Istanbulga sayohat vaqtida koʻrish shart boʻlgan muzeylar
Turkiyaning ilk zamonaviy sanʼat muzeyi Istanbul Modern, Bosfor boʻgʻozida qurilgan yangi binosi bilan shaharning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylandi.

Turkiyaning jonli metropolisi boʻlgan Istanbul, oʻzining tarixiy diqqatga sazovor joylari, ijtimoiy hayoti, muzeylari, sanʼat va madaniyatga oid tadbirlari hamda oʻziga xos gastronomik turizmi bilan tashrif buyuruvchilarga sayohat zavqini taqdim etadi.
Istanbulning boy tabiiy meroslari unga tashrif buyuruvchi sayyohlarning ham sevimli manziliga aylandi. Yozning huzurbaxsh kunlarida tarix, madaniyat va sanʼat uygʻunligini koʻrishni xohlovchilar uchun Istanbuldagi eng mashhur muzeylarini birlashtirdik.
“Istanbul Modern”ni yangicha talqinda his eting
Turkiyaning ilk zamonaviy sanʼat muzeyi Istanbul Modern, Bosfor boʻgʻozida qurilgan yangi binosi bilan shaharning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylandi. Yangi bino Istanbulning Yevropa tomonida, Bosfor boʻgʻozining Karakoʻy hududida joylashgan. Mashhur arxitektor Renzo Piano Galataport Istanbuldagi yangi Istanbul Modern binosini loyihalashtirgan. Binoning dizayni Bosfor dengizning mavjlaridan ilhomlangan holda yaratilgan. Istanbul Modern muzeyi xalqaro va mahalliy sanʼatkorlarning turli yoʻnalishlardagi asarlarini namoyish etadi. Istanbul Modernning yangi binosidagi koʻrgazmaga tashrif buyurganingizdan soʻng, oʻsha binodagi qahvaxonaga tashrif buyurib, Istanbulning ertaknamo manzarasidan bahramand boʻlgancha qahva ichishni unutmang!
Istanbul arxeologiya muzeylari: Moziyga sayohat
Topkapi saroyi hududida joylashgan Istanbul arxeologiya muzeylari dunyodagi eng boy eksponatlar majmuiga ega arxeologiya muzeylaridan biri sanaladi. Majmua uchta asosiy boʻlimdan iborat: “Arxeologiya muzeyi”, “Qadimgi Sharq artefaktlari muzeyi” va “Koshinli saroy muzeyi”. Unda Usmonli imperiyasi chegaralaridagi turli davrlarga tegishli bir milliondan ortiq asarlar mavjud. Majmuaning asosiy binosi boʻlgan Arxeologiya muzeyi dunyodagi sanoqli noyob binolardan biri boʻlib, asosan muzey sifatida qurilgan. Muzeyda, Makedoniyalik Aleksandr portreti, Rim davrining uchta buyuk shaharlari Afroditsias, Efes va Miletda topilgan haykallar ham mavjud. Shuningdek, u yerda, Turkiyada muzeyshunoslikning asoschisi va XIX asrda muzeyning birinchi direktori boʻlgan Usmon Hamdi Bey tomonidan olib borilgan qazishmalar chogʻida topilgan koʻplab asarlar ham oʻrin olgan. Ulardan biri 1887-1888 yillar oraligʻida Usmon Hamdi Bey tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida Sidon Qiroli nekropolida topilgan dunyoga mashhur Aleksandr Sarkofagdir.
Pera muzeyi: mashhur asarlar
Suna va Inan Krach fondi tomonidan asos solingan Pera muzeyi Tepeboshida, Istanbulning yuragi boʻlmish Istiqlol shoh koʻchasi yaqinida joylashgan. Dastlab, meʼmor Axil Manoussos tomonidan Bristol mehmonxonasi sifatida qurilgan bino, hozirda muzeyga aylantirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar koʻplab muhim koʻrgazmalarga mezbonlik qilib kelmoqda. Pera muzeyining “Sharqona rasmlar” jamlanmasida XVII-XIX asrlargacha Usmonlilar hukmronligidan ilhomlangan suratlar joy olgan boʻlsa, “Onadoʻli vazni va oʻlchovlari” kolleksiyasida Onadoʻlining turli davrlariga oid 10.000 dan ortiq eksponatlar oʻrin olgan. “Kutahya chinni va kulolchilik jamlanmasi” Turkiyaning Kutahya viloyatidan topilgan yuzlab hunarmandchilik uskunalarini oʻz ichiga oladi. Sayohat chogʻida, ayniqsa, “Toshbaqa oʻrgatuvchi” nomli beshta ajoyib asarlarni koʻrishingizni tavsiya qilamiz. Maʼlumot oʻrnida, Isabel Munozning “Yangi hikoya - Goʻbeklitepa va uning atrofidagi fotosuratlar” nomli koʻrgazmasi 2023 yil 17 sentabrgacha davom etadi.
Bosfor boʻgʻozidagi unutilmas muzey taassurotlari
Sakip Sabanji Muzeyi (SSM) Bosfor boʻgʻozidagi eng qadimgi aholi punktlaridan biri boʻlgan Emirganda joylashgan. Muzeyning asosiy binosi boʻlgan villa, 1925 yilda italiyalik arxitektor Edoardo De Nari tomonidan qurilgan. “Otliqlar saroyi” nomi bilan tanilgan saroy 2002 yildan beri muzey, shuningdek, sanʼat va madaniyat markazi sifatida xizmat qiladi. SSM koʻp qirrali muzey boʻlib, vaqtincha va doimiy koʻrgazmalar, tabiatni muhofaza qilish va tadqiqot boʻlimlari, oʻquv dasturlari, spektakllar, konferensiyalar va seminarlar hamda ajoyib Bosfor manzaralarini taklif etadi. Muzeyda xattotlik va rang-tasvir asarlarining boy jamlanmasi hamda dunyoga mashhur rassomlarning asarlarini namoyish etuvchi keng koʻlamli koʻrgazmalar mavjud. Sanʼat va madaniyat sehridan toʻlaqonli zavq olgandan soʻng, muzeyning soʻlim bogʻidan koʻrinib turuvchi hayratlanarli Bosfor manzarasidan bahramand boʻlmasdan muzeyni tark etmang.
Turkiyaning ilk plastik sanʼat muzeyi minglab sanʼat asarlari bilan tashrif buyuruvchilarni chorlaydi.
Istanbul rasm va haykaltaroshlik muzeyi Turkiyaning birinchi plastik sanʼat muzeyi boʻlib, XIX asr oxiridan to XX asr oxirigacha boʻlgan turk sanʼati tarixining muhim jihatkarini taqdim etadi. Muzey fondida 10497 ta rangtasvir, 719 ta haykaltaroshlik, 257 ta kulolchilik buyumlari, 182 ta xattotlik asarlari, 10 ta piktogramma mavjud.
Muzey 1937 yil 18 iyulda Dolmabahche saroyidagi valiahdlik idorasida tashkil etilgan va 1937 yil 20 sentabrda Mustafo Kamol Otaturk tomonidan ochilgan. 2007 yilda Dolmabahche shahzodasi ofisi qayta tiklash uchun yopilgach, jamlanmalar 2011 yilda Tophane mahallasidagi Antrepo 5-binosiga koʻchirildi va Sedad Hakki Eldem tomonidan ishlab chiqilgan bino meʼmor Emre gʻoyasi bilan muzeyga aylantirildi.