40 daraja issiqda koʻchada sotilayotgan yeguliklar sifatiga kafolat yoʻq! – Surishtiruv

Platina.uz nashri muddati oʻtgan mahsulotlar, tovarlar, sifatsiz xizmatlar boʻyicha yangi loyiha boshladi. Birinchi manzil Toshkent shahri Chilonzor tumani.

Maqola
16-iyun 2023 yil

Yoz mavsumi kelib, kunlar isishi bilan yaxna ichimliklarga boʻlgan talab yanada ortishi tabiiy. Bu borada qoʻlbola usulda tayyorlanib, koʻcha-koʻyda sotilayotgan ichimliklarning hammasini ham “SES”chilar (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi) xodimlari nazoratga olgan, deb aniq ayta olmaymiz. Nafaqat ayron, oʻrik sharbati, mors va shunga oʻxshash yaxna ichimliklar, balki turli yeguliklar mahsulotlari ham bundan mustasno emas.

Isteʼmolchilardan kelib tushayotgan talab va takliflarni inobatga olgan holda Platina.uz jamoasi poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Olmazor metro bekati yaqinida sifatsiz, sanitariya qoidalariga masʼul mutasaddilar ishtirokida oʻrganish ishlarini olib bordi.

Kamera obʼyektivini dastlab sharbat sotayotgan bolaga qaratdik. Ammo bizning muddaomizni anglagach, sotuvchi bola bir “dumalab” xaridorga aylanib qoldi. Savdo rastasiga kim rahbarlik qilayotgani haqida soʻraganimizda, barcha sotuvchilar oʻzini chetga oldi. Ammo sharbat sotilayotgan idishni olib ketib, qonuniy chora koʻrilishi haqida aytilgach, ularning “boshi” boʻlgan tadbirkorning oʻzi qarshimizga chiqdi.

Tekshiruvlar natijasida aniq boʻldiki, sotuvchilarning aksarida tegishli hujjatlar mavjud emas, xizmat koʻrsatayotgan xodimning tibbiy koʻrikdan oʻtgani haqidagi hujjat uyoqda tursin, belgilangan maxsus forma ham kiymagan.

Sanitariya talablariga umuman javob bermaydigan oshxonada pishirilayotgan boʻgʻirsoq(pirojki)lar yon-atrof chang boʻlishiga qaramasdan, ochiq holda sotuvga qoʻyilgani, eng achinarlisi, xaridorlar koʻra-bila turib shu mahsulotlarni tanovul qilishi oʻzlarining salomatligiga befarq ekanidan dalolat!

Jamoamiz bilan manzildagi faqat bir nechta noqonuniy holatlarga guvoh boʻldik, xolos. Ammo "Olmazor" metro bekati atrofida tartibga solinmagan sotuvchilar talaygina.

Masalaning ikkinchi tarafi esa tirikchilik gʻamida savdoga chiqib, belgilangan talablarga rioya qilmasdan faoliyat yuritayotgan sotuvchilar oʻz vaqtida tegishli mutasaddilar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilib, tartibga solinmagani bilan ham bogʻliq. Bu masalada esa holat masʼulidan izoh oldik.

Murod Muhammadqulov, Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Chilonzor tumani boʻlimi sanitar vrachi:

— Nafaqat bizning sanitar xodimlarimiz, balki soliq inspeksiyasi, ichki ishlar xodimlari hamkorligida har doim reyd tadbirlari aynan shu manzilda oʻtkazilib, sotuvchilar tartibga solib turiladi. Biroq bu jarayonni domiy nazorat qilib turish juda qiyin. Bu boʻyicha biz rahbariyatga taklif kiritganmiz va tez fursatlarda sanitar talablarga javob bermaydigan isteʼmol mahsulotlarining oldini olamiz.

Masʼul xodimning aynan shu joyda nazorat tadbirlari tez-tez boʻlib turishi haqidagi soʻzlari haqiqat boʻlishi mumkin, biroq doimiy reyd oʻtkazib turiladigan manzilda allaqachon sanitariya talablariga rioya etilishi taʼminlanishi kerakmasmidi?

Masʼul tomonidan tegishli tashkilot xodimlaridan tarkib topgan guruh doimiy ish olib borishi ushbu muammoga yechim sifatida keltirildi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: balki bunday betartib va talabga javob bermas savdolar orqali "kimlardir" manfaat koʻrayotgan boʻlishi ham mumkin?

Tayyorlash jarayonining oʻziyoq ishtahani boʻgʻadigan arzon-garov ovqatlar, nazorat shtamplari koʻchgan bochkalarda sotilayotgan turli chanqoqbosdi ichimliklaru, sanitar holatlarga umuman javob bermaydigan koʻchma ovqatlanish shoxobchalaridagi mahsulotlar isteʼmoli sabab ovqatdan zaharlanish, botulizm va shu kabi oʻtkir ichak kasalliklari qurbonlari soni ortishini kutish kerak emas. Shunchaki sifatsiz isteʼmol mahsulotlari ortidan pul ishlashni maqsad qilgan bir nechta "savdogar"larni hamma uchun barobar sanalgan qonun-qoidalarda belgilangan javobgarlikka tortish kifoya.  

Toshkent shahar IIBB JTSB karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimlari tomonidan fuqarolarning sogʻligiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan mahsulotlar savdosiga chek qoʻyish borasida bir qancha sotuvchilarga tushuncha berildi. Endilikda belgilangan talablarga mos, mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan savdo shoxobchalarigina faoliyat yuritishi mumkinligi maʼlum qilindi.

Ushbu reyd tadbirlari orqali kimningdir rizqiga bolta urmoqchi emasmiz. Aksincha tadbirkorlik faoliyatini olib bormoqchi boʻlgan fuqarolarga jarayonni qonuniylashtirishlari haqida ogohlantirib, sotayotgan mahsulotlari orqali kimlarningdir salomatligini xavf ostiga qoʻymasliklari haqida eslatib oʻtdik, xolos.

Toʻgʻri-da, axir siz ust-bosh, kiyim-kechak emas, balki insonlar ichadigan ichimlik yoki yegulik savdosi bilan shugʻullanmoqdasiz. Shunday ekan, bu boradagi belgilangan talablarga qatʼiy rioya qilish oʻta zarur va shart.

Platina.uz ayni shu manzildagi oʻzgarishni kuzatib boradi va poytaxtning boshqa nuqtalarida ham surishtiruv oʻtkazib, mavzuga yana qaytadi.

Abbos Imomov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+