Qozogʻiston Sirdaryodan foydalanish kelishuvini qayta koʻrib chiqmoqchi
Suv boʻyicha hozirgi kelishuv 1998 yildan beri amal qiladi.

Qozogʻiston Qirgʻiziston va Oʻzbekiston bilan Sirdaryo havzasi resurslaridan foydalanish boʻyicha kelishuvni 2023 yil oxirigacha oʻzgartirishni rejalashtirmoqda.
Bu imkoniyat 2023-2029 yillarga moʻljallangan suv resurslarini boshqarish konsepsiyasida oʻz ifodasini topgan.
Hujjatning qisqacha tavsifida qayd etilishicha, suv boʻyicha amaldagi kelishuv 1998 yildan beri amal qiladi. Hujjat Sirdaryo resurslaridan irrigatsiya va energetikada foydalanishni tartibga soladi.
Hozirgi sharoitda GESlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ortiqcha qismi Qozogʻiston va Oʻzbekistonga yoʻnaltiriladi. Buning evaziga Qirgʻiziston qoʻshnilaridan energetika, moliya va tijorat xizmatlarini oladi.
Suv tanqisligi mintaqadagi asosiy va kuchayib borayotgan muammolardan biridir. Iqlimshunoslarning fikricha, mintaqaning ayrim mamlakatlarida 2040 yilga borib suv resurslariga bosim 2,8 barobar ortadi. Yana 10 yildan keyin, 2050 yilga borib, Sirdaryo 15 foizga qurishi mumkin.
Mintaqaning yirik daryosi Amudaryo boʻyicha ham ahvol yaxshi emas. "Tolibon" hukumati 2022 yil martida Amudaryoda suv oladigan Qoʻshtepa kanali qurilishini eʼlon qilgandi. Bu Oʻzbekistonning qator viloyatlarida suv tanqisligini kuchaytiradi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu kanal daryoning uchdan bir qismigacha suvini "tortib ketishi" mumkin.