platina.uz
Jahon

“Fantom ogʻriqlari”: rossiyalik deputat Oʻzbekiston shaʼniga xavotirli bayonot berdi

Rossiyaga qarshi hozircha eʼtiroz bildirmay kelishlaridan ruhlangan rus amaldorlari endi jinoyat kodeksidagi “xorijiy urush va armiyalarga yollanishga” taqiqni ham olib tashlash tarafdori.

“Fantom ogʻriqlari”: rossiyalik deputat Oʻzbekiston shaʼniga xavotirli bayonot berdi

Rossiya davlat dumasi deputati Sergey Mironov Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Oʻzbekistonda oʻz fuqarolarini, Rossiya hukumatining taʼbiri bilan aytganda, “maxsus harbiy operatsiya”, aslida esa Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun qamoqqa tashlashlarini bemaʼnilik deb atadi.

Shuningdek, Mironov bu davlatlar EOII aʼzosi va kuzatuvchisi ekanini taʼkidlab, bu masalani xalqaro darajada hal etishni taklif qildi.

Sergey Mironov Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston Ukrainada jang qilayotgan oʻz fuqarolariga nisbatan jinoiy javobgarlik qoʻllayotganidan noroziligini Twitter’dagi sahifasidagi videomurojaatida maʼlum qilgan.

“Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida aʼzo va kuzatuvchilardir. Agar ushbu mamlakatlar fuqaroligiga ega rus fuqarosi oʻz tarixiy vataniga yordam berishga va MHOga borishga qaror qilsa, u qamoqqa joʻnatiladi. Bu bemaʼnilik! Biz bu masalani xalqaro darajada hal qilishni taklif etamiz!”, degan Sergey Mironov.

Gap shundaki, Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatida xorijiy armiyalarda harbiy xizmat oʻtish katta jinoyat hisoblanadi va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin. Ilk pretsedent Qirgʻizistonda roʻy berdi: Ukrainadagi urushda Rossiya tarafida urishib omon qolgan qirgʻizistonlik 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Rossiya hukumati oʻzaro kelishuvlar va Markaziy Osiyo xalqining hurmatiga bepisandlik qilib, mehnat muhojirlarini turli vositalar va uslublar bilan muttasil urushga yollash uchun harakat qilib kelmoqda. Rossiyaga qarshi hozircha eʼtiroz bildirmay kelishlaridan ruhlangan rus amaldorlari endi jinoyat kodeksidagi “xorijiy urush va armiyalarga yollanishga” taqiqni ham olib tashlash tarafdori.

Qayd etish joiz, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan soʻng 700 ming rus fuqarosi ushbu adolatsiz va noinsoniy urushda qatnashishni istamagani bois mamlakatni tark etib, xavfsiz davlatlarga chiqib ketgan.

Ukrainaning 4 viloyatini anneksiya qilib, qolgan qismini ham bosib olish uchun olib borayotgan urushda ayrim manbalarga koʻra, 300 mingga yaqin rus askari halok boʻlgan yoki nogiron boʻlib qolgan. Pashshadek qirilayotgan rus armiyasini toʻldirish uchun Rossiya hukumati asosan qamoqdagi mahbuslarni, etnik rus boʻlmagan fuqarolarni, shuningdek, markaziy osiyolik mehnat muhojirlarini aldov va qoʻrqitish yoʻllari bilan urushga joʻnatishga urinyapti. Hatto begunoh migrantlarga narkotik tashlab yoki narkokurerlikka jalb qilib, qamoqqa olib, keyin urushga joʻnatishyapti.

Ayrim ekspertlarning bildirishicha, bu avvalo, mamlakatda xalq noroziligi kelib chiqishidan hadiksirash boʻlsa, ikkinchidan Rossiyaning millatchi hukumati shu yoʻl bilan rus boʻlmagan millatlarni urush bahonasida yoʻq qilib, oʻziga xos etnik tozalash oʻtkazmoqda. Janglarda nafaqat sobiq migrantlar, balki Rossiyaning etnik respublikalari – Buryatiya, Chuvashiya va Dogʻiston kabi hududlarda yashovchilar koʻproq halok boʻlyapti.

Sergey Mironovni ham bir jihatdan “tushunish” mumkin. Tibbiyotda “fantom ogʻriqlari” tushunchasi bor. Qoʻl yoki oyogʻi kesib tashlangan insonlar ham baʼzan qoʻl-oyoqlari qichishayotgani yoki qattiq ogʻriyotganidan shikoyat qilishadi. Bu miyadagi taʼsir markazlarining qoʻl yoki oyoq yoʻqotilganidan bexabarligi bilan bogʻliq deyishadi. Ayni paytda rus amaldorlarining bu kabi chiqishlarini “fantom ogʻriqlari” desak boʻladi. Rossiya oʻz mustamlakalaridan ayrilgan esa-da, hamon “fantom ogʻriqlari”ni his qilib turadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid