Bolalar oʻlimiga sabab boʻlgan siropni ishlab chiqargan kompaniya zaharli sanoat moddasidan foydalangani aniqlandi
Marion kompaniyasi, shuningdek, Oʻzbekistonga sotgan siroplarda qoʻllashdan oldin ingrediyentni sinab koʻrmagan, deydi tergovchi.

Oʻzbekistonda oʻtgan yili yigirmadan ziyod bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan yoʻtal siroplarini ishlab chiqargan hind kompaniyasi zaharli sanoat moddasidan foydalangan.
Bu haqda Reuters agentligi ikki manbasiga asoslanib xabar bermoqda.
Marion Biotech kompaniyasi ingrediyent - propilen glikolni (PG) Maya Chemtech India savdo belgisidan sotib olgan. Ammo u farmatsevtika uchun moʻljallangan materiallarni sotish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan va "faqat sanoat toifasigi mahsulotlar bilan shugʻullangan", deydi Marion Biotech tergovidan xabardor boʻlgan manba.
"Biz Marion undan yoʻtal siropi tayyorlash uchun foydalanishini bilmasdik", deydi tergovda shaxsini oshkor qilishdan bosh tortgan manba. "Bizga mahsulotimiz qayerda ishlatilishi aytilmagan."
Ikki manbaning taʼkidlashicha, sirop suyuq yuvish vositalari, antifrizlar, boʻyoqlar yoki qoplamalarda keng qoʻllaniladigan va pestitsidlarning samaradorligini oshirish uchun ishlatiladigan, toksik material boʻlgan sanoat darajasidagi mahsulot yordamida ishlab chiqarilgan.
"Marion sanoat darajasidagi propilen glikol sotib oldi", dedi tergov davom etayotgan paytda ismini oshkor etishdan bosh tortgan ikkinchi manba.
Marion kompaniyasi, shuningdek, Oʻzbekistonga sotgan siroplarda qoʻllashdan oldin ingrediyentni sinab koʻrmagan, deydi tergovchi.
Hind kompaniyasi ishlab chiqargan yoʻtal siroplari “Ambronol” va “DOK-1 Maks” tarkibida inson isteʼmoli uchun mumkin boʻlmagan dietilen glikol va etilen glikol kabi toksinlar bor. Buni Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tahlillari tasdiqlagan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili oxirida “DOK-1 Maks” dori vositasi oqibatida 19 (baʼzi manbalarda undan ham koʻproq) bola vafot etgandi.
Yanvar oyida Oʻzbekistonda bolalar oʻlimiga aloqadorlikda ayblanib, toʻrt kishi, jumladan Marion dori-darmonlarini import qilgan kompaniyaning ikki rahbari hibsga olingan.