Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochdilar.

Prezidentlar oʻquv binolari va maktab hududi bilan tanishib, oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashdilar, ularga oʻqishda muvaffaqiyat tiladilar.

Soʻng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurdilar.

Eslatib oʻtamiz, oldinroq Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida davlatlararo kengash tuzilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid