Sirdaryo hokimi 2 mlrd.dan koʻp pul sarfladi
Turli sohalardagi ishlar uchun davlat byudjetidan umumiy qiymati 2 mlrd. soʻmdan ortiq pul ajratilgan.

Sirdaryo viloyati hokimi turli sohalardagi ishlar uchun davlat byudjetidan umumiy qiymati 2 mlrd. soʻmdan ortiq pul ajratgan.
Xususan, Sirdaryo tumanidagi nogironligi boʻlgan ayollar uchun “Muruvvat” internat uyining tashqi kanalizatsiya tizimi qurilishi uchug 997 million soʻm viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUKga ajratilgan.
Xususiy sherikchilik asosida isitish tizimiga oʻtayotgan ijtimoiy soha muassasalarini isitish tizimlarini modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarga 500 million soʻm mablagʻ yana shu DUKga oʻtkazilgan.
Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikda Guliston shahrining transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasini ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlarga esa 816 million soʻm mablagʻ Guliston shahar mahalliy byudjetiga berilgan.
Joriy yil 15 maydan 21 mayga qadar “Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” munosabati bilan oʻtkazilgan tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash uchun 80 million soʻm mablagʻ viloyat hokimligiga ajratilgan.