platina.uz
Jamiyat

IIB xodimi, soliqchi va Milliy gvardiya xodimi ushlangan: DXX tezkor tadbir oʻtkazdi

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIB xodimi, soliqchi va Milliy gvardiya xodimi ushlangan: DXX tezkor tadbir oʻtkazdi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda IIB xodimi, soliq vakili, va Milliy gvardiya xizmatchisi ushlandi. Bu haqda DXX taqdim etgan videoda xabar berilmoqda.

Jumladan, Navoiy viloyati Tomdi tumani ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektori davlat zaxirasiga olingan hududda tarkibida oltin boʻlgan ruda qazib olish uchun sharoit yaratib, huquq-tartibot idoralari tomonidan boʻladigan reyd tadbirlaridan ogohlantirib turish evaziga mahalliy fuqarodan 30 ming AQSh dollari talab qilib, 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Buxoro viloyati Kogon tumani ichki ishlar boʻlimi xodimi fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlariga kelib tushgan arizani oʻzining vakolatli hamkasblari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 1300 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Davlatobod tumani davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori masʼuliyati cheklangan jamiyatning moliyaviy faoliyati yuzasidan oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida MChJga 383 mln. soʻmlik foyda soligʻi qoʻshimcha hisoblanganligi va ushbu pul mablagʻi MChJ tomonidan toʻlanishi kerakligini aytadi.
Lekin, u soliq hisobotlariga oʻzgartirishlar kiritish orqali ushbu summani bartaraf etib berish evaziga MChJ vakilidan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Milliy gvardiyaning Andijon viloyati qoʻriqlash boshqarmasi Andijon tuman boʻlimi safdor xodimi yuqori lavozimda ishlovchi hamkasblari orqali fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga harbiy xizmatchi sifatida ishga kiritib qoʻyish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid