Bolalarni kitobga qaytarish uchun yozuvchilar yetarlimi? Adabiyotlar-chi? (video)

Hozirda bolalar uchun  ilmiy, intellektual, psixologik, tarbiyaviy, kitoblar, shuningdek, bolalar ensiklopediyalari, lugʻat kitoblar, turkum ertaklar foydali va dunyoqarashini kengaytirishi uchun asos boʻla oladi.

Jamiyat
3-iyun 2023 yil

Bilamizki, yoz faslida bolajonlar taʼtilga chiqishadi. Bu davr mobaynida yozgi taʼtilni mazmunli oʻtkazish uchun kimdir oromgohlarga borsa, kimdir qoʻshimcha darslar bilan mashgʻul boʻladi, yana kimdir kitob mutolaa qiladi. Shu oʻrinda muhim savol: bolalarga taʼtilda oʻqish uchun qanday adabiyotlar bor? Bugun bizda bolalar adabiyotining imkoniyatlari qay darajada, bolalar qanday turdagi kitoblarni sevib mutolaa qilishadi, ularga qanday kitoblar koʻproq tavsiya etiladi? 

Birinchi oʻrinda nashriyotlarda bolalar adabiyotiga eʼtibor qay darajada ekanligi va ularga qanday kitoblar tavsiya etilishini bilish maqsadida nashriyotlar mutaxassislariga murojaat qildik.

Mutaxassislarning tavsiya berishlaricha, hozirda bolalar uchun  ilmiy, intellektual, psixologik, tarbiyaviy, kitoblar, shuningdek, bolalar ensiklopediyalari, lugʻat kitoblar, turkum ertaklar foydali va dunyoqarashini kengaytirishi uchun asos boʻla oladi.

Bundan tashqari, bolalar uchun kitob faqat mazmuni, mundarijasi bilan emas, qanday bezatilgani, dizayni bilan ham ularga taʼsir koʻrsatadi. Ularning didi rivojlanishiga xizmat qiladi. Ammo bir ogʻriqli masala borki, bu aynan bolalar yozuvchilarining tanqisligidir.

Taʼtilga chiqqan bolajonlar va ularning ota-onalari bilan oʻtkazgan soʻrovlarimizda bildikki, “Sehrli uzuk”, “Oftoboyim”, “Zumrad va Qimmat”, “Egrivoy va Toʻgʻrivoy”, “Oltin tarvuz”, “Tarbiya” kabi kitoblar bolajonlarimizning eng sevimli adabiyotlari boʻlib turibdi va ularni nomma-nom xatosiz aytishlari bizni quvontirdi.

Shu oʻrinda bir maʼlumot: butun dunyo boʻylab 177 nafar ekspert oʻrtasida  oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, barcha davrlardagi 100 ta eng yaxshi bolalar adabiyoti roʻyxatida XX asr oʻzbek adabiyotining zabardast ijodkori Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asari dunyodagi eng yaxshi bolalar adabiyotining top 100 taligiga kiritildi. Bolalar uchun ijod qilayotgan yozuvchilar uchun bu natija yaxshigina ilhom bersa ajabmas.

Odinaxon Dehqonova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+