Qatar amiri ilk marta Oʻzbekistonga keladi
Mehmon tashrifining asosiy tadbirlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi.

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5-6 iyun kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi.
Qatar amirining bu tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarning 25 yildan ziyod tarixida birinchisi boʻladi.
Uni prezident Shavkat Mirziyoyev taklif qilgan. Mehmon tashrifining asosiy tadbirlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi.
Muzokaralarda Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari: faol siyosiy muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhokama qilinadi.
Uchrashuv yakunida salmoqli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar toʻplami imzolanishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Singapur prezidenti ham Oʻzbekistonga ilk bor tashrif buyurgandi.




