Sifatsiz mahsulotlardan pul ishlash tartibi qanday?

Platina.uz koʻpchilikni qiziqtirgan bu savol haqida mutaxassisdan batafsil javob oldi.

Intervyu
23-iyun 2023 yil

Yildan-yilga hamyurtlarimiz tomonidan isteʼmol mahsulotlarining sifatiga boʻlgan talab ancha ortmoqda. Tan olib aytish kerak, bugungi odamlarning dunyoqarashi, oʻzlarining haq-huquqlarini talab qilish salohiyati ortgan. Ammo bu holatni baʼzilar tushunib, yana ayrimlar tushunmay, mustaqil amalga oshirmoqda. Oqibatda savdo va xizmat koʻrsatuvchilar hamda isteʼmolchilar oʻrtasida nizoli holatlar ham kuzatilayotgani bor gap. Yaqinda koʻp muhokamalarga sabab boʻlgan "Aktivist" voqeasi ham bunga yaqqol misol.

Ammo bu holatlarning oldini olish va jarayonni yanada tartibga solish uchun prezidentning “Aholini sifatli isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–110-sonli qaror qabul qilindi.

Qarorga koʻra, isteʼmolchilar hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladigan boʻldi. Shuningdek, kontrafakt va sifatsiz mahsulotlar haqida xabar berish tizimi joriy qilinishi va bunday noqonuniy harakatlardan boxabar qilgan isteʼmolchilar ragʻbatlantirilishi belgilandi. Bu tizim qanday ishlaydi? Platina.uz koʻpchilikni qiziqtirgan bu savol haqida mutaxassisdan batafsil javob oldi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Abdurahmon Raupovning taʼkidlashicha, har bir isteʼmolchi oʻziga koʻrsatiladigan xizmat yoki xarid qilib olayotgan har qanday mahsulot haqida toʻliq, tushunarli, aniq va toʻgʻri maʼlumot olish huquqiga ega. Bu jihat qonunchiligimizda qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

“Aholini sifatli isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–110-sonli qaroriga koʻra, isteʼmolchilar huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, kontrafakt va isteʼmolga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qoʻyishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Jumladan:

  • murojaatlar yagona axborot tizimi orqali qabul qilinadi va ular vakolatli organlar tomonidan qisqa muddatlarda koʻrib chiqiladi;
  • huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi.

Aniqlangan kamchiliklar boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudni qarori chiqarilgandan keyin qoʻllangan jarimadan 20 foizi xabar bergan isteʼmolchilarga ragʻbat sifatida toʻlab berish joriy etilmoqda.

Xabar berish tartibi haqida tushuntiradigan boʻlsam, “Soliq hamkor” ilovasi mavjud boʻlib, unda isteʼmolchilar shu kungacha ham tadbirkorlik subʼektlarining QR kodli cheklarni bermaslik, plastikka savdo qilmaslik holatlari boʻyicha murojaat yoʻllash imkoniyatiga ega edi. Mazkur platforma orqali isteʼmolchilardan xabarlarni qabul qilish tizimini yoʻlga qoʻymoqdamiz.

Bunda savdo obʼektining joyi, mahsulotning xarid qilingan cheki va boshqa bir qancha faktlar soʻraladi. Tizimga joylanadigan barcha maʼlumotlar aniq boʻlsa, platforma orqali avtomatik tarzda bizning qoʻmitamizga murojaat qabul qilinadi va bu boʻyicha (sud qaroridan soʻng) javobgarlikka tortilgan tadbirkorlardan undirilgan jarimaning bir qismi murojaat yoʻllagan fuqaroga ragʻbat sifatida beriladi.

Abbos Imomov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+