DXX tadbirkordan 200 ming dollar talab qilgan firma rahbari va hokimlik amaldorini qoʻlga oldi
Jizzax viloyatida tezkor tadbir oʻtkazildi.

Yangiobod tuman hokimligi mansabdori va tadbirkor fuqarodan 200 ming AQSh dollari pora talab qilgani aniqlandi.
Jizzax viloyatidagi qurilish firmasi rahbari tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirib, Yangiobod tumani hokimligida ishlovchi mansabdor tanishi yordamida, yopiq shaklda oʻtkaziladigan tender orqali unga mazkur tuman hududidan 200 gektar yer maydonini shamol elektr stansiyalari qurish uchun olib berish evaziga 200 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 100 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, jinoyatni toʻliq fosh etish maqsadida, qurilish firmasi rahbaridan olingan dastlabki koʻrsatmalar hamda mavjud dalillarga asoslanib, uning Yangiobod tumani hokimligida masʼul lavozimda ishlovchi tanishi ham qoʻlga olindi, deyiladi xabarda.