DXX yirik yerfurushlarni fosh etdi
Hozir barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bir qator vakolatli organlar bilan hududlarda tezkor tadbirlar oʻtkazib, noqonuniy yer oldi-sotdisining oldini olishgan.
Jumladan:
- Qoraqalpogʻistonning Qonlikoʻl tumanidagi fermer xoʻjaligi rahbari mazkur fermer xoʻjaligiga hamda oʻziga aloqasi boʻlmagan 3 ta fermer xoʻjaligiga tegishli, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan jami 620 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 400 ming dollar talab qilib, oldindan 200 ming dollarni oʻz qarindoshi orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
- Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi fermer xoʻjaligi rahbari mazkur xoʻjalikning 1,5 gektar yer maydonini issiqxona tashkil qilmoqchi boʻlgan fuqaroga 120 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 60 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
- “Urgut Savdo Kompleksi” MChJda ishlovchi shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, unga mazkur savdo kompleksi hududidan 60 kvadrat metr yer maydoni olib berish uchun 40 ming dollar talab qilib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
- Namangan viloyat kichik sanoat zonalarini boshqarish va muvofiqlashtirish direksiyasining tumanlardan biridagi masʼul xodimi oʻzi faoliyat yurituvchi tumanda joylashgan kichik sanoat zonasi hududidan 80 sotix yer maydoni olib berish uchun tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqarodan 300 mln. soʻm olgan vaqtida ushlangan.
Hozir barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.