Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari lavozimdan olindi
Prezident mahallada jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha yangicha ish tartibini belgilab berdi.

Prezident yigʻilishida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari N.Toʻraxojayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bunga tizimda raqamlashtirish ahvoli qoniqarsizligi va bu masalalar uchun masʼul oʻrinbosari zimmasiga yuklatilgan birorta vazifa oxirigacha yetkazilmagani sabab sifatida keltirilgan.
Prezident mahallada jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha yangicha ish tartibini belgilab berdi.
Ichki ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligiga:
- jinoyat qilishga moyilligi bor ogʻir ahvoldagi aholi bilan “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida ishlash boʻyicha “mahalla beshligi”ning vazifalarini aniq belgilab berish;
- yosh toifasi, ijtimoiy va moddiy ahvolidan kelib chiqib, ularning har bir guruhi uchun alohida metodika ishlab chiqish topshirildi.
Endi profilaktika inspektori hududida jinoyat qilishga moyilligi bor shaxslarni aniqlaydi, “mahalladagi beshlik” ularning muammolarini hal qiladi.
Avvalroq, yigʻilishda 15 ta IIB boshligʻi va 5 prokuror ishdan olingandi.