Uzunda ayol oʻqituvchilarni doʻpposlagan oʻqituvchiga hukm oʻqildi
Maktab direktori xonasida oʻtkazilayotgan yigʻilishda 34 yoshli erkak oʻqituvchi ikki nafar ayol oʻqituvchi bilan janjallashib, ularni doʻpposlagan edi.

Bugun, 16 iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Uzun tuman sudida 31-maktabning jismoniy tarbiya oʻqituvchisi G. T. ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilingan.
Unga koʻra G. T. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topilib, jinoyat oqibatida ikki nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararlar qoplangani hamda ularning sudlanuvchiga nisbatan daʼvosi yoʻqligi inobatga olingan holda 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilangan.
Shu yil 14 aprel kuni soat 12:00 larda Uzun tumanidagi 31-maktab direktori xonasida oʻtkazilayotgan yigʻilishda 34 yoshli erkak oʻqituvchi ikki nafar ayol oʻqituvchi bilan janjallashib, ularni doʻpposlagan edi.