“Oʻzavto” shartnomalarni yana ochadimi?
4 avgust kuni esa monopol kompaniya sip-silliqqina boʻlib, narxlarni koʻtargan holda yana kontraktatsiyani ochgani haqiqiy ahvolimizni koʻrsatdi.

Xalqimiz qatʼiyatli xalq. Oldiga bir maqsad qoʻydimi – unga erishmay qoʻymaydi! Bunday deyishimizga yaqqol isbot bor.
“Oʻzavtomotors” degan monopol kompaniya turli bahonai sabab bilan xalqimiz uchun hamyonboproq boʻlgan avtomashina turlarini sotishni toʻxtatib qoʻygach, vahimaga tushgan xalq endi bozordagi mashinalarga yopishib, talashgach, mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi koʻtarilib ketdi. Oʻz oldiga maqsad qoʻygan xalqimiz yeyish-ichishidan tiyib boʻlsa-da, tiyinni-tiyinga qoʻshib koʻcha narxida oʻzimizda ishlab chiqarilgan avtomashinalarni sotib olishga majbur boʻldi.
4 avgust kuni esa monopol kompaniya sip-silliqqina boʻlib, narxlarni koʻtargan holda yana kontraktatsiyani ochgani haqiqiy ahvolimizni koʻrsatdi. Yaʼni monopol kompaniya yana bir bor oʻzining maqsadini – xalqni istagan koʻyimga sola olaman, qabilidagi munosabatini, xalqimiz esa hech qachon ortga qaytmas qaysarligini koʻrsatdi, deyish mumkin.
Monopol kompaniyaning “oʻzim xon koʻlankam maydon”, xalqning esa “bir kunlik toʻy” kayfiyati ana shunday xulosalarga sabab. Negaki monopol tashkilot 2022 yilning kuzida toʻxatilgan jarayon – Kobalt, Damas kabi hamyonboproq avtomobillar sotib olishga shartnoma tuzish imkoniyatini qogʻozda ikki kun, amalda esa atigi bir kun va hatto bir soatgina xalqqa taqdim etdi, deyish mumkin.
Eng kulgilisi kompaniya xaridorgir oq va qora ranglar oʻrniga allambalo rangdagi mashinalarni taklif etdi.
Monopol kompaniyaning utilizatsiya yigʻimi, soliq va bojxona toʻlovlarini toʻlamagani yetmagandek, xalq ustidan kulishi, ularni uyoqdan buyoqqa ovora qilishini koʻrish odamda “ispancha uyat” tuygʻusini uygʻotadi. Eng yomoni, bu voqealar silsilasida yaqin 20-30 yil ichida “Oʻzavto” monopoliyasida hech narsa oʻzgarmasligini yana bir karra anglash kishini umidsiz qilib qoʻyadi.
Hammasidan ham qizigʻi, internetda paydo boʻlgan “shartnomalar bozori”da boʻldi. “Bir kunlik toʻy”da shartnomani tuzish “baxtiga erishgan” odamlar tomonidan shartnomalar 250 dan 2000 dollargacha narx bilan internetda savdoga qoʻyildi.
Shuncha tanqid va tahlillardan keyin ham chivin chaqqanchalik taʼsirlanmagan, tepsa tebranmas bu monopol tashkilot kimning soyasida suv ichadi? Xalqning eʼtirozlariga, Prezidentning xalqni rozi qilish yoʻlidagi islohotlariga ham panja orasidan qaraydigan bu tashkilot kimdan kuch oladi? Ana shu savollar har doim javobsiz va har gal ochiq qolaveradi.
Eng qaynoq savol esa quyidagicha: yana shartnoma ochiladimi? Ushbu savolga javob olish uchun kompaniyaning xalqimiz istalgan vaqtda murojaat qilib javob olish uchun eʼlon qilingan 78 141 7777 telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qildik. Goʻshakni koʻtargan operator yigit avtomobillar sotib olish uchun shartnomalar berish tez orada yana qayta boshlanishi ammo hali aniq muddatlari nomaʼlumligini bildirdi. Rasmiy internet saytlarini kuzatib borishimizni tavsiya qildi. Biroq kompaniya rasmiy sahifalarida esa ushbu savolga javob boʻladigan birorta maʼlumot hozircha joylanmagan. 4 avgust sanasida 50 000 avtomobil uchun ochilgan kontraktatsiya toʻxtatildimi-yoʻqmi yoki hozirgi vaziyatda yana bunday imkoniyat boʻlishi-boʻlmasligi haqida ham lom-mim demagani xalqqa nisbatan qanchalar “xayrixoh” munosabatda ekanligini koʻrsatadi. Yaʼni hammasi imi-jimida, hamma bilishi shart emas qabilida.
Abulfayz Sayidasqarov