84 yil avval xalqimizni sinovdan oʻtkazgan 45 kun tarixi
Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Sovetining 1939 yil 3-6 iyunda “Katta Fargʻona kanali qurilishi” haqidagi 896-son qarori qabul qilinganiga bugun 84 yil toʻldi. Ushbu qarorga asosan qurilgan Katta Fargʻona kanali sabab bugungacha Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikistonda 500 ming gektar sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilanib, yangi yerlar oʻzlashtirilmoqda.
Suv nafaqat biz insonlarga, balki tabiatga, hayvonot va nabotot olamiga ham juda zarur. Shu zarurat bundan 84 yil avval Katta Fargʻona kanali qurilishiga sabab boʻlgan, desak yanglishmaymiz. Bu borada Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Sovetining 1939 yil 3-6 iyun kungi “Katta Fargʻona kanali qurilishi” haqidagi 896-son qarori qabul qilingan. Bugun mazkur qaror qabul qilinganiga 84 yil boʻldi.
Biz tanishtirmoqchi boʻlgan ushbu hujjatlar atiga 45 kun ichida qurib bitkazilgan Katta Fargʻona kanali haqida maʼlumot beruvchi, Oʻzbekiston Milliy arxivi (OʻzMA)da saqlab kelinayotgan arxiv hujjatlardir. Ushbu hujjatlarda Katta Fargʻona kanali qurilishi haqidagi qarorlar, shuningdek, kanal qurilish jarayonlari haqida maʼlumotlar oʻrin olgan.
Abduhamid JOʻRABEKOV, Oʻzbekiston Milliy arxivi ilmiy xodimi:
“Katta Fargʻona kanalining qurilish ishlari 1939 yil 3 iyundagi 896-son qarorga asosan boshlangan. Va oʻsha yilning avgust oylarida qurilish ishlari boshlangan. Ushbu kanal qurilishidan asosiy maqsad unumsiz yerlarni unumdor yerlarga aylantirish boʻlgan.
Katta Fargʻona kanalini qurish jarayonida 160 mingga yaqin hasharchilar ishtirok etishgan. Maʼlumotlarga koʻra, oʻsha paytda hech qanday innovatsion texnika yoki transport mavjud boʻlmagan. Hasharchilar oʻzlarining kundalik ish qurollari bilan qurilish ishlarini amalga oshirishlariga toʻgʻri kelgan. Asosiy qurol sifatida ketmon, belkurak va zambillardan foydalanishgan. Bundan tashqari, tarixiy maʼlumotlarda 12 ming gʻildirakli aravalar, 7 mingga yaqin toʻrt gʻildirakli aravalardan ham foydalanilganligi qayd etiladi. Kanal uzunligiga keladigan boʻlsak, uning uzunligi taxminan 300 kilometrni tashkil etadi”.
Yana bir diqqatga sazovor boʻlgan joyi shundaki, uzunligi 270 kilometrli kanal qazilishi davomida 17 mln. m3 tuproq qazib chiqarilgan boʻlib, shundan faqatgina 1,7 mln. m3 tuproq (umumiy koʻrsatkichning 10 foizi) texnika yordamida qazilgan. Bu esa oʻzbek xalqining mehnatkash, mushtarak maqsadlar yoʻlida uyushqoq xalq ekanligidan dalolatdir.
Oʻzbekiston Milliy arxivi ilmiy xodimi Abduhamid JOʻRABEKOVning aytishicha, kanal qurilish jarayonida asosan erkaklar faoliyat olib borgan. Ammo oʻzbek ayollari ham mehnatlari orqali oʻz hissalarini qoʻshishgan. Masalan, tuproqlarni erkaklar qoplarda tashishgan boʻlsa, ayollar chelaklar da tumroqlarni tashishgan.
Shuningdek, oʻsha paytda oʻz davrining mashhur sanʼatkorlari Tamaraxonim, Halima Nosirova, Lutfixonim Sarimsoqova, Gavhar Rahimova va boshqalar halol mehnat qilayotgan hasharchilarni madaniy xizmat koʻrsatish bilan qoʻllab-quvvatlaganlar.
Bundan tashqari, Katta Fargʻona kanali, qurilish ishlari yoritilgan nashrlar ham OʻzMAda saqlanmoqda. Ulardan biri “Pravda Vostoka” gazetasi boʻlib, unda Katta Fargʻona kanalining ochilish marosimiga oid fotosuratlar oʻrin olgan.
Eslatib oʻtamiz, qurilish jarayonlari 1939 yilning avgust oyidan boshlanib xalq hashari bilan juda qisqa muddat – 45 kunda qurib, bitkazilgan Katta Fargʻona kanali sabab bugungi kunda esa Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda 500 ming gektar sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilanib, yangi yerlar oʻzlashtirilmoqda.
Odinaxon DEHQONOVA