platina.uz
Jamiyat

Bolani bir yoshdan keyin ona suti bilan emizish befoydami? Shifokor javob berdi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, bolani 6 oygacha koʻkrak suti bilan parvarishlash shart.

Bolani bir yoshdan keyin ona suti bilan emizish befoydami? Shifokor javob berdi

Ona suti — goʻdakning sogʻlom ulgʻayishida bebaho ozuqa. Uning tarkibida chaqaloqlarni yuqumli xastaliklardan himoyalovchi immun tanachalar, hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar hamda boshqa koʻplab foydali elementlar mavjud. Afsuski, baʼzi ayollar 1 yoshdan oʻtgandan keyin bolani emizish befoyda deb oʻylaydi. Vaholanki, aynan 1 va 2 yosh oraligʻida kichkintoy organizmi uchun ona suti juda zarur.

Ammo baribir ertami-kech emizikli ayollar bolakayni ona sutidan ajaratish bilan toʻqnash keladi. Baʼzi kichkintoylar bu davrdan oson oʻtsalar, ayrimlarda esa oʻrgangan odatidan voz kechish biroz qiyin kechadi.

Xoʻsh, bu vaziyatda onalar qanday yoʻl tutishlari lozim?

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Natalya Nodirxonova javob berdi.

— Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, bolani 6 oygacha koʻkrak suti bilan parvarishlash shart, — deydi mutaxassis. — Agar goʻdak 2 yoshgacha emizilsa, u turli kasalliklardan himoyalanadi.

Bunday bolalarning jismoniy va aqliy salohiyati yaxshi rivojlanadi. Shu bilan birga, immuniteti mustahkam boʻlib, ularning qandli diabet, leykoz, meʼda faoliyati bilan bogʻliq turli xil kasalliklarga chalinish xavfi nisbatan kamayadi.

Afsuski, baʼzi ayollar 1 yoshdan oʻtgandan keyin bolani emizish befoyda deb oʻylaydi. Vaholanki, aynan 1 va 2 yosh oraligʻida kichkintoy organizmi uchun ona suti juda zarur. Shu sababdan har doim ularga bu paytda oʻz farzandlarini koʻkrak suti bilan oziqlantirishi lozimligini uqtiramiz.

Kichkintoyni koʻkrakdan ajratish ona va bolaning oʻzaro munosabatlaridagi muhim bosqich. Shu bois masalaga ancha ehtiyotkor yondashish lozim.

Misol uchun, unga qoʻshimcha ovqat berishni 6-8 oylikdan boshlab, bu vaqtda emizishlar sonini asta-sekin kamaytirib borish, buning oʻrniga esa oz-ozdan qoʻshimcha ovqat berib borilishi maqsadga muvofiq. Bu esa goʻdakni ona sutidan ajralishini osonlashtiradi.

Shu bilan birga, kichkintoyning eʼtiborini boshqa narsalarga jalb qilish, u bilan koʻproq jismoniy va psixologik aloqada boʻlish zarur. Koʻpi bilan ikki xafta mobaynida sutdan chiqarishga erishish mumkin.

Goʻdak injiqlanib, emishni istasa, unga tayyor boʻtqa, nimtatir shirin choy yoki mevali sharbatlar berish tavsiya qilinadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid