Oʻzbekiston meva-sabzavotining 75 foizi uvol boʻlmoqda, yagona yechim eksport – mutaxassis
Eksportni rivojlantirish nima beradi? Nega Oʻzbekistonda eksport hamon rivojlana olmayapti? Bu yoʻlda qanday toʻsiq va muammolar bor? Qachon mahsulotlarimiz dunyo bozorini egallab valyuta tushumimiz koʻpayadi?
“Xalqona” loyihasida eksport bilan shugʻullanuvchi agrofirma rahbari Dildora ATADJANOVA bilan ana shu mavzuni ikir-chikirlarigacha muhokama qildik.
Ekspertning fikricha, “Oʻzbekistonda eksport bilan bogʻlangan muammolar juda koʻp boʻlgan. Bu mustaqillikka erishgan paytimizdan boshlangan. Sovet davrida bu soha tizimi boshqacha tuzilgan. Avval mutaxassislar, olimlar koʻp boʻlgan. Biroq keyin qishloq xoʻjalik sohasiga ilmiy yondashuv deyarli yoʻqoldi.
– Masalan, avvaldan qolgan meva daraxtlari 20-40 yillik boʻlgan. Bu agrosoha uchun yaxshi emas. Chunki eng optimal holatda daraxtlar 7 yillik boʻlishi kerak. Ular 7 yoshida koʻp va yaxshi hosil beradi. Ularni 10-12 yoshgacha parvarish qilib tursa boʻladi. Lekin 12-15 yoshga chiqqach, ular oʻrniga yangi nihollar ekiladi. Dalani ishlab chiqarish, deb tasavvur qilsangiz, eski daraxtlarni eskirgan dastgohlar, deb hisoblasa boʻladi.
– Hozirda Oʻzbekiston eksport salohiyatining qancha qismidan toʻla foydalanilmoqda? 6 yillik tajribangizga tayanib javob bersangiz.
– Oʻzbekistonda 2018 yilda jami 900 million dollar qiymatda, ammo bizdan 10 baravar kichkina Niderlandiyada esa 100 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingan. Yaʼni bizdan 100 baravar koʻp hajmda. Shundan kelib chiqib, imkoniyatlarimizdan qancha qismini foydalanayotganimizni bilib olsak boʻladi. Aslida hozirgi kunda Oʻzbekistonda 70 foizdan koʻproq mahsulotni biz har yili axlatga tashlab yuboramiz. Chunki uni sota olmaymiz. Ular sotilsa, anchagina daromad olish mumkin edi. Lekin afsuski bugun buning aksi. Bu yerda yana koʻp muammolar bor. Butun tizimda muammolar mavjud. Shu bois eksport salohiyatimizdan toʻliq foydalana olmayapmiz. Hattoki 50 foizini ham ishlata olmayapmiz.
Bir paytlar yurtimizda ichki bozorni mahsulotlar bilan toʻyintirib, narxini tushirish maqsadida mahsulotlarni xorijga chiqarish cheklab qoʻyilgandi. Natijada ichki bozorda narx sunʼiy tushirildi. Lekin chetdan keladigan valyuta tushumi kamayib ketdi. Savol shuki, agar eksport hajmi koʻpayib boraversa, ichki bozorda mahsulot kamayib, qimmatlashib ketmaydimi?
– Bu umuman notoʻgʻri xavotir. Bizda 3-4 yildan beri bahor juda sovuq kelyapti. Oʻrik daraxtlarini sovuq urib, hosil juda kamayib ketdi. Shu narsa narx koʻtarilishiga sabab boʻldi. Yaʼni mahsulot kam chiqqanidan narx koʻtariladi. Hozirgi holatda 10 foiz eksportga ketyapti. 15 foizi Oʻzbekiston ichida isteʼmol qilinyapti. 75 foizi esa uvol boʻlmoqda. Chunki Oʻzbekiston aholisi buncha mahsulotni yeb tugata olmaydi.
Xullas, narx koʻtarilishi eksport bilan bogʻliq emas. Eksportga faqat arzon narxdagi yuk oʻtadi. Masalan, nega bizdan olma eksportga ketmaydi? Chunki olma Oʻzbekistonning ichida 10-15 ming soʻm va bunga koʻnikib qoldik. Lekin Rossiya va boshqa davlatlarda olmaning narxi 20 sent boʻlishi mumkin. Bizning valyutada 2-4 ming soʻm. Biz olmada narx jihatdan raqobat qila olmaymiz. Narxi balandligi bois olma va boshqa ayrim mahsulotlarimiz eksportga keta olmayapti. Demak, biror mahsulot qimmatlashib ketayotgan boʻlsa, u aniq eksportga chiqa olmayapti. Yaʼni, biz arzon narsalarni eksport qilamiz.
Yana bir muammoli jihat shuki, bizda dehqonlar qoʻshnilari qanday narx qoʻysa, shunga qarab narx qoʻyishadi. Chet elda esa unday emas. Ularda talabga qarab narx qoʻyiladi. Masalan, yeryongʻoqni olsak, bizda 20 ming soʻmga chiqdi, yaʼni 2 dollar atrofida. Lekin chet elda yeryongʻoq narxi 1-1,2 dollar. Demak yeryongʻoq Oʻzbekiston ichida yeyilmoqda. Shu bois Oʻzbekistonning ichida narx oshsa, bu eksportning aybi emas. Aksincha, eksport hajmi qancha koʻpaysa, shuncha koʻp valyuta kirib keladi. Iqtisodiyot shunchalik yaxshilanadi. Har birimizning hayotimiz ham yaxshilanadi.
Nega ayrim meva-sabzavot mahsulotlari oʻzimizda yetishtirilsa ham, yoki yetishtirish imkoni boʻlsa ham xorijdan import qilinadi?
– Men bogʻbon yoki dehqon emasman. Nega kartoshka bizda yaxshi oʻsmasligini tushuntirib bera olmayman. Lekin shuni ayta olamanki, bizda kartoshka oʻzimizda yetarli emas. Nega dehqonlar koʻproq yetishtirmayotganini bilmayman. Lekin import qachon boʻladi, qachonki, oʻzimizda bu mahsulot boʻlmasa yoki qimmat, yoki kam boʻlsa.
Masalan, bugʻdoyimiz bor. Lekin undan yaxshi un chiqmaydi. Shu bois Qozogʻistondan olib kelamiz. Shunga oʻxshab biz ham yaxshiroq kartoshkalarni chetdan keltiramiz.
Shundan kelib chiqib, men bu yil bir rejani oʻylayapman. Ispaniyadan gilos olib kirishni rejalashtiryapman. Chunki Oʻzbekistonning gilosi birinchidan qimmat. Sifati yomon. Dehqonlarimiz har qancha maqtasa ham, biz masalaga ilmiy qarashimiz kerak. Lekin shu gilosimizni deb koʻpchilik bankrot boʻladi. Chunki eksport qilaman, deb darrov mashinalarga yuklaydi. Lekin gilosning 90 foizi yomon ahvolda yetib boradi. Bitta “fura”ni toʻldirish 100 ming dollargacha pulga tushadi. Eksportchi bir pasda, bir haftada shuncha pulidan ajralib qolishi mumkin. Chunki giloslarimizning ichida qurti bor. Ichini yorib koʻrsangiz, bitta-ikkita qurt topiladi, baribir. Bu bor gap. Bu bogʻdorchilik, agrotexnika ilmi bilan bogʻliq masala. Shuning uchun gilosimizning sifati yomon. Bizda gilos sifati yomon, daraxtlari eskirgan. Hamda narxlari oʻta qimmat.
Ispaniyada koʻchat yetishtiradigan kompaniya bor. Ular bizda koʻchat sotishadi. Nega sizlarda mahsulot shunchalik yomon boʻlsa ham narxlari buncha baland, deb ular hayron qolishadi. Hozir biz Ispaniyadan Oʻzbekistonga 2 baravar past narxda gilos olib kirsak boʻladi. Bizda narxlar osmon. Chetdan olib kelsa arzonga tushadi.
– Turli davlat tashkilotlari sizlarga yordam berishyaptimi yoki ishingizga xalaqit berishyaptimi? Bir misol, 5-6 yil oldin eksportchilar Oʻzbekistonda sugʻurtachi kompaniyaning majburiy sugʻurta qilishidan shikoyat qilishdi. Lekin bu sugʻurta qogʻozi xorijga oʻtmas ekan. Shunga oʻxshagan amaldorlarning pul ishlash uchun qoʻyadigan bemaʼni talablariga duch keldingizmi?
– Albatta bizda kamchiliklar yetarli. Lekin hukumat eksportchilarni qoʻlda koʻtarib yurishga tayyor. Ular eksportdan juda manfaatdor. Chunki valyuta olib kelishning eng oson yoʻli eksport. Shundogʻam mahsulotlarimiz uvol boʻlyapti. Axlatga tashlab yuborilyapti. Bu mahsulotni dollarga aylantirishimiz mumkin. Pandemiya davrida ham biz uchun chegaralar yopilmagan edi. Undan tashqari hozir ham tizimni yaxshilash maqsadida oʻz takliflarimni berib kelyapman. Qishloq xoʻjaligi vazirligi shu takliflarimni qabul qilishdi. Chunki ular ham shu soha ichida yurgan mutaxassislardan taklif kutishadi.
Lekin muammolar ham bor. Masalan, hokimiyatlarga yuqoridan reja qoʻyishadi. Shu tuman, shahar yoki viloyatdan shuncha hajmda eksport qilish kerak, deyishadi. Aslida bu norasmiy talab. Lekin biror hududdan mahsulotini eksport qilimoqchi boʻlsangiz, oldingizga kelib, “bizdan eksport qilmoqchi boʻlsangiz, bizda kompaniya oching”, deb talab qilishadi. Oʻz hisobotlarida bu eksport raqamlari aks etishini istashadi. Biroq 12 ta viloyatda 12 ta kompaniya ochmaysiz-ku?! Bu notoʻgʻri narsa, qonunga zid. Agar Bosh prokuraturaga qoʻngʻiroq qilsangiz, keyin “mayli, bemalol eksport qilavering” deyishadi. Shunga oʻxshash kichik-kichik toʻsiqlar bor. Ammo ularni hal qilsa boʻladi.
Yana bir misol, 3-4 yil oldin “Oʻzagroeksport” degan tashkilot bor edi. Ular bir muammo chiqarishgandi. Yaʼni masalan ular oʻrik kamida 2 dollardan eksport qilinsin, deb talab qoʻyishgan edi. Chunki ularga ham eksport hajmini koʻpaytirish talabi qoʻyiladi. Ular “narxni 2 baravar koʻtarsak, hajmi ham 2 baravar koʻpayadi”, deb oʻylashadi. Lekin eksportchilar avvalo tadbirkor, ular doimo aylanib oʻtish yoʻllarini topishadi darrov. Axir shu mahsulot qoʻshnilarda 1,5 dollar boʻlsa, 2 dollardan sota olmaymiz-ku? Keyin eksportchilar bu muammoni koʻtaraverishganidan keyin, 1-2 oy ichida bu talab olib tashlangan. Hozir minimal narx masalan 20 sent. Shundan kam boʻlmasin, deyishadi.
– Bu yilgi prognozlarga qaraganda, Oʻzbekistonda 7 milliard koʻp suv yetishmasligi aytilmoqda. Suv juda kam boʻladi. Mahsulot kam boʻladi. Shunday sharoitda eksport hajmi pasayib ketmaydimi?
– Biz hali eksport “shifti”ga yetib bormadik. Mahsulot yetishmaydigan darajaga hali-beri yetib bormaymiz. Mahsulot juda koʻp. Bu ishimizga muammo tugʻdirmaydi.
– 2015 yil sentabr oyida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan meva-sabzavotlarni yuk mashinalarida eksport qilishni taqiqlab qoʻyishdi. Faqat samolyot va poyezdga ruxsat berildi...
– Poyezd va samolyotda yuklash-tushirish ishlari va bosqichlari koʻpayib ketadi. Samolyotdan tushirib, darrov muzlatgichga solib qoʻya olmaysiz. Yuk mashinasi qulay. Chunki bunda “sovuqlik zanjiri” buzilmaydi. Yuk mashinasi muzlatgich yoniga baqamti qoʻyiladi. Darhol mijoz omboriga yuklaysiz. Lekin Toshkent aeroportida mahsulot samolyotdan tushirilgach, mahsulot 20 daqiqacha issiqda qolib ketadi.
– Eksport sohasida monopoliya bormi?
– 100 foiz ishonch bilan aytamanki, Oʻzbekistonda bu borada monopoliya yoʻq. Bizda hamma davlat tashkilotlariga, hatto eksport bilan bogʻliq boʻlmasa ham, eksportni oshirishga yordam berish rejasi qoʻyilgan. Ular bajonidil yordam berishadi. Bu borada bizda muammo yoʻq.
