Oʻzbek xalqini tahqirlashda davom etayotgan “Uzavtomotors”

Hamyonbop avtomobillar uchun shartnomalarni toʻxtatgan, ammo eksporti bilan maqtanayotgan “Uzavtomotors”ning oʻzbek xalqiga zarari va kerak boʻlsa, xiyonati haqida mulohazalar.

Maqola
19-iyul 2023 yil
Oʻzbek xalqini tahqirlashda davom etayotgan “Uzavtomotors”

Sobiq sovet paytida mashina olish uy olish kabi qiyin, hatto undan ham qiyinroq boʻlgan.

Odamlar yengil avtomobil sotib olish uchun 10-15 yil navbatda turishgan. Chunki avtomobil kam ishlab chiqarilgan. Planli iqtisodiyot hukmron boʻlgan. 10 yillik navbatni hech qursa 5 yilga tushirish uchun odamlar katta pora berishgan.

Oʻzbekiston mustaqil boʻldi. Avtomobil zavodi qurilib, dunyodagi kam sonli avtomobilsozlik sanoati mavjud davlat roʻyxatiga kirdi. Xalqimiz avvaliga xursand boʻldi, faxr tuygʻusini his qildi. Ammo keyin yil sayin bu faxr oʻrnini nafrat egallay boshladi.

Sababi oʻz foydasini davlat manfaatidan ustun qoʻyuvchi tizim masʼullari Oʻzbekistondagi avtomobil sotish tizimiga ham xuddi sovet paytidagi tartibni tatbiq etishdi. Butun dunyoda mashina xuddi boshqa isteʼmol tovarlari kabi doʻkonda turadi. Borib pulini toʻlaysiz va olib minib ketasiz. Lekin ayrim nafs quli boʻlganlarning “sharofati” bilan Oʻzbekistonda sobiq sovetlardan qolgan manfur tizimdan ham yomonroq tizim yaratildi. Boz ustiga, Oʻzbekistondagi tizimda mashinaning pulini avvaldan toʻlaysiz va kutasiz. Zavod 1 yil shu mablagʻni aylantirib koʻradi. Sizning mashinangiz chiqaman deguncha mashina narxlari koʻtarilib turadi. Pulingizni bir yil aylantirib foyda koʻrgan muttahamlar yana oʻsha yangi narx uchun sizdan qoʻshimcha pul ham olishadi.

Buning ustiga zavod umuman “risk” qilmaydi: avval pulingizni olib, keyin mashina yasab beradi. Mashinam sotilmay qoladi, deb qoʻrqmaydi.

Chetdan qaragan odam hayron qolishi mumkin, “shuncha noinsoflik qilayotgan ekan, boshqa mashina ol” deyishi mumkin. Alam qiladigani shundaki, buning iloji yoʻq, chunki tanlov yoʻq. Bu zavod qurilganidan beri xorijdan olib kiriladigan avtomobillar uchun bojxona boji (“rastamojka”) koʻtarib qoʻyilgan. Natijada, xorijdan 10 soʻmga olgan mashinangiz bojxonadan oʻtgach, 20 soʻmga tushadi. Undan koʻra, Oʻzbekistondagi tannarxi 5 soʻmlik mashinani 15 soʻmga olishga majbur boʻlasiz. Keyin esa oʻsha navbat, shartnomalar berishdagi oʻyinlar, qaysidir modellar yigʻilishi va shartnomalar toʻxtatilgani haqidagi xavotirlar, liniyasining tayini yoʻq oʻyinlar boshlanadi. Navbatlar, hatto navbatni tezlatish uchun kimlargadir pora berishlar kabi chigʻiriqlardan oʻtishga majbur boʻlasiz.

Buning ustida zavod soyasida kun koʻruvchi ayrim nafs qullari mashinadagi ballon va yana allambalo ehtiyot qismlarning zavodda qoʻyilgan originallarini olib qolib, Xitoydan keltirilgan arzon analoglari bilan alishtirishadi. Keyin xuddi shu qismlarni avtosalonning yonginasida turib sotishadi. Mashina olgan fuqaro yana oʻz puliga oʻzining ehtiyot qismlarini qayta sotib olishga majbur boʻladi.

Buyam kamlik qilgandek, oxirgi paytlarda ushbu zavod laqabli “mashina yigʻish sexi” hech qanday ogohlantirishsiz mashinalarni biror detallarsiz chiqarishga oʻtib olgan. Bir qarasang magnitolasi yoʻq, bir qarasang ABS yoʻq... “Eplolmasang yigʻishtir karam shoʻrvangni”, degingiz keladiyu, aytolmaysiz. Chunki shu karam shoʻrvani xoʻrillatib ichayotgan, uning daromadidan xorijda falon million dollarlik villalar sotib olayotganlarning jahli chiqadi...

E, yana bir gap: Oʻzbekistondagi avtomobil ishlab chiqarish tizimidagi “kashfiyotchi”lar kayfiyatiga qarab narxni oshirib qoʻyaverishiga nima deysiz? Buning uchun turli bahonalarni qalashtirib tashlayveradi.

Oʻzi bunday oson va moʻmay, lekin nohalol pul ishlash qaysi davlatda bor? Xalqni jazolashga kelganda xalqaro standartlar va xorijdagi sharoitlarni pisanda va roʻkach qiladigan hukumat nega shu yerga kelganda boshqa davlatlardagi vaziyatni unutib qoʻyadi?

Liniyasining tayini yoʻq, yolgʻonchi tizim

Zavod laqabli ushbu “mashina yigʻish sexi”ning erkaliklari haddidan oshib, quyushqondan chiqib ketganiga ancha boʻldi. Shu bois Yangi Oʻzbekiston islohotlarida bu masala ham kun tartibiga chiqdi. Yaʼni 2018 yil 19 may kuni Ulugʻnor tumani hokimligida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yigʻilishda “Andijonda katta korxonalar yoʻq, masalan, Fargʻonada katta neftni qayta ishlash zavodi, kimyo zavodi bor. U mashina zavodi (GM Uzbekistan Asaka avtomobil zavodi - tahr.) nomigagina, hech kimga foydasi yoʻq. Bunday zavoddan oʻnta qilsa, foydasi bor. Raqobat boʻlardi. Bu mashina zavod uchun oʻtgan 27 yil ichida juda koʻp imtiyozlar berildi, soliqdan ozod etilgan, lokalizatsiya kam qilyapti. Bu zavod aholini yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlab bermaydi. Shuning uchun, Andijonda hayot sharoitini yaxshilab berishimiz kerak”, degan edi.

2021 yil 20 avgust tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chogʻida ham General Motors avtomobil zavodi faoliyati haqida gapirib, prezident: “Asaka avtomobil zavodi hech qachon Oʻzbekiston xalqiga foyda keltirmagan” deya baralla aytgani koʻpchilikni xursand qildi. Nihoyat, Oʻzbekistondagi eng befoyda, befoyda boʻlsa ham goʻrga edi, gʻirt zarariga ishlayotgan bir monopol ajdahodan qutular ekanmiz, degan umid uygʻondi.

Prezident soʻzida davom etib, “Eksportga yuborgan mashinamizni ichki bozorga nisbatan 30-40 foiz arzonroq qilib sotar edik. Chegaradan oʻtkazib qoʻyar edik-da, eksport qilyapmiz, deb, gʻoʻddayar edik. U eksport emas, balo edi. Andijon mashina zavodi 3-4 yildan keyin bizga kerak ham emas. Nimaga desangiz, mana Toshkent viloyatida, Namanganda ochilyapti, Jizzaxda hech kim tasavvur qilmagan 2-3 ta zavod ochyapmiz. Shuning uchun biz Andijon zavodini koʻrsatganimizda ham faqat rasmini koʻrsatar edik, binosi chiroyli edi. Iqtisodiyoti maʼqul emas edi” deganida esa hamma xotirjam nafas oldi. Bizda islohotlar faqat birinchi rahbarning siyosiy va shaxsiy irodasiga bogʻliqligi bois xalq bu gaplardan amaliy natija kutib ishondi.

Shu gaplarga ham 2 yil boʻlib qoldi. Ammo zavodning xalq ustidan kulishlari kuchaysa kuchaydiki, pasaymadi, battar boʻlyapti.

Istagan paytida shartnomalarni toʻxtatib qoʻyadi. Istagan paytida falon avtomobil sotilishi toʻxtatiladi, deb eʼlon qiladi. Na mijozlarini hurmat qiladi, na oʻzini, na Prezidentning gapini nazar pisand qiladi. Bunday munosabatni esa kerak boʻlsa, xalqqa xiyonat deb ham izohlash mumkin.

Buning ustiga shartnomalar toʻxtatilsa ham, mashina sotilmasa ham, negadir bu “mashina yigʻish sexi”da ishlab chiqarish davom etaveradi. Mashinalar qayergadir sotilaveradi.

Avvalroq, xabar qilganimizdek, may oyida “Oʻzavtosanoat” AJ bosh tuzilmaviy korxonasi uchun rekord darajadagi avtomobillar ishlab chiqarish bilan yakunlandi, deb maqtangan AJ axborot xizmati.

