platina.uz
Jamiyat

Aholi uchun eng dolzarb muammolar hal etilyapti

107 km uzunlikdagi avtomobil yoʻllarida 1640 tonna asfaltbeton qorishmasi bilan chuqurchalar taʼmirlandi, 82 dona nur qaytaruvchi yoʻl belgilari oʻrnatildi.

Aholi uchun eng dolzarb muammolar hal etilyapti

Qoʻqon shahri tarkibiga kiritilgan “Oydinbuloq” mahallasini avval shahar koʻchasi deb boʻlmasdi. Qishda loy, yozda chang boʻluvchi koʻchalar eʼtiborga muhtoj edi. Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi eng chekka hududlarga ham kirib borib, aholi uchun eng dolzarb masalalarni yechishga xizmat qilayotgani oydinbuloqliklar joniga oro kirdi. Ayni kunlarda bu qishloqdagi 14 km tuproq yoʻllarga shagʻal yotqizilmoqda.

Oydinbuloqliklarning aytishicha, 35-40 yil deganda koʻchalar taʼmirlanib, eskirgan simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirilyapti. Yangi transformator oʻrnatilishi bilan 200 ga yaqin xonadon nurafshon boʻlyapti.

Umuman olganda, Fargʻona viloyatida Respublika ishchi guruhining murojaatlar asosidagi oʻrganishlari natijasida 139 km tuproq yoʻllar shagʻallashtirilyapti. Jami elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 113 ta temir beton tayanchlar yangilandi, 3 dona transformator oʻrnatildi hamda 4,7 km tarmoq tortildi.

Shu bilan birga, 107 km uzunlikdagi avtomobil yoʻllarida 1640 tonna asfaltbeton qorishmasi bilan chuqurchalar taʼmirlandi, 82 dona nur qaytaruvchi yoʻl belgilari oʻrnatildi va 25 ta joyda piyodalar oʻtish joylarini belgilash ishlari bajarildi.

Viloyatdagi yirik shaharlardan biri Margʻilonning 4 mingdan ziyod aholiga ega Chorchinor mahallasida ham hudud aholisi murojaatlari asosida yangi transformator va beton ustunlar oʻrnatilib, 1,5 km. tarmoq tortilgani ham shu saʼy-harakatlar samarasidir.

Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi va viloyat tibbiyot muassasalaridagi tajribali, yuqori malakali shifokorlar ishtirokida Yozyovon, Quva, Toshloq tumanlari, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida tashkil qilingan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar davomida 85 nafar bemorga davolanish uchun imtiyozli yoʻllanmalar berilgani ham aholi murojaatlariga berilayotgan eʼtibor ifodasidir.

Bundan tashqari, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 3 050 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga 161,8 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Jumladan, Oltiariq, Fargʻona, Uchkoʻprik tumanlari, Qoʻqon va Quvasoy shaharlarida ishsiz-ehtiyojmand 398 nafar murojaatchiga subsidiya asosida tikuv mashinalari, motokultivatorlar, inkubatorlar va boshqa mehnat anjomlari olib berildi.

Bu kabi xayrli ishlar, ayniqsa, elektr energiyasi, gaz yoki ichimlik suvi taʼminotida yechim topilayotgan muammolar, bularning barchasi – yozda qishga koʻrilayotgan hozirlik aslida. Prezident Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida tanlab olingan eng ogʻir hududlardagi bu kabi tizimli masalalarning aksariyati esa dasturlarga qoʻshimcha koʻmak sifatida ichki imkoniyatlar hisobidan hal qilinyapti.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid