Nihoyat! Ijtimoiy xizmatlar yagona tizimga birlashtirilyapti

Hukumatdagi “kursi”lar va ish samaradorligi, yaʼni funksionalligi toʻgʻri proporsional emasligiga ishonch hosil qilish uchun xorijiy davlatlar, ayniqsa rivojlangan davlatlardagi vaziyat bilan tanishish kifoya qiladi.

Jamiyat
3-iyun 2023 yil
Nihoyat! Ijtimoiy xizmatlar yagona tizimga birlashtirilyapti

Oʻzbekiston prezidentining ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash, samarali nazorat qilishga qaratilgan farmoni eʼlon qilindi. Farmon ijtimoiy xizmatlar yagona tizimga birlashtirilishini koʻzda tutadi.

“Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada eʼlon qilingan ijtimoiy davlat tamoyillarini inobatga olgan holda, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash, aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish hamda mazkur sohaga ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan yangi boshqaruv tizimini joriy etishga qaratilgan.

Nima oʻzgarishlar kutilmoqda?

Yangi farmonga koʻra, prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, shuningdek, uning Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tuman(shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etiladi.

Agentlik bir qator davlat tashkilotlari — Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Sogʻliqni saqlash, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Ichki ishlar, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari hamda Milliy paralimpiya qoʻmitasi tarkibidagi ijtimoiy himoya bilan shugʻullanuvchi tuzilmalar asosida shakllantiriladi.

Mazkur farmon ayni paytda nihoyatda dolzarb hisoblanadi. Maʼlumki, har qanday siyosatni yuritish uchun tegishli byurokratik apparat va tuzilmalar shakllantiriladi, ularning oʻzaro muvofiqlashgan holda, kam resurs va vaqt sarflagan holda samarali faoliyat koʻrsatishiga erishish uchun harakat qilinadi. Lekin har doim bu maqsadga yetish oson emas. Bu boradagi saʼy-harakatlar oxirgi yillarda hukumat oldidagi eng ustuvor maqsadga aylangan. Jumladan, joriy yilning yanvar oyida maʼmuriy islohotlar boʻyicha ikkinchi bosqichga qadam qoʻyildi. Natijada hukumatga boʻysungan ijroiya hokimiyati organlari soni 61 dan 28 taga qisqartirildi. Vazirliklar soni 21 taga tushirildi. Hukumat tarkibida esa bosh vazirning 8 oʻrinbosari oʻrniga faqat 4 ta oʻrinbosari qoldirildi.

Hukumat tarkibida lavozim egalari, masʼul hamda javobgar shaxslar, turli idoralarning koʻpligi ish sifati yaxshilanishiga olib kelmaydi. Aksincha, ogʻirlashib ketgan maʼmuriyat apparati byudjet pullarini beayov isrof qilishi bilan birga, qarorlarning qabul qilinishi va ijro etilishini sekinlashtiradi, qayta-qayta kelishuv va muvofiqlashtirishlar vaqtni oladi. Buninng ustiga, bir-birining vazifalari va javobgarligini takrorlovchi tuzilmalar qancha koʻp boʻlsa, samarali faoliyat taʼminlanishi oʻrniga, xalaqit beruvchi toʻsiqlar koʻpaygani qoladi xolos. Chunki 40 ta oyoq faqat qirqoyoqqa yarashadi, odamga 40 ta oyoq berilsa, tezroq yugura olmaydi – chalkashib, yiqilib tushadi xolos.

Choʻpon koʻp boʻlsa...

Hukumatdagi “kursi”lar va ish samaradorligi, yaʼni funksionalligi toʻgʻri proporsional emasligiga ishonch hosil qilish uchun xorijiy davlatlar, ayniqsa rivojlangan davlatlardagi vaziyat bilan tanishish kifoya qiladi. Masalan, eng ixcham hukumat Islandiyada: u yerda ayol bosh vazir va 11 nafar vazir davlatni boshqaradi xolos. Lekin Democracy Index 2022 maʼlumotlariga koʻra, bu davlatda funksionallik darajasi 9,64, yaʼni eng yuqori koʻrsatkichga ega.

Hukumat tepasida eng koʻp amaldorlar boʻlgan (bosh vazir va uning 10 nafar oʻrinbosari, 20 nafar vazir) Turkmanistonda esa jahon davlatlari orasida funksional samaradorlikning eng past koʻrsatkichi (0,79) qayd etilgan.

Rivojlangan davlatlardan biri Buyuk Britaniyada bosh vazir va uning bir nafar oʻrinbosari va 26 vazir boʻlgani holda funksionallik koʻrsatkichi 7,50 ga, Germaniya hamda Finlandiyada 1 nafardan bosh vazir (birorta ham oʻrinbosari yoʻq!) boʻlgani holda tegishli koʻrsatkich mos ravishda 8,57 va 9,64 ga teng.

Markaziy Osiyo mintaqasida funksionallik boʻyicha reytingda avval Qozogʻiston, keyingi oʻrinlarda Tojikiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston turibdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Rossiya hatto Tojikistondan ham pastki oʻrinda. Oʻzbekistonda bosh vazir, 4 nafar oʻrinbosari va 21 nafar vazir boʻlib, hukumatning funksionallik darajasi 1,86 ga teng. Bundan koʻrinadiki, yuqorida zikr etilgan farmon ayni sharoitda gʻoyat dolzarb hisoblanadi.

Farmon ijrosi ijtimoiy himoya sohasiga qanday taʼsir qiladi?

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish koʻlami va turlarini kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YaIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam taʼminlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga koʻpaydi hamda nogironligi boʻlgan shaxslar va bolalarning parvarishi bilan band boʻlganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida boʻlishining belgilanganligi mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etayotgan edi.

Bu nimani anglatadi?

Eng avvalo, shuni unutmaslik kerakki, turli tashkilotlar tarkibidagi mazkur tuzilmalar garchi bir maqsadga – aholining yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan va kam taʼminlangan qatlamlarining ijtimoiy himoyasini taʼminlashga xizmat qilsa-da, yagona harakatlar rejasi va muvofiqlashtirilgan faoliyatni tashkil eta olmasdi. Byurokratik toʻsiqlar va turli tuzilmalar oʻrtasidagi maʼlumot almashinuvining murakkabligi ham buning asosiy sabablaridan hisoblanadi. Endilikda bu tuzilmalarning yagona agentlik tarkibida faoliyat yuritishi koʻpgina toʻsiqlarni bartaraf etadi, ijtimoiy himoyaga qaratilgan qarorlarni qabul qilish va ijro etish tezligi hamda samarasini oshiradi, fuqarolarga xizmat koʻrsatish hamda sohani nazorat qilish sifatini yuksaltiradi. 

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hukumati bir haqiqatni – faoliyatni yaxshilashga javobgar amaldorlarni koʻpaytirish bilan emas, tizim funksionalligini takomilashtirish bilan erishish mumkinligini anglab yetmoqda. Albatta, bu yoʻldagi dastlabki qadamlar kutilgan natija beradimi, yoʻqmi, vaqt koʻrsatadi. Biroq bu islohotlarga kuch beruvchi asosiy va muhim omil - hukumat siyosiy irodasining sobitligi va qatʼiyligi koʻngilda umid uygʻotadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+