Zaharli yoʻtal siropi xavfi hamon mavjud – JSST

JSST barcha mamlakatlarni nazoratni kuchaytirishga chaqirdi va dori vositalarini sinab koʻrish uchun resurslarga ega boʻlmagan mamlakatlarga oʻz yordamini taklif qildi.

Jahon
17-iyun 2023 yil
Zaharli yoʻtal siropi xavfi hamon mavjud – JSST

Zaharli yoʻtal siroplari bilan bogʻliq global xavf saqlanib qolmoqda, deya maʼlumot bergan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Reuters agentligiga. Hozir JSST oʻlimga olib kelishi mumkin dorilarni yetkazib berish yoʻllarini kuzatish uchun avval xabar berilganiga qoʻshimcha 6 ta davlat bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Oʻtgan yili shubhali dori vositalari uch qitʼada 300 dan ortiq goʻdak oʻlimiga sabab boʻlgani ortidan, BMT agentligi hamon zararli siroplar sotilishi mumkin boʻlgan toʻqqizta davlat nomini oshkor qildi.

JSSTning sifatsiz va qalbaki dori vositalari bilan bogʻliq hodisalar boʻyicha guruhi rahbari Rutendo Kuvana agentlik ishlayotgan oltita yangi davlat nomini aytishdan bosh tortdi, chunki hali tergov harakatlari davom etmoqda. U zararli dori-darmonlar yana bir necha yil davomida sotilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Chunki bu dorilar tarkibidagi taʼsir qiluvchi modda hali omborlarda saqlanayotgan boʻlishi mumkin. Qolaversa, yoʻtal siroplari tarkibiga kiruvchi propilen glikolning yaroqlilik muddati taxminan ikki yil. "Xavf hamon saqlanib qolmoqda", degan Kuvana.

2001 yildan beri JSST 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga yoʻtal siroplarini bermaslikni tavsiya qiladi, chunki ular qanchalik samarali ekani yoki ularning qanday nojoʻya taʼsirga ega boʻlishi mumkinligi haqida ishonchli maʼlumotlar yetarli emas.

Soʻnggi yarim asrda Hindiston va Panama kabi mamlakatlarda paratsetamol va yoʻtalga qarshi dori-darmonlar bilan bogʻliq kamida beshta noxush holat yuz bergan. Oʻtgan yili esa bu dorilar natijasida kelib chiqqan oʻlim holatlari rekord darajada koʻp boʻlgan.

JSST, shuningdek, barcha mamlakatlarni nazoratni kuchaytirishga chaqirdi va dori vositalarini sinab koʻrish uchun resurslarga ega boʻlmagan mamlakatlarga oʻz yordamini taklif qildi.

Avval xabar berganimizdek, 2022 yil dekabr oyida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAX» yoʻtalga qarshi siropidan Oʻzbekistonda oʻnlab bolalar halok boʻlgan edi.

2023 yil yanvar oyida JSST Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Ambronol» yoʻtal siropi va «Dok-1 MAX» siropi tarkibida dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari borligini tasdiqlagan edi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+