Oʻzbekistonda avj olayotgan “xavfli xoʻjayin”

"10 mln. soʻm yutqazganimda onam yigʻlab turib, “shu maqsadda farzand oʻstirganmidim?” – degan edi. Ushbu gap hali-hamon qulogʻimda jaranglaydi”, – deydi ismini oshkor etishimizni xohlamagan ishtirokchi. 

Maqola
21-iyul 2023 yil
Oʻzbekistonda avj olayotgan “xavfli xoʻjayin”

Bugungi kunda odamlarni tez jalb qiladigan narsa bu – pul. “Xavfli xoʻjayin” aynan shu tuzoq bilan oʻzbekistonliklarni domiga tortmoqda.

Norvegiyalik siyosatchi, Nobel tinchlik mukofoti laureati Kristian Lous Langening eʼtiroficha, “Texnologiya – foydali xizmatkor, ammo xavfli xoʻjayindir”. Bu iqtibosni mavzu boshida bejiz keltirmadik.

Soʻnggi ikki oyda nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham avj olgan onlayn oʻyin haqida qanday maʼlumotlarga egasiz? Internet oʻyinlaridan oz boʻlsa-da, xabardor boʻlgan inson “Metago” kabi onlayn oʻyinlarga ixsoslashgan saytlar moliyaviy piramida usulida faoliyat olib borishini bilishi kerak. Ammo xabardorligi boʻlmagan va tanish-bilishi, doʻstlari orqali eshitganlar bu tuzoqqa tushgach, oqibatda hatto oʻz joniga qasd qilishgacha borayotganiga ham guvoh boʻldik.

Onlayn oʻyinlar: nayranglarni ochiqlaymiz

Onlayn oʻyinga ixtisoslashgan saytlar toʻlaydigan foiziga qarab: 1 oydan 5 oygacha faoliyat olib borishi mumkin. U rejalashtirgan mablagʻni qoʻlga kiritgandan soʻng, sayt butunlay yopiladi. Ushbu jarayon moliyaviy piramida deb ataladi. Qancha kam foiz toʻlasa, sayt faoliyati shuncha koʻproq davom etadi, chunki qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan summasi foiziga qarab koʻproq vaqt talab qilishi mumkin.

Onlayn oʻyinlarga qiziqadigan insonlar bir ishni boshlashdan avval u platforma haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishi kerak emasmi?

Deylik, ayni shunday onlayn oʻyinlarga ixtisoslashgan “Metago” sayti haqidagi maʼlumotlarda 2017 yildan beri faoliyat olib borishi haqida yozilgan. Litsenziyada Kolorado shtatida Etan Jon Allan nomi bilan 2017 yil 17 mayda roʻyxatdan oʻtilgani koʻrsatilgan. Lekin litsenziyaning haqiqiyligini tekshirmoqchi boʻlsangiz, “tizimda xatolik” degan yozuvga duch kelasiz. Rostdan ham 2017 yilda ochilganmi-yoʻqmi? Bu savol javobini astoydil bilishga urinsangiz, 2022 yil avgust oyida faoliyatini boshlaganini bilib olishingiz mumkin. Ilova esa 2022 yil dekabr oyida pleymarketga joylangan. Lekin odamlar boshqa bir doʻstlarini taklif qilayotganlarida 1 yil, hatto 2-3 yildan beri ushbu onlayn oʻyinni oʻynab kelayotganini aytadi. Bu gaplarga soʻzsiz ishonadigan sodda odamlar tuzoqqa tushadi. Mart oyida ilovani 10 ming kishi oʻrnatgan edi. 1 oydan soʻng esa bu koʻrsatkich 100 mingni tashkil etgan. Shuncha foydalanuvchidan birortasi ilovaning qachon joylanganini ham tekshirib koʻrmagani achinarli holat, albatta.

Eng nozik tuzoq – bu pul!

Bugungi kunda odamlarni tez jalb qiladigan narsa bu – pul. Bu sayt ham ayni shu qiziqishlarni oʻziga “qopqon” qilib olgan deyish mumkin. Ammo taklif qilayotgan foizi haqiqatdan yiroq. Chunki oddiy bizneslarda ham yillik daromad 30-35% ni tashkil qiladi. Ushbu platforma esa yiliga 50-60% daromad berishni vaʼda qilgan. Mantiqan oʻylab qaraganda, nega bank xodimlari, katta biznesmenlar bu kabi oʻyinlarga investitsiya kiritmaydi? Hech qanday mehnat qilmasdan foyda koʻrish kimga yoqmaydi deysiz?!

Aybdor boʻlishingiz hech gapmas!

Oʻzbekistonda kriptovalyuta aktivlarini saqlash, ularning aylanmasi bilan shugʻullanish taqiqlanadi. Ushbu sayt elektron kriptovalyutada savdo qilish, yaʼni toʻlovlarni onlayn amalga oshirishni yoʻlga qoʻygan. Bu internet orqali toʻlangan mablagʻlarni kuzatish imkoniyatiga ega emassiz, degani. Chunki sayt bloklanib ketganda ham siz biror idoraga borib shikoyat qilolmaysiz. Agar murojaat qilgan taqdiringizda ham noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanganlikda ayblanasiz.

Jinoyat kodeksining 177-moddasida kriptavalyuta aktivlarini yoki bitkoinni qonunga xilof ravishda sotib olish va oʻtkazish, 190-moddasida esa litsenziyasiz, yaʼni ruxsat beruvchi hujjatisiz yoki bildirishnoma yubormasdan faoliyat olib borganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida yozilgan.

Treyder fosh etgan haqiqatlar

“Treyderlarga mablagʻ oʻtkazayotganda juda ham hushyor boʻlishi kerak. Insonlarda mediasavodxonlik, faktcheking darajasi ancha past. Treyderlarga eng koʻpi bilan 40 000$ pul oʻtkazganlar keyinroq mutaxassislarga yuzlanishadi. Ular soxta akkaunt, loxotron, moщennik” (tahr izohi: firibgar)larga katta mablagʻ oʻtkazgan boʻlishadi. Soxta akkaunt ekanini tushuntirishga harakat qilsangiz, nima u “loxotron” deydi. Odamlar peshona terisi bilan yillab yigʻgan pulini nimaga sarflab qoʻyayotganini bilmayapti. Platformalar haqida, treyderlar haqida maʼlumotga ega boʻlmay turib pul oʻtkazishadi” – deydi treyder Ismoilov.

Oddiy xalqning nozik tomonidan foydalanib...

Onlayn oʻyinlar, turli platformalarning nayrangini qanday aniqlash mumkin?

Birinchidan, biror vazifa bajartirish orqali pul toʻlashi. Bunga misol qilib Stepn krossovkalarini keltirish mumkin. Kuniga qanchadir kilometr piyoda yursa, yugursa, doʻstlarini taklif qilsa, mablagʻ toʻlashni vaʼda qilgan oʻyinlarga ishonib boʻlmaydi. Ular nega bunday oson yoʻllardan foydalanishadi? Chunki bu kabi oddiy shartlarni barcha qila olishi mumkin. Oddiy xalq bunga soʻzsiz ishonadi. Bu potensial auditoriyaning koʻpayishini taʼminlaydi. Auditoriya qancha koʻp boʻlsa, moliyaviy piramida, yaʼni rejalashtirilgan mablagʻ shuncha tez yigʻiladi.

Ikkinchidan, foydalanuvchilarga daraja qoʻyish. “Metago”da masalan, $50dan boshlangan eng oddiydan “vip” tarifigacha belgilab qoʻygani bu loxotron ekanining yana bir isbotidir.

Uchinchidan, har bir taklif qilgan doʻstingizga pul qoʻshib berishi. Foydalanuvchilarning sonini oshirish, koʻproq insonlarni jalb qilish onlayn platformalarning asosiy maqsadi. Birinchi oʻynashni boshlagan odamlarga pulini vaqtida foizi bilan qaytaradi. Bu bor-yoʻgʻi 1 oy davom etadi, xolos. Ushbu vaqtda oʻynab omadi kelib qolganlar oʻyinni ijtimoiy tarmoqlarda har xil videolar, kontentlar orqali yorita boshlaydi. Odamlar ushbu videoni koʻrgandan soʻng ishonadi, tekshirib koʻrmaydi, hatto qanday tekshirish kerakligini ham bilmaydi. Saytlar avvaliga, moliyaviy piramida shaklida yigʻilayotgan mablagʻlardan birini doʻppisini boshqasiga kiydirish bilan shugʻullanib keladi. Rejadagi summa toʻplangandan keyin hamma mablagʻni birdaniga yechib oladi. Aynan shu vaqtda kichik doʻppi hech kimning boshiga sigʻmay qoladi. Yaʼni hech kim oʻtkazgan pulini qaytarib ololmaydi. Sayt bloklangandan soʻng u ilova ham, u haqidagi maʼlumotlar ham uzogʻi uch kun ichida butunlay oʻchirib tashlanadi. Metago va shu kabi onlayn oʻyinlarga ishonib, bir yillik daromadini, hatto baʼzilar farzandining operatsiyasi uchun yigʻayotgan pulini tikib aldanib qolyapti. Katta mablagʻ yoʻqotgan qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz oʻz joniga qasd qilgani ham hech birimizga sir emas.

Har gal pul insondan afzalmi? Shuning uchun ham oʻzini oʻldiradimi, deymiz-u, nega odamlar bu darajada ishonyapti? Nega tekshirib koʻrmaydi? Nega u haqida maʼlumotga ega boʻlmay turib katta investitsiya kiritib qoʻyadi? Mana shunday aldovlarga, turli nayranglarga uchmaslik, insonlarda mediasavodxonlik darajasini oshirish, faktcheking oʻtkazish koʻnikmasini hosil qilish vaqti kelmadimikan? Qachongacha odamlar qalloblik va firibgarlik poydevoriga qurilgan onlayn oʻyinlarga qayta va qayta ishonaveradi? Buning natijasida suitsidning soʻnggi yillarda yuqori darajaga chiqib qolgani insonlarni xavotirga solmayaptimi?

Onlayn oʻyindan “ogʻzi kuygan”lar nima deydi?

Onlayn oʻyinga qiziqib, yaʼni koʻproq daromad olishiga ishonib oʻynagan insonlar bilan suhbatlashganimizda, platforma haqida hech qanday maʼlumotga ega emasligi, biri doʻstidan, boshqasi esa qarindoshidan eshitib, pul oʻtkazgani aniqlandi. Katta mablagʻ yoʻqotgan yurtdoshlarimizning baʼzilari oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgani, aksariyat oilalarda katta janjal boʻlgani haqida maʼlumotlar bor. Hattoki, Metago onlayn oʻyini bloklangan kun xavfsizlik tizimi xodimlari bozor va doʻkonlardan arqonlarni yigʻishtirib, olib qoʻygan vaziyatlar ham boʻlgani aytilmoqda. Bu ham yetmagandek bankdan kredit olib, oʻyinga yutqazib yuborgan hamyurtlarimiz u qarzini necha yillab uzadi? Bu kabi savollarning javobi hali-hamon ochiqligicha qolmoqda…

1xbet 2-3-yillar avval yurtimizda eng ommalashgan oʻyinlardan biri boʻlgan. Ushbu oʻyin tufayli koʻplab insonlar joniga qasd qilgan va yuzlab goʻdaklar tirik yetimga aylangan.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda soʻrovnoma oʻtkazib insonlar fikrini oʻrganganimizda, bir marta yutqazgandan soʻng nega yana qayta ushbu onlayn oʻyinni oʻynagani sababini bilishga urindik.

“Men 1xbetni talabalik vaqtimda ilk bor oʻynagandim. Avvaliga 100-200 ming soʻm yutganman, keyin esa birin-ketin magʻlub boʻla boshladim. Oʻyinga tikkan pullarimni qaytarib olish maqsadida yana oʻynayverdim. Natijada, 10 mln. soʻmdan ortiq mablagʻni qoʻldan boy berdim. Koʻz oldimda ota-onam moʻltirab turgan holatda gavdalanaverdi, shunda oʻyin oʻynashdan voz kechdim. Inson zoti nafsining quli boʻladi. Mehnat qilib pul topishdan koʻra, 2-3 soatda yotib pul ishlashni afzal koʻradi. Bir doʻstim 1xbet oʻyiniga juda ham oʻrganib qoldi. Boshida arzimagan pul yutib borgan sari kattaroq summa yutqazaverdi. Ota-onasi kontraktini toʻlash uchun bergan bor pulning hammasini oʻyinga tikib yubordi. 23 mln. soʻm qarzga botdi. Shunga qaramay, unda oʻynashga ishtiyoq yana ham kuchaydi. Xuddi barcha pullarini qaytarib oladigandek, oʻynayverdi. Tanishlaridan, kursdoshlaridan “tishimni davolatishim uchun pul kerak edi, hozir qiynalib turibman” – deya koʻpchilikdan qarz oldi. Natija esa hamon oʻsha-oʻsha. Hozir eslasam, yuragim orqaga tortadi. Hayoti izidan chiqib ketay, dedi. Uni har gal koʻrganimda vaqtida oʻynashni toʻxtatganimga shukur qilardim. Joniga qasd qilish darajasiga yetib kelgandi, yaxshi hamki, ota-onasi vaqtida xabar topdi va yana bir xatodan qaytarib qolishdi. Bu voqeadan soʻng qanday onlayn oʻyinlar chiqsa, hamma oʻynab koʻr, deb qiziqtirmoqchi boʻlsa ham, ancha uzoq turadigan boʻlganman. Chunki 10 mln. soʻm yutqazganimda onam yigʻlab turib, “shu maqsadda farzand oʻstirganmidim?” – degan edi. Ushbu gap hali-hamon qulogʻimda jaranglaydi”, – deydi ismini oshkor etishimizni xohlamagan oʻyin ishtirokchisi. 

Oʻzbekistonda bunga qarshi qanday yechim bor?

Millionerlar ham rejalashtirib, foyda-zararigacha taxminiy hisob-kitob qilib, keyin bir ishni boshlaydi. Bu maqolani yozishdan maqsad yurtimiz aholisini, yaʼni onlayn oʻyinlarga aldanib qolayotgan yurtdoshlarimizni real haqiqatdan xabardor qilish.

Bizningcha, insonlarning mediasavodxonlik va faktchekingga oid bilimlarini oshirish hamda yurtimizda onlayn oʻyinlarni hatto “vpn” bilan kira olmaydigan qilib bloklash – masalaning yechimi boʻla oladi. Ammo Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markaziga bu masalada murojaat qilganimizda, aniq bir narsa deyolmasliklarini bildirishdi. Ular hech narsa deyolmasa, oddiy aholi nima deya oladi?..

Gulshanoy Alijonova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+