Dori va tibbiyot buyumlari importida bojxona yigʻimi bekor qilinadi
Prezident farmoni bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritildi.

Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim bekor qilinadi. Prezident farmoni (PF–140, 15.08.2023 y) bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritilgan.
Shunga koʻra:
- 2024 yil 1 yanvardan alohida davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarning muvofiqligini majburiy baholashdan ozod etish tartibi bekor qilinadi;
- 2024 yil 1 yanvardan import tovarlarni davlat tilida markirovka qilish tartibiga oʻzgartirish kiritiladi;
- 2025 yil 1 yanvardan dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim bekor qilinadi.
Shuningdek, quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflar ishlab chiqiladi:
- 2023 yil 1 oktabrgacha tovarlarni import qilish uchun litsenziya berish jarayonini avtomatlashtirish (raqamlashtirish) boʻyicha;
- 2024 yil 1 yanvargacha transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun subsidiya berish tizimini Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish boʻyicha;
- 2023 yil 1 noyabrgacha tovarlarni “eksport” va “import” bojxona rejimlariga rasmiylashtirish uchun undiriladigan bojxona yigʻimlari stavkalarini Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq birxillashtirish boʻyicha.
Avvalroq Hukumat qarori bilan import avtomobillarni faqat ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari orqali sotish talabi bekor qilingandi.
