platina.uz
Jamiyat

Soʻnggi Xorazmshohning halokati va Rossiyada inqiroz boshlangan kun

Platina.uz 17 avgust sanasi bilan bogʻliq muhim voqeliklarni jamladi.

Soʻnggi Xorazmshohning halokati va Rossiyada inqiroz boshlangan kun

17 avgust sanasi bilan bogʻliq xabarlar.

1231 yil – Xorazmshohlarning butun umri xavf-xatar va janglarda oʻtib, tinchlik va xotirjamlikni bilmagan soʻnggi hukmdori, mohir sarkarda Jaloliddin Manguberdi Kurdiston togʻida bir kurd kishisi tomonidan oʻldirildi (ayrim adabiyotlarda uning 17 va 20 avgust oraligʻida halok boʻlgani qayd etilgan).

Bu xususda turkiyalik olim Oydin Tonariy shunday yozadi: “Sultonning oʻlimi toʻgʻrisida tarixchilar bergan maʼlumotlar aksariyat bir-biriga oʻxshashdir. Fikrimizcha, bu masalada Nasaviy bilan Juvayniyning maʼlumotlari eng toʻgʻrisidir.

Moʻgʻullarning 15 suvoriysi Sultonni taʼqib qilishga tushdi. Ulardan ikkitasi unga yetib oldi. Sulton bir hamlada ularning ikkovini ham oʻldirdi va yana qochdi. U baland toqqa tirmashdi va qaroqchi kurdlarga duch keldi. Kurdlar uni oʻldirmoqchi boʻlganlarida Sulton ularning boshligʻiga: “Men Sultonman. Meni oʻldirishga shoshilmang. Meni yo Malik Muzaffar Shahobiddin huzuriga yoki meni oʻlkalarimdan biriga olib bor, seni amir qilib tayinlayman”, dedi.

Qaroqchilar boshligʻi ikkinchi taklifni qabul qildi va Sultonni oʻz ovuliga olib ketdi. Soʻng u Sultonni xotiniga topshirib, ot topib kelish uchun ketdi. Biroq koʻp oʻtmay nayza koʻtargan boshqa bir kurd kirib keldi va xotindan: “Bu xorazmlik kim? Uni nega oʻldirmayapsizlar?” deb soʻradi. Xotin: “Xoʻjayinim unga omonlik berdi. Chunki u Sulton ekaninin soʻzladi”, dedi. Kurd: “Bu gapga qanday ishonish mumkin? Ular Oxlatda bundan ham azizroq ukamni oʻldirdilar”, dedi va bir nayza zarbi bilan Jaloliddinni oʻldirdi”.

1866 yil – Orenburg general-gubernatori N.Krijanovskiy “Buxoro masalasi”ni hal etish uchun ikkinchi marta Toshkentga keldi. N.Krijanovskiy amir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri munosabat oʻrnatib, tinchlik bitimi tuzish xususida unga imperator tomonidan vakolat berilgani haqida aytib, buxorolik elchini Toshkentga oʻzaro munosabatlarni oydinlashtirish uchun yuborishni soʻradi.

1892 yil – Rossiya va Fransiya oʻrtasida maxfiy harbiy konvensiyaning tuzildi.

1896 yil – Bridjit Driskoll tarixdagi birinchi avtomobil qurboni boʻldi.

1928 yil – Moskvada "Dinamo" stadioni ochildi.

1934 yil – SSSR Yozuvchilarning birinchi Butunittifoq qurultoyi boʻlib oʻtdi.

1937 yil – Oʻzbekistonda qatagʻon siyosati boʻyicha hukm chiqargan “uchlik”ning shu kungi yigʻilishida maʼrifatparvar, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Sharifboy Xudoyberdiyev – Soʻfizoda taqdiri hal boʻldi. Unga muhojirotdan kelgach, “chet el razvedkasi topshirigʻiga koʻra, “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy tashkilotiga kirgan, faol aksilinqilobiy faoliyat olib borgan, “bosmachilik”ni qoʻllab-quvvatlagan, aksilinqilobiy guruhlar tashkil etishda tashabbus koʻrsatgan, shaxsan oʻzi yozgan aksilinqilobiy sheʼrlarini tarqatgan”, degan ayb qoʻyildi. Ana shu toʻqima aybi uchun mashhur shoir Soʻfizoda qatl etildi.

1945 yil – Indoneziya Niderlandiyadan mustaqilligini eʼlon qildi.

1958 yil – Xitoy rahbari Mao Szedun "Buyuk sakrash" haqida eʼlon qildi.

1960 yil – Gabon Fransiyadan mustaqilligini eʼlon qildi.

1962 yil – Berlin devorini kesib oʻtishga urinayotgan shaxs birinchi marta oʻldirilgan (Piter Fexter).

1967 yil – Amerikalik bokschi Muhammad Ali musulmon ayolga uylanib, uning islomni qabul qilganini tasdiqladi.

1974 yil – Gavanada havaskor boks boʻyicha birinchi jahon chempionati ochildi.

1989 yil – “Qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa yer bilan taʼminlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida” qaror qabul qilindi. Qarorda qishloqda yashovchi har bir kishiga oʻrtacha 25 sotixdan yer ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 barobar koʻpaytirish koʻzda tutilgan edi.

1998 yil – AQSh prezidenti Bill Klinton katta hakamlar hayʼati oldida Monika Levinskiy bilan munosabatlari haqida guvohlik berdi.

  • Rossiyada iqtisodiy inqiroz boshlandi.

2008 yil – Amerikalik suzuvchi Maykl Felps tarixda bitta Olimpiadada 8 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan birinchi sportchi boʻldi.

2019 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoʻqon universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Tavalludlar.

1939 yil – Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻlan Nizom tavallud topdi. U liro-epik janrlarda samarali ijod qilib, Bobur, Mashrab, Choʻlpon, Mirtemir, Usmon Nosir, Saida Zunnunova, Muhammad Yusuf singari siymolarga bagʻishlangan doston va lirik qissalar yozgan. U 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

1940 yil – amerikalik aktyor va film rejissyori Al Pachino;

1941 yil – oʻzbekistonlik fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor Muhammad Kabir Bahodirxonov;

1960 yil — amerikalik aktyor, kinorejissyor, ssenariy muallifi, “Oskar”, “Oltin globus” va boshqa mukofotlar sohibi Shon Penn;

1977 yil – fransuz futbolchisi, jahon chempioni Terri Anri;

1978 yil — oʻzbek dzyudochisi, 66 kilogrammgacha vazn toifasida XXVIII yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi, Osiyo chempionati va Jahon Universiadasi sovrindori Murat Kalikulov;

1992 yil – oʻzbek atletikachisi-paralimpiyachi, nayza uloqtirish boʻyicha ixtisoslashgan, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, 2016 yilgi Yozgi Paralimpiya va 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ikki karra Olimpiya chempioni, yengil atletika boʻyicha Jahon chempionatining ikki karra sovrindori Nozimaxon Qayumova;

1993 yil – oʻzbekistonlik dzyudochi, 60 kg gacha vazn toifasida, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. 2016-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari bronza medali sovrindori, Osiyo chempionati kumush medali sovrindori, Yozgi Osiyo oʻyinlari chempioni Diyorbek Oʻrozboyev tavallud topgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid