Hindistonda kuchli yomgʻir katta falokatga sabab boʻldi
Musson yomgʻirlari daryolar va yer osti suvlarini toʻldirish uchun juda muhimdir, ammo toshqin har yili keng tarqalgan vayronagarchilikka olib keladi.

Hindistonning Maxarashtra shtatidagi qishloqda kuchli yomgʻir sabab boʻlgan koʻchki oqibatida kamida 10 kishi halok boʻldi, yana oʻnlab odamlar bedarak yoʻqoldi.
Qutqaruv guruhlari ayni damda olis, oʻrmonli Raigad tumanida yomgʻir talofotlariga qarshi kurashmoqda.
Maxarashtra shtatidan boʻlgan yuqori martabali amaldor Devendra Fadnavis koʻchkida 10 kishi halok boʻlganini tasdiqlagan.
"U yerda 200 dan ortiq odam istiqomat qiladi, biz hozirgacha 70 ga yaqin odamni qutqardik, ulardan 21 nafari yarador", dedi Fadnavis payshanba kuni ertalab.
Politsiya zobiti Harish Kalsekarning AFPga aytishicha, vayronalar ostida 50 ga yaqin odam qolib ketgan boʻlishi mumkin
“Yomgʻir yogʻyapti, yerlar yumshagan, shu sabab u yerga ogʻir texnikani olib borib boʻlmaydi”, deydi u.
Ichki ishlar vaziri Amit Shoh “odamlarni voqea joyidan evakuatsiya qilish va jarohatlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish” ustuvor vazifa ekanini aytdi.
Hindiston iyun oyida musson mavsumi boshlanganidan beri yomgʻirlar ostida qoldi, oqibatda suv toshqinlari va koʻchkilar koʻplab odamlarning hayotiga zomin boʻldi.
Musson yomgʻirlari daryolar va yer osti suvlarini toʻldirish uchun juda muhimdir, ammo toshqin har yili keng tarqalgan vayronagarchilikka olib keladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, iqlim oʻzgarishi butun dunyo boʻylab ekstremal ob-havo hodisalari sonini koʻpaytirmoqda, Hindistonda toʻgʻon qurish, oʻrmonlarni kesilishi va boshqa taʼsirlar muammolarni koʻpaytirmoqda.