Jamiyatning qancha qismi koʻpxotinlikka qarshi?
Soʻnggi yilda jamiyatimizda kurtak ota boshlagan illat, meʼyor va chegaradan chiqayotgan targʻibot va almashib qolayotgan tushunchalar haqida.

Soʻnggi yilda jamiyatimizda kurtak ota boshlagan illat – koʻpxotinlik targʻiboti. Ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot aylanayotgan har xil videolar, mashinalarga “1-xotinimga”, “2-xotinimga” deya yozilayotgan yozuvlar targʻibot vazifasini bajarmayaptimi? Toʻgʻri, hozir hazil deb istalgan holatini videoga olib chiqish “moda” boʻlgan. Lekin hamma narsada ham meʼyor, chegara degan narsalar borligini unutmaslik kerak! Negaki, mana shunday “ajoyib targʻibotlar” tufayli qanchadan qancha oilalar buzilib ketyapti. Oiladagi tortishuvlar sababli nima qilishini bilmay yurganlarga bu “yechim” vazifasini bajarmayaptimi? Aslida chorasizdek koʻringan oilaviy muammolarning yechimi paypoqdek xotin almashtirishda yoki xotinni 2 ta qilishda boʻlib qolmayaptimi? Vatanimizni rivojlantirish uchun yangi gʻoyalar, tashabbuslar, ixtirolar haqida soʻz yuritishni oʻrniga “qizlarni oʻqitmaslik, qadamini nazorat qilish hamda xotinni koʻpaytirish haqidagi maʼruzalarga toʻla ijtimoiy tarmoqlarni kuzatyapmiz.
Mana shunday maʼruza, ijtimoiy tarmoqlardagi har xil vaynlar tufayli bahsli mulohazalar insonni xavotirga solayapti. Ilmiy mavzudagi xabarlar bunchalar koʻp baxs-muzokaralarga sabab boʻlmaydi. Hayotimiz faqat shulardan iborat boʻlib qolayapti.
Insonlar juda sayoz fikrlab, hayotning asl mohiyatini unutib qoʻyayotgandek goʻyo.
Ijtimoiy tarmoqlarda video orqali ayollarga nisbatan zoʻravonlikka targʻib qilish haqiqiy epidemiyaga aylanib ulgurgandi. Zoʻravonlikka oid xabarlar avvalgidek etlarimizni junjiktirmay qoʻydi. Bora-bora aynan koʻpxotinlik targʻibotiga ham koʻzlar oʻrganib, quloqlarimiz qoʻshninikida toʻy, degan xabar eshitayotgandek hazm qiladigan ahvolga kelib qolmasak boʻlgani.
“Tushunchalar oʻrni almashib ketdi”
Taniqli oʻzbek blogeri, kolumnist Shahnoza Soatova ham bu masalada fikrlarini bildirib, tushunchalar oʻrni almashib ketganiga ishora qiladi.
“Ilgari qoʻshxotin haqida baralla aytishga har holda uyalishardi, endi buni yomon deganlarni uyaltirishyapti. Oila qurish — bir odam bilan taqdir bogʻlash va butun umr, to oʻlgunicha uning hayotiga masʼuliyatli boʻlish, deb oʻylaydiganlar qancha qoldi? Uylanishni ehtiyojni qondirish bilan bir qatorda taqqoslash ayanchli.
Ayollarga maslahatim: oʻqing, ishlang, oʻzingiz ham shunaqa mashinalarni ololasiz. Nimaiki, moddiy boylik boʻlsa, birga erishish mumkin, mehnat qilib hech kim oʻlmagan. Baxtli boʻlmoqchi boʻlgan inson harakat qilishi kerak. Qaysi er-xotin janjallashmapti, deysiz. Hayot achchiq-chuchugi bilan shirin. Xotin-qizlardan sabrli boʻlishni, vaqtlarini unumli oʻtkazishlarini, foydali narsalar bilan shugʻullanishlarini taʼkidlayman. “Ayol tilini, erkak koʻzini tiygan xonadonda 50 yillab janjal boʻlmaydi” – degan gap bejizga emas. Bu kabi mashinaga yozilgan yozuvlar, ijtimoiy tarmoqlarda har xil vaynlar tarqatib, insonlar ongini zaharlamasliklari kerak. Yosh avlodga qanday taʼsir oʻtkazayotgani haqida biror kim oʻylab koʻryaptimi? Toʻgʻri, har kim axborot olish va tarqatish huquqiga ega. Lekin insonlarda axborot tarqatish madaniyatini shakllantirish lozim. Shundagina ogʻriqli nuqtalarimizni epidemiyaga aylantirishdan uzoqroq boʻlamiz. Odam tana bilan boshlansa-da, tana bilan tugamaydi” deydi u.
“Koʻp xotinli boʻlish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi”
Sevara Oʻrinboyeva, Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi:
- Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq koʻp xotinli boʻlish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Shuningdek, bunday xabarlarning tarqalishi qonun hujjatlariga nisbatan hurmatsizlik boʻlishi bilan birga aholi oʻrtasida xuddi shunday hurmatsizlik kayfiyatining uygʻonishiga, bu orqali fuqarolarning davlat va uning organlariga boʻlgan ishonchining pasayishiga ham olib kelishi mumkin.
Bizning soʻrovnoma
Ijtimoiy tarmoqlar bugun biz uchun har eshikni ochadigan kalit vazifasini bajarmoqda. Bu kalitdan qanday eshik ochishimizga qarab, saviyamiz belgilanadi. Biz ham ana shu asosiy qurolimizdan foydalangan holda soʻrovnoma oʻtkazdik. Soʻrovnomamizda ishtirok etganlarning 60%i koʻpxotinlikka qarshi. Qolgan 40% esa dinda xotin koʻpaytirish “sunnat” ekanligini biladiganlardir.
Ayni shu mavzuda ayrim din vakillarining maʼruzalarida ham soʻnggi yillarda maslahat soʻrab keladiganlarning savoli ham qoʻshxotinlikni soʻrashdan iborat boʻlib qolgani haqida maʼlumotlar beriladi. Ammo ushbu holatlarning yanada ogʻriqlisi aynan koʻpxotinlik borasida tanlanayotgan nomzodlarning 4 farzandi bilan yolgʻiz qolgan beva ayollarga emas, yosh qizlarni 2-xotinlikka tanlayotganidir.
Dinimiz haqidagi maʼlumotlarda Paygʻambarimiz beva, tul, moddiy taraflama muhtoj aayollarni nikohiga olganligi haqida keltirilgan. Xulosa oʻzingizdan.
Gulshanoy ALIJONOVA