platina.uz

Shveysariya bankini ham qulatgan oʻzbekistonliklar

Mashhur Credit Suisse banki mijozlari orasida Oʻzbekiston hukumatining sobiq va amaldagi amaldorlari yoki yaqin qarindoshlarini ham koʻrish mumkin.

Maqola
15-iyun 2023 yil
Shveysariya bankini ham qulatgan oʻzbekistonliklar

Shveysariyaning UBS guruhi Credit Suisse bankini sotib olgach, xavf darajasi yuqori boʻlgan qator mamlakatlar, xususan, Oʻzbekistondan yangi mijozlarni bankka jalb etishni taqiqladi. Financial Times nashri shu haqda xabar bergan.

Pul yuvish, poraxoʻrlik va korrupsiya xavfini cheklash maqsadida shunday qaror qabul qilingan. Xavf darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlar sirasiga Oʻzbekiston ham kiritilgan.

Bunday mamlakatlar roʻyxatidan Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Albaniya, Belarus, Burkina-Faso, Kongo Demokratik Respublikasi, Salvador, Eritreya, Efiopiya, Gvineya, Haiti, Iroq, Kosovo, Liviya, Moldova, Myanma, Nikaragua, Falastin, Rossiya, Janubiy Sudan, Shri-Lanka, Sudan, Tojikiston, Turkmaniston, Venesuela, Yaman va Zimbabve ham oʻrin olgan.

Shu bilan birga, ehtimoliy pul yuvish holatlariga qarshi kurashish maqsadida Ukraina siyosatchilari va davlat kompaniyalariga ham xizmat koʻrsatish taqiqlangan.

Bu birinchi marta emas

Taʼkidlash kerak, 2013 yilda ham Credit Suisse oʻzbekistonlik mijozlar bilan ishlashdan bosh tortgan edi. Oʻzbekiston birinchi prezidentining katta qizi Gulnora Karimova bilan bogʻliq korrupsiya va pul yuvish hamda poraxoʻrlik jinoyati bilan bogʻliq mojarolar fonida shunday qaror chiqarilgan edi. Gulnoraning oʻz hamtovoqlari bilan jinoiy til biriktirib, mamlakatdan noqonuniy yoʻl bilan xorijiy davlatlar — AQSh, Fransiya, Rossiya va Shveysariyaga olib chiqqani Oʻzbekiston idoralari tomonidan maʼlum qilingan.

Oʻzbekiston Adliya vazirligining maʼlum qilishicha, mamlakat mutasaddi idoralari bu pullarni Oʻzbekistonga qaytarish ustida faol ishlashmoqda. Oʻtgan yili fevral oyida Fransiya 20 million AQSh dollarini qaytardi. Shveysariyadagi bank hisoblarida “muzlatilgan” 131 million dollar BMT huzuridagi Maqsadli fondi orqali qaytariladi. Biroq 650 mln. shveysariya franki hamon Shveysariya banklarida muzlatilgan holda qoldirilgan.

Bundan avvalroq, 2018 yilda Shveysariya bosh prokuraturasi Karimovani aybdor deb topgan va Shveysariyaning ikkita bankidagi beshta hisobidagi 555 million dollardan ortiq mablagʻni musodara qilishni buyurgan. 2019 yilda esa 130 million dollari Oʻzbekistonga qaytarilishini eʼlon qilgan edi.

2021 yil dekabrida Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiluvchi Takilant firmasidan 293 mln. AQSh dollarini musodara qilish haqida qaror chiqargandi. Biroq 70 mln. dollar pul, dalillar yetishmagani bois, Takilant firmasiga qaytarilgan.

Maʼlumot oʻrnida, oʻzining offshor kompaniyalari bilan dunyoga tanilgan Dominikan Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi kuni kecha Toshkent shahar hokimligida uchrashuv oʻtkazgan.

Uzumini yeb, bogʻini surishtirmagan Credit Suisse

Ekspertlarning aytishicha, soʻnggi yillarda Credit Suisse’ning obroʻsiga katta putur yetdi. Bu avvalo bank bilan bogʻliq sud jarayonlarining oqibatidir. Shuningdek, sobiq sovet respublikalari va ayniqsa oʻzbekistonlik mijozlarning ham bu qulashdagi "hissasi" katta.

Masalan, 2022 yil fevral oyida Credit Suisse nomi yangi bir mojaroda tilga olindi. Credit Suisse’ga tegishli maʼlumotlar oshkor qilinib, OAVga sizdirildi. Bu maʼlumotlardagi “muammoli mijozlar” orasida Markaziy Osiyoning 10 nafar vakilining nomlari keltirildi.

Xususan, oʻzbekistonlik 4 nafar mijoz – Gulruh Tillayeva, Igor Shepelev, Raʼno Ramatova (bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatovning rafiqasi) va Saodat Nurziyeva ushbu bank mijozi boʻlgani aniqlandi.

Jumladan, Gulruh Tillayeva - 2,227 mln. shveysariya franki (2,4 mln. AQSh dollari) miqdorida pul qoʻygan. Bu ayol Oʻzbekiston birinchi prezidentining kichik qizi Lola Karimovaning eri Timur Tillayevning ammasi boʻladi. Maʼlumotlarda keltirilishicha, Gulruh Tillayeva eri Nikita Kalinichenko bilan birga shu pullarni omonatga qoʻygan. Nikita Kalinichenko esa oʻz davrida, OAVlarning maʼlum qilishicha, Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo markazlaridan biri “Abu Saxiy” markazini Tillayeva nomidan boshqargan.

Bu mijozlar topilgan manbasi noaniq pullarini soliqdan va jamoatchilikdan yashirish maqsadida Shveysariya bankida hisobvaraq ochgani aytiladi. Albatta, Shveysariya bankida hisob ochish jinoyat emas. Bu pullar qayerdan va qanday topilgani esa keyingi masala. Biroq Credit Suisse aynan shu keyingi masalaga eʼtibor qaratmagani, “uzumini yengu, bogʻini soʻramang” qabilida ish tutgani odamlar eʼtiborini oʻziga tortdi.

Credit Suisse qanday bank?

Credit Suisse moliyaviy siyosatining 2023 yildagi oʻzgarishi uning UBS tomonidan 2023 yil 19 martda sotib olgani bilan bogʻliq. Jarayon avvalida Credit Suisse 3,2 milliard dollarga baholandi, bu bank bozor kapitalizatsiya qiymati (aksiyalarining umumiy qiymati)ning yarmiga teng keladi. 2021 yil iyunida bankning bozor kapitalizatsiya qiymati 29 mlrd. dollarga baholangan edi. Bunga Credit Suisse bankining koʻplab moliyaviy muammolari sabab boʻlgan.

Taʼkidlash kerak, UBS Group AG — Shveysariyaning eng yirik moliyaviy xoldingi boʻlib, butun dunyo boʻylab keng koʻlamdagi moliyaviy xizmatlar koʻrsatadi. Bosh qarorgohi Shveysariyaning Syurix shahrida joylashgan.

Credit Suisse Group esa Shveysariyada UBS dan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi yirik moliyaviy konglomerat edi. 2020 yil oxirida mijozlarning 1,51 trln. Shveysariya franki ($1,6 trln. AQSh dollari) qiymatidagi aktivlarini boshqargan. 2022 yil oxiriga kelib bu koʻrsatkich 1,29 trln. frankka tushib qolgan.

2022 yil oktabr oyida Yevropa birjalarida koʻtarilishi qayd etilgan boʻlsa-da, Credit Suisse aksiyalari narxi 6 foizga tushib ketdi. Qisqa qilib aytganda, aksiyalar bozorida ushbu bankning moliyaviy barqarorligiga shubha kuchaya boshladi. Garchi Credit Suisse rahbariyati bankda kapital yetarli ekani va 27 oktabrni – bank restrukturizatsiya rejasi oshkor qilinishini kutishni soʻragan boʻlsa-da, bozor ishtirokchilarining ishonchi pasayishda davom etgan.

2023 yil fevralda Credit Suisse oʻtgan moliyaviy yilni 7,3 mlrd. shveysariya franki miqdoridagi zarar bilan yakunlaganini eʼlon qildi. Bu 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi davridan beri eng yomon koʻrsatkich deya baholangan. Hisobotda bank moliyaviy hisob berish ustidan yetarlicha moliyaviy nazorat oʻrnatmagani bois, mijozlarning bankdan oʻz mablagʻlarini olib chiqib ketishi va aksiyalar narxi tushib ketishiga sabab boʻlgan.

2023 yil mart oyida esa Credit Suisse Shveysariya milliy bankidan 50 mlrd. shveysariya franki (53,7 mlrd. AQSh dollari) miqdorida qarz olishga qaror qildi. Bunday favqulodda chora moliyaviy inqiroz yoqasida turgan bankka investorlar ishonchini tiklash maqsadida amalga oshirilgan. Biroq bu mablagʻ Credit Suisse aksiyalari narxini uch kunga ushlab turdi xolos. Undan keyin yana “chuqurga shoʻngʻish” boshlandi.

Sababi, bu chora koʻrilishidan avval Credit Suisse aksiyalarining narxi deyarli 30% ga tushib ketgan edi. Bu Credit Suisse aksiyalarining 10 foiziga egalik qiluvchi Saudi National Bank bayonoti ortidan roʻy berdi. Saudi National Bank shveysariya banki kapitalidagi hissasini oshirish yoʻli bilan boshqa qoʻllamasligini maʼlum qilgan edi.

Credit Suisse moliyaviy holati haqidagi xabar butun bank sektorida aksiyalarning shoshilinch va arzon bahoda sota boshlashlariga sabab boʻldi.

Hatto Credit Suisse Shveysariya banklari orasida birinchi boʻlib bankrotga uchrashi ham prognoz qilindi. Ekspertlar Credit Suisse nafaqat oʻzi halokatga uchrayotgani, choʻkayotgan katta kema suv girdobi bilan boshqa kichik kemalarni tortib ketishi kabi, Shveysariyaning barcha banklarini qiyin ahvolga solib qoʻygani hamda mamlakat moliya va bank tizimiga milliardlab zarar yetkazganini taʼkidlashdi.

Va nihoyat, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Shveysariyaning birinchi raqamli banki UBS muammolar girdobida choʻkayotgan Credit Suisse’ni sotib oldi. Shu darajada past bahoga sotib oldiki, hatto Credit Suisse koʻchmas mulklarining narxi ham bu baho bilan teng. Bir qarashda hamma tomonlar yengil nafas olgandek boʻldi: moliyaviy yongʻin manbasi oʻchirildi. Biroq bitta davlat chegarasidagi mazkur moliyaviy intervensiya hech kimni xotirjam qilmadi. Yevropa va Osiyodagi fond bozorlari qulashda davom etdi.

Jumladan, Frankfurt va Parijdagi fond bozorlari taxminan 0,7% ga pasaydi. Germaniyaning Deutsche Bank - 7%, Fransiyaning Societe Generale banki aksiyalari 5% pasaydi. Yevropa iqtisodiyoti biroz falajlandi. Biznes aktivlik pasaymoqda. Inflyatsiya oʻsmoqda. Banklar moliyaviy vositachi sifatida bunday oʻzgarishlar taʼsirini “oʻz tana”larida koʻproq his qilishmoqda. Shveysariya banklari esa avval boshdan oʻz bizneslarini xalqaro xususiy kapitalni boshqarishga asoslanib ochishgan edi. Lekin aynan Shveysariya banklari milliardlab dollar miqdoridagi hisob varaqlariga cheklovlar kiritdi. Muzlatib qoʻyish choralarini ham qoʻlladi. Bank rahbariyati Rossiyaning 2014 yilda Qrimni bosib olishi, keyin esa 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirgani ortidan eʼlon qilingan sanksiyalar, undan avvalroq rossiyalik va postsovet respublikalari korrupsioner amaldorlari va ularning yaqinlari bilan bogʻliq poraxoʻrlik hamda pul yuvish jinoyatlari ortidan shunga majbur boʻldi. Shu tariqa Shveysariya banklari, xususan, Credit Suisse mijozlar ishonchini yoʻqota boshladi. Katta-katta raqamli omonatlar aynan poraxoʻr va korrupsioner amaldorlar hamda noqonuniy biznes egalari tomonidan qoʻyilishi inobatga olinsa, bank maxfiyligi taʼminlanishidan umid qilgan mijozlar ishonchi nega soʻnganini anglash oson boʻladi.

