Toshkentda yoʻl oʻtkazgich qulashi ortidan mansabdorlar qoʻlga olindi
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkentda yoʻl oʻtkazgich qulashi ortidan uch mansabdor qamoqqa olindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.
Aytilishicha, joriy yilning 12 avgust kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Bobur koʻchasidan I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi va Sodiq Tolipov koʻchasiga chiqish va tushishiga imkon beruvchi yoʻl oʻtkazgichni qayta qurish obʼektida uzunligi 42 metrlik 5 dona balkalar qulab tushgan va 2 mlrd 760 mln. soʻmlik zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 3 nafar mansabdor shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmokda.