Prezident Italiyaga uchib ketadi
Oʻzbekiston bilan Italiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni va ustuvor yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-9 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Italiyaga boradi. Italiya prezidenti Serjo Mattarella taklif qilgan.
Oliy darajadagi uchrashuvlar Rim shahrida boʻlib oʻtadi. Shavkat Mirziyoyev Serjo Mattarrella va bosh vazir Jorja Meloni bilan muzokaralar oʻtkazadi.
Oʻzbekiston bilan Italiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni va ustuvor yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqiladi. Xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston yetakchisi bosh qarorgohi Italiya poytaxtida joylashgan Birlashgan Millatlar Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dunʼyuy bilan uchrashuv oʻtkazadi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi Milan shahrida boʻlib oʻtadi — Oʻzbekiston prezidenti Lombardiya provinsiyasi gubernatorini qabul qiladi hamda Italiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazadi.