Surxondaryo hokimi qamashni buyurdi, ammo keyinchalik bu rad etildi
Denovda oʻtkazilgan yigʻilishda Surxondaryo viloyat hokimi rahbarlarga tanbeh bergani, noqonuniy qilmishlari uchun fermerlardan birini qamoqqa olish boʻyicha topshiriq bergani aks etgan. Videotasvirda hokimning qamoqqa olish haqida aytgani aniq eshitiladi.

Joriy yilning 21 iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimovning mahalliy rahbarlar va fermerlar bilan uchrashuvi tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Unda qishloq xoʻjaligi boʻyicha Denovda oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat hokimi rahbarlarga tanbeh bergani, noqonuniy qilmishlari uchun fermerlardan birini qamoqqa olish boʻyicha topshiriq bergani aks etgan. Videotasvirda hokimning qamoqqa olish haqida aytgani aniq eshitiladi.
Taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, hokimlar fuqarolarni qamoqqa olish haqida bevosita buyruq berish vakolatiga ega emas.
Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda taʼkidlanishicha, videomaterialda 2023 yilning 4 iyul kuni Denov tumanining “Hazorbogʻ” hududida qishloq xoʻjaligi masalalariga bagʻishlab soha mutasaddilari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilish aks etgan. Unda viloyat hokimi tumandagi ayrim fermer xoʻjaliklari paxta dalalarida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish bilan bogʻliq muammolar mavjudligi, ajratilgan resurslardan maqsadsiz foydalanish holatlariga yoʻl qoʻyilayotganini tanqid qilib, mutasaddilarga mavjud holatlarni oʻrganish va noqonuniy xatti-harakatlarga huquqiy baho berish topshirigʻini bergan.
Yigʻilishdan soʻng esa xatti-harakatlariga huquqiy baho berish aytilgan fermer xoʻjaliklari rahbarlariga kamchiliklarini toʻgʻirlash uchun imkon berilgan va mavjud muammolar qisqa muddatda bartaraf etilgan. Hech qaysi fermer xoʻjaligi rahbari qamoqqa olinmagan, deyiladi hokimlik matbuot xizmatining bayonotida.