Isroil Oʻzbekistonda byuro ochishni koʻzlayapti
Ikki davlat ekspertlari oʻrtasida maqsadli hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.

Isroilning Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi Oʻzbekistonda qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha ekspertiza byurosini ochishi mumkin.
Tel-Avivda safarda boʻlib turgan Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev va Isroil qishloq xoʻjaligi vaziri Avi Dixter oʻrtasidagi uchrashuvda ushbu masala muhokama qilingan.
Shuningdek, uchrashuvda zamonaviy suv xoʻjaligini rivojlantirish, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va Isroilning ilgʻor tajribalarini oʻrganish yuzasidan fikr almashilgan. Ikki davlat ekspertlari oʻrtasida maqsadli hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Isroilning suv resurslarini boshqarish va tartibga solish sohasidagi tashkilot va korxonalar faoliyati bilan ham tanishgan. Xususan, Isroil davlat suv taʼminoti va kanalizatsiya boshqarmasida Oʻzbekiston tomoni Isroilning “Mekorot” milliy kompaniyasi boshqaruvidagi “Shafdan” oqova suvlarini tozalash inshooti faoliyati bilan tanishgan.
Bir qator korxonalar oqova suvlarni tozalash, saqlash va suv isteʼmolchilarining asosiy guruhlari oʻrtasida taqsimlash, suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, irrigatsiya sohasida innovatsion yechimlar boʻyicha oʻz tajribalarini taqdim etgan.