Mojarolar ham birinchisi emas

2014 yil may oyida Credit Suisse banki AQShda 2,6 mlrd dollarlik jarimaga tortilgan edi. Maʼlum boʻlishicha, Credit Suisse bir asrdan ziyod vaqt davomida amerikalik mijozlari bilan til biriktirib, ularni soliq toʻlashdan ozod qilish maqsadida daromadlarini yashirib kelgan.

Credit Suisse va uning shoxobchalari 22 ming nafar amerikalik mijozlariga AQSh Ichki soliqlar xizmatini aldash va soliq toʻlashdan qutulib qolish uchun ularning mablagʻ va daromadlarini (qariyb 12 mlrd. AQSh dollariga teng) boshqa kompaniya va fondlar nomiga ochilgan noqonuniy va deklaratsiya qilinmagan hisob varaqlarida saqlashga yordam bergan. AQSh Adliya vazirligining maʼlum qilishicha, bank bu jarimani toʻlashga rozi boʻlgan.

2023 yilda aprel oyida esa AQSh Kongressining Byudjet qoʻmitasi maʼruzasida aytilishicha, Credit Suisse fashistlar Germaniyasi natsistlariga aloqador mijozlarning hisob raqamlariga xizmat koʻrsatgan. Bu hol 2020 yilgacha davom etgan.

Credit Suisse hisob varaqlarini yuritgan, ammo bu haqda maʼlumot bermagan kamida 99 kishi Germaniyadagi natsist amaldorlari yoki Argentinadagi natsistlar bilan bogʻliq guruhlarning aʼzolari boʻlgan. Qizigʻi shundaki, natsistlarga aloqador deb koʻrilgan 70 ta hisob varagʻi 1945 yildan keyin ochilgan. Ularning kamida 14 tasi 2000 yillarda ham ochiq boʻlgan, ayrimlari hatto 2020 yilda ham faol boʻlgan.

Bundan tashqari, Nyurnberg harbiy tribunali tomonidan jazoga mahkum etilgan SS qoʻmondonining hisob varagʻi 2022 yilgacha faol turgan. Lekin bank bu haqda maʼlumot bermagan.


2020 yil mart oyida AQShdagi “Simon Vizental markazi” nodavlat tashkiloti bankda natsistlarning Holokost qurbonlaridan olingan pullari joylashtirilgan hisob varaqlari mavjudligi borasida Credit Suisse’ni xabardor qilgan edi. Bank rahbariyati bu masala yuzasidan tekshiruv oʻtkazishga rozi boʻlgan va buning uchun AlixPartners xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etgan. Kompaniya 2 yil davomida Credit Suisse’dagi millionlab hisob varaqlariga oid arxiv va maʼlumotlar bazalarini oʻrganib chiqqan. Biroq ushbu tekshiruv ustidan nazorat uchun qoʻyilgan Jenner & Block firmasining mustaqil ombudsmani Nil Barofskining senatdagi maʼruzasida aytishicha, tekshiruv 2022 yil iyun oyida toʻsatdan tekshiruvlarni toʻxtatgan. Hatto yangi maʼlumotlar topilganiga ham eʼtibor qaratmagan.


Joriy yilning fevral oyida esa AQShdagi Ayova shtatining respublikachi senatori Chak Grassli mazkur tekshiruv davomida bank yoʻl qoʻygan ehtimoliy xatoliklar haqida maʼlumot olganini bildirdi. U Rod- Aylend shtatidan saylangan demokrat senator – Kongressning Byudjet qoʻmitasi rahbari Sheldon Uaytxaus bilan hamkorlikda qoʻshpartiyaviy tekshiruv oʻtkazishlarini va “vaziyatni kuzatishda davom etish”larini maʼlum qilgan.

Endi nima boʻladi?

Gulnora Karimovaning nopok moliyaviy operatsiyalari Shveysariya bankiga qabr kavlagani, hatto butun Shveysariya bank tizimining barqarorligiga putur yetkazgani izsiz ketmaydi albatta. Buning ortidan avvalo oʻzbekistonlik mijozlarga ishonchsizlik bildirildi. Keyingi oqibatlar ham boʻladi. Ammo bu oddiy fuqarolarimiz uchun yaxshi boʻladimi yoki yoʻqmi, aytish qiyin.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+