Ishonchni oqlamayotgan ishonch telefonlari

Platina.uz davlat tashkilotlari, xususan, turli vazirliklarda tashkil etilgan ishonch telefonlarining qanchalik ishonchli ekanini tekshirib koʻrdi.

Maqola
16-iyun 2023 yil
Ishonchni oqlamayotgan ishonch telefonlari

Oʻzbekistonda fuqarolarning davlat xizmatlari yuzasidan bevosita murojaatlarini osonlashtirish va korrupsiyaning oldini olish maqsadida deyarli barcha davlat tashkilotlarida ishonch telefonlari tashkil etilgan. Bu telefon raqamlari fuqarolarning muammolarini hal qilayotgani, chora topishga koʻmaklashayotgani yaxshi, ammo bu raqamlarga bogʻlanish qanchalik oson? Undan ham yomonrogʻi, ular ishlamasa, aholining davlat tashkilotlariga va pirovardida hukumatga ishonchi yoʻqolishi turgan gap.

Platina.uz davlat tashkilotlari, xususan, turli vazirliklarda tashkil etilgan ishonch telefonlarining qanchalik ishonchli ekanini tekshirib koʻrdi.

Ishonch telefonlarining raqamlarini vazirliklarning rasmiy veb-saytidan topish mumkin boʻlsa-da, oxirgi yillarda idoralar faoliyatini optimallashtirish va muvofiqlashtirish maqsadida tugatilgan yoki yangilangan, biri ikkinchisiga qoʻshib-ajratilgan tashkilotlar koʻpligi bois, hukumat portali — gov.uz saytidagi “Davlat organlari ishonch telefonlari” ruknida berilgan maʼlumotlardan foydalandik.

13 iyun kuni jami 18 vazirlik hamda Bosh prokuraturaning ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qilib koʻrdik.

Avvaldan shuni aytish kerakki, deyarli barcha vazirlik ishonch telefonlarida murojaat etuvchining anonimligi taʼminlanmaydi, yaʼni fuqaroning shaxsiy maʼlumotlari soʻrab olinadi. Buni koʻpchilik operatorlar murojaatni koʻrib chiqish jarayonida aniq faktlar va adresat bilan ishlash zaruriyati deb izohlashdi.

Shuningdek, ayrim xorijiy ishonch telefonlarida mavjud boʻlgan qaytib chiqish funksiyasi davlat tashkilotlarida mavjud emas. Yaʼni, qoʻngʻiroq qilib, ayrim sabablarga koʻra operator bilan bogʻlana olmasangiz, hech kim sizga qaytib chiqmaydi.

Aksariyat ishonch telefonlarida avtomat javob berish funksiyasi oʻrnatilgan boʻlib, qoʻngʻiroq qilganingizdan keyin oldindan yozib olingan yozuv qaysi vazirlikka qoʻngʻiroq qilayotganingizni maʼlum qilib, kutib turishingiz haqida va boshqa kerakli koʻrsatmalar berib turadi. Bu murojaatchilar uchun qoʻshimcha qulaylik tugʻdiradi. Avtomat yozuvlarning deyarli barchasi davlat yoki rus tilida ham takrorlanadi.

Faqat Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bundan mustasno boʻlib, garchi operator oʻzbekcha muloqot qila olsa-da, vazirlikka tegishli ishonch telefonida avtomat javob berish yozuvi faqat rus tilida.

Lekin hatto oʻzbekcha avtomat yozuvlari mavjud raqamlarda ham nechanchi navbatda ekaningiz va taxminiy kutish vaqti qancha daqiqa ekani faqat rus tilida yangraydi.

Shuningdek, Bosh prokuraturaning qisqa raqamli ishonch telefoniga bir necha bor qoʻngʻiroq qilganimizda oʻzbek tilini tanlash uchun 1 ni, rus tilini tanlash uchun 2 raqamini bosish taklif etildi. Oʻzbek tilini tanlaganimizda bir necha bor darrov uzib tashlandi. Rus tilini tanlaganimizda esa operator tez va oson aloqaga chiqdi. Bu holni rus tilida soʻzlashuvchi operator navbatda turganlar soni 25 tadan oshib ketsa, avtomatik ravishda uzib tashlanishi bilan izohlagan boʻldi.

Shu bilan birga, berilgan ayrim telefon raqamlari ishlamaydi. Ular oʻzgargan boʻlsa-da, aholi xabardor qilinmagan. Bunday maʼlumotlar tashkilot saytida yoki gov.uz portalida muntazam va oʻz vaqtida yangilanib turilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Bundan tashqari, uzoq navbat kutishlarga chek qoʻyish kerak. Bir vaqtning oʻzida 20-30 odam bitta raqamga bogʻlanish uchun harakat qilayotgani bu manzilga talab koʻpligini anglatadi. Bunday davlat tashkilotlari operatorlar sonini koʻpaytirishi yoki murojaatchini tegishli operator yoki mansabdorga toʻgʻri yoʻnaltirish vazifasini bajaruvchi, hatto bir xil va takrorlanuvchi savollarga javob bera oluvchi sunʼiy aql asosida ishlovchi avtomat tizimlardan foydalanishi zarurga oʻxshaydi.

Biz tekshirib koʻrganda quyidagi ishonch telefonlari ishlamadi yoki bogʻlana olmadik:

  • Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
  • Tashqi ishlar vazirligi;
  • Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
  • Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;
  • Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Ishonch telefonlari qoʻngʻiroqlari javob berish vaqti (daqiqa, soniya) boʻyicha quyidagicha reyting shakllandi. Bunda, tabiiyki, operator bilan tez bogʻlanish mumkin boʻlgan vazirliklar birinchi oʻrinlarda, uzoq kutilganlari esa oxirgi oʻrinlarda:

  • Suv xoʻjaligi vazirligi – 0:19;
  • Innovatsion rivojlanish agentligi– 0:48;
  • Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi – 0:57;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligi – 0:58;
  • Mudofaa vazirligi – 1:01;
  • Raqamli texnologiyalar vazirligi – 1:30;
  • Madaniyat va turizm vazirligi – 2:30;
  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi – 3:30;
  • Transport vazirligi – 6:34;
  • Sogʻliqni saqlash vazirligi – 9:01;
  • Adliya vazirligi – 9:20;
  • Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi – 12:05
  • Ichki ishlar vazirligi – kamida 1 soat;
  • Bosh prokuratura – kamida 1 soat.

Ishonch telefonlarining samaradorligi haqida gapirganda AQShning Virgin aviakompaniyasi sohibi Richard Brenson tutgan yoʻl yodga tushadi. Agar Virgin aviakompaniyasiga qoʻngʻiroq qilsangiz va liniya band boʻlsa, Brensonning ovozi yozilgan quyidagi avtomat ovoz bilan yoqiladi: "Salom, mening ismim Richard Brenson, agar 18 soniyadan keyin qoʻngʻirogʻingizga hech kim javob bermasa, men sizga 700 dollar chegirma vaʼda qilaman, rozimisiz? Demak, men teskari sanoqni boshlayman: 18, 17, 16, 15...".

Bu bir qarashda oddiy yechim, lekin mijoz bajonidil kutib oʻtiraveradi. U hatto ich-ichidan tez koʻtarmasliklarini, shu bahonada 700 dollarlik chegirma olishni orzu qiladi. Agar operator javob bermasa ham 700 dollarlik chegirma uni Virgin aviakompaniyasiga bogʻlab qoʻyadi. U hatto doʻstlariga aytib, maqtanib, tekin reklama qiladi. Agar oʻz vaqtida javob berilib, chegirma olmasa ham, mijozga nisbatan muomala va eʼtibordan koʻngli koʻtariladi. Virgin aviakompaniyasini boshqa kompaniyalardan afzal koʻra boshlaydi.

Ehtimol bizda ham shunga oʻxshagan usullarni qoʻllash samara berishi mumkin. Eng muhimi, xalq va davlat tashkilotlari oʻrtasidagi muloqot uzilmasligi, davlat xizmatlarini koʻrsatish samaradorligi yuksak boʻlishiga xizmat qilsa boʻldi.

Ha, ishonch telefonlari va ularning funksionalligi kimlargadir ahamiyatsiz mayda gapdek tuyuladi, lekin yozuvchi va tadbirkor Xarvi Makkey aytganidek, "Mayda-chuydalar hal qiluvchi ahamiyatga ega emas, lekin ular hamma narsani hal qiladi!”

 
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+