Toshkent hokimiyati transformatorlar eskirganini tan oldi
Bugungi kunda Toshkent shahrining energiya taʼminoti tizimiga 152 ta transformatordan iborat 82 ta podstansiya kiradi.

Toshkent shahar hokimligi eʼlon qilgan hisobotda poytaxtda foydalanilayotgan koʻplab transformatorlar eskirgani aytib oʻtildi.
Jumladan, Toshkent shahridagi elektr uzatish tarmoqlarining qariyb chorak qismi va yuqori kuchlanishli podstansiyalardagi transformatorlarning 37 foizdan ortigʻi 40 yildan ziyod vaqtdan buyon ishlab kelmoqda.
Bugungi kunda Toshkent shahrining energiya taʼminoti tizimiga 152 ta transformatordan iborat 82 ta podstansiya kiradi.
Podstansiyalardagi 56 ta transformator va 1 883 km uzunlikdagi elektr uzatish liniyalari 40 yildan ortiq vaqt davomida ishlab turibdi.
Podstansiyalardagi transformatorlarning 36 foizi hamda elektr uzatish tarmoqlarining 24 foizi 25 yildan 40 yilgacha boʻlgan davrda ekspluatatsiya qilinmoqda, deyiladi hokimlik eʼlon qilgan maʼlumotda.
Energetika taʼminoti nisbatan barqaror koʻriladigan Toshkent ham soʻnggi yillarda bu muammo bilan toʻqnashmoqda. Jumladan, 2023 yil yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuq poytaxt energotizimini karaxt qilib qoʻygandi.
Hatto, prezident Shavkat Mirziyoyev sobiq hokim Jahongir Ortiqxoʻjayevni shu muammolar ortidan ishdan olgandi.
Lekin elektr uzilishlar faqat qishga xos boʻlmay qoldi. Davom etayotgan iyun oyida ham elektr uzilishlari davom etmoqda.