Abituriyentlar toʻplagan balidan kelib chiqib OTM tanlashi mumkin boʻladi

Oliy taʼlim dasturlari xalqaro reytingda yuqori 200 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari dasturi asosida qayta ishlab chiqiladi.

Jamiyat
4-iyul 2023 yil
Abituriyentlar toʻplagan balidan kelib chiqib OTM tanlashi mumkin boʻladi

Abituriyentlarga test sinovi natijasida toʻplagan balidan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi. 

“Maʼmuriy islohotlar doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–200-son, 03.07.2023 y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, oliy taʼlim dasturlari xalqaro reytingda yuqori 200 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari dasturi asosida qayta ishlab chiqiladi.

Taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi bekor qilinib, kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tizimi joriy etiladi. Bunda:

- kompleks davlat akkreditatsiyasi har 4 yilda taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida oʻtkaziladi;

- litsenziyasi bekor qilingan taʼlim tashkiloti yoki yopilgan taʼlim dasturida oʻqiyotgan talabalarga oʻqishini davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklariga koʻchirish huquqi beriladi.

Shuningdek, taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:

Vazirlik tomonidan tan olingan xalqaro reyting tashkilotlarining birinchi 1 000 talikka kirgan oliy taʼlim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasidan ozod qilinadi.

Oliy taʼlim tashkilotlarining reytingi taʼlim tashkilotining faoliyati va taʼlim jarayoniga aralashmagan holda maʼlumotlarni axborot tizimi orqali olish yoʻli bilan yuritiladi.

2024 yil 1 yanvardan:

- reyting davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha umumiy aniqlanadi;
- soʻnggi 5 yil davomida reytingda birinchi 10 talik oʻrinni egallagan oliy taʼlim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasidan ozod qilinadi.

2025 yil 1 yanvardan:

- nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha kvota ularning reytingdagi oʻrniga muvofiq ajratiladi;
- oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim sohalari kesimidagi reytingini yuritish yoʻlga qoʻyiladi.

2023/2024 oʻquv yilidan:

- akademik litseylarga oʻquvchilarni qabul qilishda yozma imtihon asosida dastlabki saralash bosqichi bekor qilinadi;

- kollej va texnikumlarning taʼlim dasturlariga davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari 2 baravarga oshiriladi;

- abituriyentlarga “davlat granti” yoki “taʼlim yoʻnalishi” ustuvorliklaridan birini tanlash va tanlagan ustuvorligi boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari ketma-ketligida tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi;

- talabaning taʼlim yoʻnalishiga mos startap loyihasi hamda ratsionalizatorlik gʻoyasini bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilish amaliyoti joriy etiladi;

- oliy taʼlim muassasalari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan qisqa muddatli maqsadli ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etiladi.

2024/2025 oʻquv yilidan:

- OTMga kirish imtihonlarini topshirish “avval test, soʻng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi hamda abituriyentlarga test sinovi natijasida toʻplagan balidan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi;

- umumtaʼlim fanlaridan xalqaro imtihon natijalari boʻyicha sertifikatlar davlat OTMga qabul qilishda inobatga olinadi.
 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+