Ammo barcha mashinalar uchun shartnomalar toʻxtatilgan, avtomobillar kim uchun chiqarilgani ochiqlanmagan. Aytilishicha, 39 mingdan ziyod mashina ishlab chiqarilgan. Ularning 92 foizi ichki bozorga yoʻnaltirilgan.

Avtomobillar sonini koʻpaytirish maqsadida zavod 24/7 ish rejimiga oʻtkazilgani iddao qilingan. Ammo xalq uni sotib ololmasa, sotuvga qoʻyilmasa, unda mashinalar faqat eksport uchun yoʻnaltirilyapti, degan xulosa paydo boʻladi.

Lokallashtirish boʻlsa, nega toʻsatdan mashina ishlab chiqarish toʻxtatiladi? Kuzov, shassi va motor kabi qismlar oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan boʻlsa, nega 3-4 yil yigʻib chiqarilgan model shartta toʻxtatilib, yana boshqa modelga oʻtiladi. Avvalgi qoliplar va sexlar isrof boʻlib ketaveradimi shunda?

“Iltimos, meni kamroq uring”

Shu oʻrinda “mashina narxlari arzonlashsin”, “navbatlar qisqartirilsin” deb yalinib-yolvorayotgan xalqimizni koʻrib, ham rahming keladi, ham nafrating qoʻziydi. Tasavvur qiling, biror oyogʻi yerdan uzilgan amaldor biqiningizga xoda tiqib qoʻysa, siz undan xodani olib tashlashni TALAB qilish, uni jazolatish oʻrniga “aka, iltimos, xodani sal chiqarib qoʻying”, deb iltimos qilmaysiz-ku. Hukumatdan narxlarni arzolanlatish yoki uzun navbatlarni qisqartirishni soʻrab iltijo qilish ham shunga oʻxshagan gap. Haqqingizni poymol qilayotgan monopol tashkilotga “haqqimni kamroq poymol qil” deb yalinmaslik kerak, “hoy noinsof, haqqimga tegma” deyish kerak.

Kimga foyda?

Aytishlaricha, eramizning I asrida yashagan mashhur Rim yuristi Kassian Longin Ravilla jinoyat ishini koʻrayotgan sudyalarga mazkur jinoyatni sodir etishdan kimga foyda, kim bundan yutadi, (Cui prodest? Cui bono?) degan savol qoʻyishni tavsiya qilgan. Bunday savolga javob izlash alal-oqibat, yoki jinoyatni sodir etgan shaxsga, yoki uning orqasida turgan va uni shu ishga yoʻllagan shaxsga olib boradi.

Biz ham “Oʻzavtomotors” degan zavod, yoʻgʻ-yey “mashina yigʻish sexi”, “rastamojka”ni ochmaslik bilan bogʻliq barcha muammo va mashmashalarda kimga foyda, kim bundan yutadi, savolini qoʻyishimiz kerak. Har holda bu zavodning, yoʻgʻ-yey, mashina yigʻish sexining, prezidentimiz ayganidek, Oʻzbekiston xalqiga keragi yoʻq, foydasi ham yoʻq. Har yili xalq pulidan millionlab dollar tekin pul beriladi, soliq va bojxona toʻlovlaridan ozod, yana tagʻin mijozlarni mensimaydi. Demakki, bu “mashina yigʻish sexi” kimgadir foydali, qaysidir shaxslar guruhiga daromad keltirmoqda. Xalq pulini tuya qilib yashamoqda.

Maqolani shu yerigacha oʻqishga sabringiz yetgan boʻlsa, sizda ham quyidagi savol tugʻilgan boʻlsa kerak: xoʻsh, xalqni shu qadar mensimayotgan zavodning ishlashidan kim manfaatdor? Uning qaysi muhtaramlarga, yoʻgʻ-yey, muttahamlarga foydasi bor?

Darvoqe, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan avtomobil ishlab chiqarish borasida yana bir uchqun porladi: sal avvalroq yurtimizda “rastamojka”lar nomiga boʻlsa-da, ochildi, davlat rahbari yana 4 ta zavod ish boshlashi haqida maʼlum qildi. Balki endi avtomobil xaridi haqidagi oʻylarimiz yechim topar? Ammo xavotir ham yoʻq emas. Chunki ikki yil avval Prezident tanqididan xulosa chiqarmagan zavod yana avtomobil ishlab chiqarishi kutilayotgan 4 ta raqobatchi zavodga chap bermasligiga kafolat yoʻq. Shunday ekan, vaqt oliy hakam, kuzatamiz va kutamiz.

Abulfayz Saidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+