Markaziy Osiyoda suv inqirozi allaqachon boshlangani aytildi
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, qurgʻoqchilik kelishmovchiliklar va katta migratsiya oqimiga olib kelishi mumkin.

Markaziy Osiyo allaqachon jiddiy suv muammosiga yuz tutmoqda. Mintaqaning bir qancha poytaxtlari allaqachon ichimlik suvi tanqisligini boshdan kechirmoqda, mashhur togʻli Issiqkoʻl esa sayozlashmoqda, deb yozadi Rossiyaning “Izvestiya” gazetasi.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, qurgʻoqchilik kelishmovchiliklar va katta migratsiya oqimiga olib kelishi mumkin.
Masalan, Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida bir yarim oydan beri qurgʻoqchilik davom etmoqda. May oyining oʻrtalaridan boshlab shaharning janubiy tumanlari va yaqin atrofdagi qishloqlarda jadval boʻyicha suv berila boshlandi. Mahalliy hokimiyat idoralari barqaror suv taʼminoti uchun suvni tejash maqsadida xususiy hammomlar, avtoyuvish joylari, suzish havzalari va hatto gilam yuvish joylarini yopdilar.
Biroq aholi suvning keskin tanqisligi va baʼzan joʻmraklardan keladigan suvning sifatsizligidan shikoyat qiladi. Oqibatda aholi vaziyatga norozilik bildirish uchun ikki marta koʻchaga chiqdi.
Suv taʼminoti bilan bogʻliq shunga oʻxshash muammolar Qozogʻiston poytaxti Ostonada ham paydo boʻlgan. Shaharda suvni uzish jadvali joriy etildi, resurslar yetishmasligi sababli suv taʼminotidagi bosim kamaydi. Aholi gigiyena muammolari, hojatxonadan foydalanishdagi cheklovlar va berilayotgan suv sifati haqida shikoyat qildi.
Shu kabi muammolar mintaqaning boshqa yirik shaharlarida ham kuzatilgan, bu yerda aholi suv taʼminotida cheklovlar va quvurlardagi suv bosimi past. Bunga quduqlarning qurishi va aholi sonining koʻpayishi sabab boʻldi, deyiladi nashrda.
Maqolaga koʻra, mintaqaning eng koʻp aholi yashaydigan shahri — Toshkent ham muammodan chetda emas. Elektr muammosi baʼzi joylarda suv muammosini keltirib chiqarmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Qozogʻiston Sirdaryodan foydalanish boʻyicha shartnomani qayta koʻrib chiqishi haqida xabar berilgandi. Amudaryoda qurilayotgan Qoʻshtepa kanali ham suv muammosi tahdidini kuchaytirmoqda.