Prezident Fargʻonada besh amaldorni ishdan oldi
Fargʻona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan oʻz vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻonada oʻtayotgan yigʻilishda bir qator mulozimlarni ishdan oldi.
Jumladan, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Fargʻona viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A.Urinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S.Soliyev, Margʻilon shahar hokimi A.Ziyavitdinov va soliq boshligʻi T.Xusanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari, Bagʻdod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan eʼlon qilindi.
Fargʻona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan oʻz vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.
Yigʻilishda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, aholi yashash joyidan uzoqda joylashgani, suv taʼminoti ogʻirligi sabab 1 ming 157 gektar ekin yerlari tanlovga qayta-qayta qoʻyilmoqda.
Viloyatda ekinlarni yetishtirish uchun xarajatlar 1 sotix yer maydoniga oʻrtacha 220 ming soʻmni tashkil qilib, respublika oʻrtacha koʻrsatkichidan 1,5 barobar koʻp.
Shuningdek, oʻtkazilgan soʻrovlar natijasiga koʻra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam koʻrsatilmagan.
Inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlashda hokimlar tomonidan koʻrilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi, deyiladi xabarda.