– Xabaringiz bor, Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturi mavjud, 2021 yil 10 apreldan kuchga kirdi. Unga koʻra, Oʻzbekiston va yana 9 ta davlatning mahsulotlari Yevropa Itifoqiga kiritilishida imtiyozlar belgilangan. Avval 3200 turdagi mahsulot bojxona toʻlovisiz, 3000 turdagi tovarlar bojxona toʻlovlari arzonlashtirilgan holda kiritilgan boʻlsa, endi 6200 turdagi tovarlarni bojxona toʻlovlarisiz kiritishimiz mumkin. Shu dastur sizga foyda berdimi?
– GSP+Yevropa tomonida kirish bojxona toʻlovlarini kamaytirish haqida. Lekin biz bojxona eksportchilari bu toʻlovni amalga oshirmaymiz. Biz Oʻzbekistondan chiqishda bojxona toʻlovlarini amalga oshiramiz. Yevropadagi bojxona tashvishlari mijozlar zimmasida.
Lekin Oʻzbekistonda Yevropadan koʻra Rossiyaga koʻproq mahsulot chiqarishga oʻrgangan. Koʻp tashvish chekishni istashmaydi. Rossiyada sifati yaxshi boʻlmasa ham sotib olishyaptiku, deb, mahsulotlarni darrov “yumaloq-yostiq” qilib joʻnatishadi. Ammo GSP+ bor deb Yevropadagi mijozlarni tovarni olishga majbur qila olmaysiz. Chunki mahsulot sifatiga talab katta. Lekin bizda boshqa muammolar ham koʻp. Yevropaga chiqarish uchun avval boshqa muammolarni hal qilishmiz kerak.
Masalan, bizda bir texnologik xato koʻp uchraydi. Refrijirator-muzlatkichli furani dala boshiga olib borib, mahsulotni darrov refrijiratorga yuklashadi. Bu judayam notoʻgʻri narsa. Ular “hechqisi yoʻq, yoʻlda soviydi” deyishadi. Lekin dalada harorat hozir 30 darajadan baland. Mahsulotingiz esa 1 daraja haroratda borishi kerak. Bu issiq mevani muzalatgichga solsangiz, namlik kondensatlanib, suvga aylanadi. Suv esa hoʻl meva uchun juda xavfli, mevani chiritadi. Keyin eksportchi katta zarar koʻradi.
Shu bois bu sohada “sovuq zanjirini” tushunish, bazaviy maʼlumotlarga ega boʻlish kerak. Bizdagilar nafaqat buni bilishmaydi, balki tushunishni ham istashmaydi. “Sovuq zanjiri” – mahsulot daladan olinganidan boshlab, to oxirgi nuqtaga yetgunicha bir xil harorat muvozanatiga amal qilish lozimligini koʻzda tutadi.
Hozirda eksportchilardagi eng katta muammo – bu sifat. Sifatli mahsulotni topish uchun har hafta Samarqandga, Urgutga boraman. Bir hafta oʻsha yerda qolamiz. Surxondaryoga borishimiz kerak. Hamma joylarga borib kelishimiz kerak. Birinchi ish boshlaganimizda, bir yilda 365 kun boʻlsa, shuning 350 kunini viloyatlarda oʻtkazganman. Oʻzbekistonning hamma viloyatlarida boʻlganman. Bu albatta oson emas. Lekin oʻrtakash vositachilar bilan ishlasangiz, mahsulotingiz sifati yoʻqolgani bois, qabul qilishmaydi. Chunki vositachilar “sovuq zanjir”ini bilishmaydi va bunga amal qilishmaydi. Shuning uchun texnologlar yetarli boʻlsa, oyiga 100 ta fura mahsulot ham eksport qila olaman.
Hozir Oʻzbekistonda meva-sabzavotlar juda koʻp. Muzlatkich majmualari juda koʻp, boʻsh yotibdi. Furalar juda koʻp. Bu borada muammo yoʻq. Lekin eksportchi uchun muhim omil bu – texnologiyalar! Faqat tizimning toʻgʻri ishlashini taʼminlab bera oladigan mutaxassislar yoʻq. Eksportchilarga yordam berish uchun ana shu tizimni yaratib berish kerak.
Hozir shunga intilyapman. Shunga erishyapman ham. Shu narsa eksportchilarimizga yordam beradi. 1000 ta fura keltirib, 100 000 ta muzlatgich sotib olgan bilan hech narsa oʻzgarib qolmaydi. Mutaxassislar kerak hozir.
Abulfayz SAYIDASQAROV suhbatlashdi