Samarqandda yillar davomida hal etilmagan muammolar aniqlandi
Yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash uchun jami 38,1 km ichki yoʻllarga asfalt qoplamasi yotqizish va shagʻallashtirish ishlari bajarilgan.

Prezident topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatidagi muammolarni oʻrgandi. Unda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni oʻrganish va namunaviy koʻcha, obod xonadon tizimini joylarda tashkil etish hamda aholi bilan muloqot oʻtkazish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Prezident maslahatchisi oʻrinbosari boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tarkibiga Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining masʼul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Ishchi guruhlar tomonidan viloyatning 16 ta tuman va shaharlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir boʻlgan mahallalarda xonadonbay yurish orqali aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator muammolar aniqlandi. Misol uchun, Kattaqoʻrgʻon shahri, Jomboy, Bulungʻur va Narpay tumanlarida aholi uy-joylarining ichimlik suvi, elektr taʼminoti va ichki yoʻllar taʼmiri, Samarqand shahri, Payariq, Oqdaryo, Samarqand tumanlarida esa oilaviy shifokorlik punktlari yoki maktabgacha taʼlim maskanlari singari qator ijtimoiy soha obʼektlarining mukammal taʼmirga muhtojligi kabi masalalar.
Ushbu aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida Ishchi guruh masʼullari tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash uchun jami 38,1 km ichki yoʻllarga asfalt qoplamasi yotqizish va shagʻallashtirish ishlari bajarildi. Misol uchun Kattaqoʻrgʻon shahri “Nurobod” mahallasida 3,1 km, “Kunjupay” mahallasida 0,9 km, Bulungʻur tumani “Samarqand” mahallasida 1,8 km, Payariq tumani “Xalqobod” mahallasida 1,3 km, Narpay tumani “Oʻzbekiston” mahallasida 1,0 km, Samarqand shahri “Mulyon” mahallasida 1,2 km asfalt yotqizish ishlari bajarildi.
Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 3 dona transformator, 104 dona temir-beton tayanchlar oʻrnatish hamda 4,05 km yangi elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Jumladan, Bulungʻur tumanida 47 dona, Samarqand tumanida 23 dona tayanch ustunlar va Payariq tumanida, Kattaqoʻrgʻon shahrida 1 donadan transformator oʻrnatildi.
Ichimlik suvini yaxshilash borasida hududda 5 900 metr ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. Jumladan, Narpay tumani “Guliston” mahallasiga 1 000 metr, Kattaqoʻrgʻon tumani “Namozpolvon” va “Kumushqirgʻoq”mahallasiga 950 metr, Payariq tumani Chelak shahrida 800 metr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Shuningdek, Samarqand va Paxtachi tumanlarida qator suv inshootlaridagi suv nasoslari yangilab berildi.
Aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari ham Respublika ishchi guruhi eʼtibori markazida boʻldi. Ushbu maqsadda tijorat banklari tomonidan 1 971 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga 83,9 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida 397 taga 7, 8 mlrd. soʻm, savdo faoliyati yoʻnalishida 6 taga 535 mln. soʻm, xizmat koʻrsatish sohasiga 11 taga 13 mlrd soʻm, qishloq xoʻjaligi sohasiga 9 taga 5,8 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.
Shuningdek, 20 nafar fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarma”si mablagʻlari hisobidan subsidiya asosida jami 87,0 mln. soʻmlik tikuv mashinalari, 3 nafar fuqaroga qandolatchilik foliyatini boshlash uchun 3 dona 18,7 mln. soʻmlik pishiriq pechi va qishloq xoʻjaligi foliyati bilan shugʻullanish uchuna 16 nafar fuqaroga 97,9 mln. soʻmlik motokultivatorlar yetkazib berilgan.