Yoshlar parlamenti raisining firmasi bir kunda qariyb 2,5 mlrd. soʻmlik tenderlarni qoʻlga kiritdi

Toshkent shahri Olmazor tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi oʻtkazgan 5 ta tenderning barchasini “INNOGROUP” MChJ qoʻlga kiritgan. Ushbu firmaning yagona taʼsischisi va direktori sifatida Toʻxtamurodov Behzod Toir oʻgʻli koʻrsatilgan. U 2022 yildan beri Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi hisoblanadi.

Davlat xaridlari
26-iyul 2023 yil
Yoshlar parlamenti raisining firmasi bir kunda qariyb 2,5 mlrd. soʻmlik tenderlarni qoʻlga kiritdi

Toshkent shahri Olmazor tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tumandagi 5 ta maktabga mexatronika xonasi va virtual reallik markazini tashkil qilish hamda jihozlash uchun 5 ta tender oʻtkazgan.

1-holat. Olmazor tumanidagi 234-maktabga mexatronika xonasi va virtual reallik markazini tashkil qilish hamda jihozlash uchun asbob-uskunalar sotib olish maqsadida 11 iyuldan 18 iyulga qadar 466 mln. soʻmlik tender oʻtkazilgan. Ushbu tenderda “INNOGROUP” MChJ gʻolib deb topilgan. Bundan tashqari, tenderda qatnashib, yutqazib bergan ikkinchi firma — “PROG LAN TEX SEYTEM SERVICE” MChJ.

2-holat. Olmazor tumanidagi 119-maktabga mexatronika xonasi va virtual reallik markazini tashkil qilish hamda jihozlash uchun asbob-uskunalar sotib olish maqsadida 18 iyuldan 25 iyulga qadar 493 mln. soʻmlik tender oʻtkazilgan. Ushbu tenderda ham “INNOGROUP” MChJ gʻolib deb topilgan. Tenderda yutqazib qoʻygan ikkinchi firma esa yana “PROG LAN TEX SEYTEM SERVICE” MChJ boʻlgan.

3-holat. Olmazor tumanidagi 133-maktabga mexatronika xonasi va virtual reallik markazini tashkil qilish hamda jihozlash uchun asbob-uskunalar sotib olish maqsadida 18 iyuldan 25 iyulga qadar 493 mln. soʻmlik tender oʻtkazilgan. Bu lotni ham “INNOGROUP” MChJ qoʻlga kiritib, “PROG LAN TEX SEYTEM SERVICE” MChJ yana yutqazib qoʻygan.

4-holat. Olmazor tumanidagi 191-maktabga mexatronika xonasi va virtual reallik markazini tashkil qilish hamda jihozlash uchun asbob-uskunalar sotib olish maqsadida 18 iyuldan 25 iyulga qadar 493 mln. soʻmlik tender oʻtkazilgan. Bu safar ham gʻolib — “INNOGROUP” MChJ, mabgʻlub — “PROG LAN TEX SEYTEM SERVICE” MChJ.

5-holat. Olmazor tumanidagi 224-maktabga mexatronika xonasi va virtual reallik markazini tashkil qilish hamda jihozlash uchun asbob-uskunalar sotib olish maqsadida 18 iyuldan 25 iyulga qadar 493 mln. soʻmlik tender oʻtkazilgan. Mazkur lotda ham “INNOGROUP” MChJ gʻolib deb topilgan va tenderda qatnashib, yutqzgan ikkinchi firma yana “PROG LAN TEX SEYTEM SERVICE” MChJ boʻlgan.

Yuqoridagi holatlardan koʻrinib turibdiki, Olmazor tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan va har biri qariyb 500 mln. soʻmni tashkil etgan 5 ta tenderning barchasini “INNOGROUP” MChJ qoʻlga kiritgan. “PROG LAN TEX SEYTEM SERVICE” MChJ esa barchasida yutqazgan.

Mazkur tenderlarni moliyalashtirish manbasi sifatida Xalq deputatlari Olmazor tumani kengashining 2023 yil 31 maydagi II-79-69-14-197-K/23-son qarori asos qilib koʻrsatilgan. Ammo e-qaror platformasida kengashning ushbu qarori jamoatchilik uchun yashirib qoʻyilgan.

“INNOGROUP” MChJ haqida

Davlat reyestriga koʻra, ustav fondi 10 mln soʻm boʻlgan “INNOGROUP” MChJ 2019 yil yanvar oyida ochilgan. Uning yagona taʼsischisi va rahbari sifatida Toʻxtamurodov Behzod Toir oʻgʻli koʻrsatilgan. Behzod Toʻxtamurodov 2022 yildan Oliy Majlis Senati huzuridagi yoshlar parlamenti raisi hisoblanadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+