Sahroi kabir ham bir paytlar yashil chamanzor boʻlgan
17 iyun - Butunjahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash kuni
Oʻsimliklar olami inson hayotining ajralmas qismi. Inson oʻzini yashillik, salqinlik ichida yaxshi his qiladi. Bekorga jannat – salqin va yashil bogʻdan iborat maʼvo, deya tasvirlanmagan. Buning aksi esa mashaqqatli hayotni yoki hayot yoʻqligini anglatadi. Afsuski, Yer yuzida shunday ham kam boʻlgan yashil hududlar yil sayin qisqarib bormoqda. Choʻllashish koʻlami kengayib bormoqda.
Hatto Sahroi Kabir ham, ilmiy taxminlarga qaraganda, bir paytlar yashil yaylovlardan iborat boʻlgan. Ammo yerlik aholi tinimsiz chorva boqib, oʻt qoplamiga katta zarar yetkazgani bois, quruq yerning quyosh nurlarini qaytarish taʼsiri kuchayib, musson (“mavsumiy”, yozda okeandan materikka esadigan shamollar olib keluvchi yomgʻirlar) yogʻinlari kamayib ketgan, yer eroziyasi kuchayib, choʻllashish boshlangan. Endi esa bu yerda jazirama issiq va qum boʻronlari hukmron. Agar insoniyat oʻz faoliyatini oʻzgartirmasa, iqtisodiyot va qishloq xoʻjaligidagi uslublarini takomillashtirmasa, yashil qatlamni yoʻq qilishda davom etsa, yaqin 100 yil ichida quruqlikning aksariyat qismi choʻllashib, ana shunday tus oladi. Eng yomoni, Yer harorati yiliga 2,5 daraja isib bormoqda. Bu esa issiqxona effektiga eltuvchi eng yaqin yoʻl hisoblanadi.
Hechdan koʻra kech yaxshi, deyishganidek, insoniyat choʻllanish va qurgʻoqchilikning oldini olishga kirishdi. Muammoga ilmiy yondashilmoqda. Eng muhimi, bu muammo maʼlum bir hudud yoki dvlat ichidagi muammo emas, balki butun insoniyat oldidagi muammo ekani tushunib yetilmoqda.
Nihoyat, 1994 yil 17 iyunda “Qattiq qurgʻoqchilikni boshdan kechirayotgan va yoki choʻlga aylanib borayotgan mamlakatlarda, ayniqsa, Afrikada choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisida BMT konvensiyasi” qabul qilindi. Mazkur konvensiyasini BMTga aʼzo barcha davlatlar imzolagan. Mazkur sessiyada, shuningdek, 17 iyun - Butunjahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash kuni, deb eʼlon qilindi.
Biror kunni xalqaro kun, deb eʼlon qilish BMT tashkil etilishidan avval ham hayotga tatbiq etilgan boʻlsada, BMT u yoki bu masalalarda keng aholini xabardor qilish uchun qudratli vosita sifatida qabul qildi. Har bir xalqaro kun koʻplab qiziquvchi va manfaatdor shaxslarga ushbu kun mavzusi bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etish imkoniyatini beradi.
Butunjahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash kuni ham odamlar eʼtiborini yana bir bor choʻllashish muammosiga qaratishga xizmat qilmoqda. Chunki bu muammo boshqa katta muammolarni – dehqonchilik va orvachilik inqirozi natijasida oziq-ovqat tanqisiligini ham keltirib chiqarishi tayin.
Umuman olganda, choʻllanish, yerlar degradatsiyasi va qurgʻoqchilik jiddiy iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik muammo boʻlib, dunyoning koʻplab mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, choʻllanish oqibatida jahonning 100 dan ortiq mamlakatida istiqomat qilayotgan 1,2 milliard aholining salomatligi va farovonligiga jiddiy xavf tugʻilmoqda.
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) maʼlumotlariga koʻra, choʻllanish dunyo aholisining beshdan bir qismiga tahdid somoqda. Hozir dunyodagi quruqlik maydonining uchdan bir qismi choʻlga aylanish tahdidi ostida qolgan. Dunyoda degradatsiya jarayonlari natijasida har yili 7 million gektar yer maydoni qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketmoqda.
BMTning Butunjahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash boʻyicha bayonotiga koʻra, 2050 yilga kelib qurgʻoqchilik dunyo aholisining toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻiga taʼsir qiladi. Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga koʻra esa, 2040 yilga borib suv tanqisligiga eng koʻp uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston ham bor.
Hozirgi davrda Oʻzbekiston tuproq shoʻrlanishi, koʻchib yuruvchi qumlar tarqalish xavfi, chang boʻronlari va qurgʻoqchilik muammolariga duch kelmoqda.
Shuningdek, global iqlim oʻzgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining oʻsishi, ularning suvga boʻlgan talabi yil sayin oshib borishi tufayli respublikamizda suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda.
Tahlillar iqlim oʻzgarishi Oʻzbekistonda suv taqchilligini yanada keskinlashtirishini, qurgʻoqchilikning davomiyligi va davriyligi koʻpayishiga olib kelishini hamda iqtisodiyotning suv resurslariga boʻlgan ehtiyojini qondirishda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Ushbu vaziyatni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini taʼminlash, foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini qayta foydalanish (oborot)ga kiritish, mavjud suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish, irrigatsiya va melioratsiya obʼektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, vazirlik tizimidagi nasos stansiyalarning energiya samaradorligini oshirish, irrigatsiya tizimlari, gidrotexnik inshootlarning texnik ishonchli va xavfsiz ishlatilishini taʼminlash, qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, birgina 2022 yilning oʻzida melioratsiya obʼektlarini taʼmirlash-tiklash loyihalari doirasida 15455 km kollektor-drenaj tarmoqlari, 1173 ta gidrotexnik inshootlar, 136 ta tik drenaj quduqlari hamda 2274 ta kuzatuv quduqlarini taʼmirlash va tiklash ishlari bajarildi.
Respublika boʻyicha 246 km sugʻorish tarmoqlari qurish va 927 km taʼmirlash, 311 km kollektor tarmoqlarini taʼmirlash, 605 ta sugʻorish quduqlarini qurish, 50 ta nasos agregatlari oʻrnatish hamda 331 km elektr uzatish tarmoqlari tortish ishlarini amalga oshirish natijasida jami 133,7 ming ga foydalanishdan chiqqan yer maydonlari qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritildi.
2022 yilning sugʻorish mavsumi davomida suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish hisobidan jami 7,0 mlrd.m3 suv tejalishiga erishildi.
Jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazer tekislash hisobidan 1,98 mlrd.m3, irrigatsiya tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash va rekonstruksiya tadbirlari hisobidan 2,23 mlrd.m3, AKT va raqamli texnologiyalarni joriy etish, ekinlarni joylashtirishda suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini koʻpaytirish va sholini intensiv usulda ekish hamda ekin maydonlarida qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarini amalga oshirish hisobidan 2,80 mlrd.m3 suv tejab qolindi.
Irrigatsiya va melioratsiya obʼektlarini qurish va rekonstruksiya qilish sohasida 2022 yilda vazirlikka ajratilgan mablagʻlar hisobidan 136 ta irrigatsiya va 75 ta melioratsiya obʼektlari foydalanishga topshirildi. Xususan, irrigatsiya obʼektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha 226 ta loyiha doirasida 438,6 km kanal, 141,8 km lotok tarmoqlari, 35 ta gidrotexnik inshoot, 17,4 m3/sek suv chiqarish quvvatiga ega boʻlgan nasos stansiyalar, 19,8 km bosimli quvurlar, 54 ta sugʻorish qudugʻi, 7 ta koʻprik, 1 ta suv ombori qurildi va rekonstruksiya qilindi hamda 17,4 km qirgʻoq himoya ishlari bajarildi.
Melioratsiya obʼektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha 100 ta loyiha doirasida 504,6 km ochiq, 264,4 km yopiq gorizontal kollektor-drenaj tarmoqlari, 5 ta meliorativ nasos stansiyasi, 16 ta gidrotexnik inshoot, 95 ta vertikal drenaj va 418 ta kuzatuv quduqlari hamda 18 ta koʻprik qurilgan va rekonstruksiya qilingan.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 347,9 ming gektar maydonning suv taʼminoti, 150 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilanishiga erishilgan.
Shuningdek, 2022 yil mobaynida vazirlik tizimidagi jami 185 dona nasos, 357 dona elektrodvigatellar, 1008 dona suv miqdorini “onlayn” rejimda monitoring qilish qurilmalari, 5044 dona yorugʻlikdiod lampalar, 100 dona kondensator qurilmalari, 69 dona chastota oʻzgartiruvchi qurilmalar va 84 dona quyosh batareyalari oʻrnatildi hamda 2 261 dona nasos agregatlari hamda 1626 dona sugʻorish quduqlari taʼmirlandi. Natijada oʻtgan 2022 yil davomida nasos stansiyalarida 369,2 mln.kVt.soat elektr energiyasini iqtisod qilishga erishildi.
Irrigatsiya tizimlari, gidrotexnik inshootlarning texnik ishonchli va xavfsiz ishlatilishini taʼminlash boʻyicha vazirlik tasarrufidagi respublika va tizim tashkilotlari tomonidan ekspluatatsiya mablagʻlari hisobidan 3308 km xoʻjaliklararo sugʻorish tarmoqlarini (kanallarni) tozalash hamda ulardagi 4045 dona gidrotexnika inshootlarini va 4318 dona gidropostlarni taʼmirlash ishlari bajarildi.
Shuningdek, klaster va fermer xoʻjaliklari hisobidagi 9758 km ichki ariqlarni mexanizm yordamida va 42653 km ariqlarni qoʻl kuchi yordamida tozalash ishlari hamda ulardagi 9148 dona gidrotexnika inshootlarini va 9139 dona gidropostlarni taʼmirlash ishlari bajarildi.
Suv xoʻjaligi sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasida suv xoʻjaligi obʼektlariga 2928 ta “Aqlli suv” qurilmasi, nasos stansiyalariga 1008 ta suvni onlayn nazorat qilish qurilmasi hamda meliorativ kuzatuv quduqlariga 2630 ta sizot suvlari sathi hamda minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qiluvchi raqamli qurilmalari oʻrnatildi.
Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining moliyaviy koʻmagi yordamida “Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini monitoring qilish” axborot tizimi ishlab chiqildi.
Shuningdek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan Avstraliyaning “Rubicon Water” kompaniyasi texnologiyalari asosida Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Mirishkor-Qamashi kanallarining 26 ta zatvorining boshqaruv jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi.
Respublikamizda suv resurslari taqchilligi tobora ortib borayotgan sharoitda qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunga qadar jami 398,4 ming gektarda tomchilatib, 30,8 ming gektarda yomgʻirlatib, 16,3 ming gektarda diskret, 72,9 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali va 36,1 ming gektar maydonda egatga plyonka toʻshab sugʻorish tizimlari joriy qilindi hamda 451,9 ming gektar ekin maydonlarida lazer uskunasi yordamida tekislashishlar amalga oshirilib, natijada ularning qoʻrsatkichi 1,0 mln gektarga yoki qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarining 25 foiziga yetkazildi.
Shundan, birgina 2022 yilning oʻzida 463,7 ming gektar maydonda, shundan, 89,8 ming gektarda tomchilatib, 16,2 ming gektarda yomgʻirlatib, 5,7 ming gektarda diskret, 109,0 ming gektar maydonda boshqa zamonaviy sugʻorish tizimlari joriy qilindi hamda 243,0 ming gektar ekin maydonlarida lazer uskunasi yordamida tekislanib, texnologiya joriy qilingan maydonlarda mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallari va mexanizatsiya xarajatlari bilan bir qatorda, 1,6 mlrd suv resurslari iqtisod qilinib, hosildorlik oʻrtacha 30-35 foizga oshishiga erishildi.
Muxtasar aytganda, soʻnggi yillarda respublikamiz suv xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan tadbir va dasturlar choʻllanish, qurgʻoqchilik, suv tanqisligi va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan boʻlib, mamlakatda suv va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Zokir Ishpulatov,
Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot-tahlil va resurs markazi direktori