BMT qoʻygan maqsadlar: Oʻzbekiston qaysi birida qiynalyapti? (video)

BMT tomonidan ilgari surilgan 17 ta maqsadning 16 tasini Oʻzbekiston ixtiyoriy ravishda qabul qilgan.

Jamiyat
12-iyun 2023 yil

Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT)ga aʼzo 193 ta davlat 2015 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilgan. 193 ta davlat kabi Oʻzbekiston ham kambagʻallikni qisqartirishdan tortib, oziq-ovqat xavfsizligi-yu, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya kabi muhim masalalarni oʻz ichiga olgan ana shu barqaror rivojlanishga oid 17 ta maqsadning 16 tasini amalga oshirishga bel bogʻlagan.

Barqaror rivojlanish markazi mutaxassislarining fikricha, BMT tomonidan ilgari surilgan bu maqsadlarning 16 tasini Oʻzbekiston ixtiyoriy ravishda qabul qilgan. Biz ular bilan “Xalqona” loyihasi doirasida bugungi kungacha ushbu maqsadlarning qaysi birini Oʻzbekistonda amalga oshirish qiyin, qay birini oson kechayotgani haqida suhbatlashdik.

Nodir Safarov, Barqaror rivojlanish markazi Barqaror rivojlanish jarayonlarini oʻrganish boʻlimi boshligʻi:

Butun dunyo davlatlari 20-asrning ikkinchi yarmidan boshlab, oʻz milliy rivojlanish yoʻllarini qidira boshlagan. Buning natijasida barqaror rivojlanish, degan tushuncha paydo boʻlgan. Hozirgi davrimizga keladigan boʻlsak, BMTga aʼzo 193 ta davlat 2015 yilda BMTning Barqaror rivojlanish sohasida Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilgan boʻlib, bu kun tartibi barqaror rivojlanishga erishish uchun harakatlar rejasi deb tan olingan va Oʻzbekiston ham 193 ta davlat kabi bu maqsadlarni oʻzi uchun qabul qilgan. Barqaror rivojlanish bu jamiyatdagi barcha inson uchun farovon hayotni taʼminlash demakdir.

Gulxayo Barnoyeva, Barqaror rivojlanish markazi Barqaror rivojlanish jarayonlarini oʻrganish boʻlimi bosh mutaxassisi:

– Barqaror rivojlanish maqsadlari global maqsadlar. Va xalqaro darajada qashshoqlikni yoʻq qilish butun sayyoradagi insonlarning farovon yashashi uchun xizmat qiluvchi maqsad, vazifa va indikator koʻrsatkichlaridan iborat. Umumiy darajada 17 ta global maksadni oʻz ichiga oladi. Vazifalari soni esa 169 tani tashkil etadi. Oʻzbekiston ushbu 17 ta barqaror rivojlanish maqsadidan 16 tasini qabul qilgan. Vazifalardan esa 169 tadan 126 ta vazifani qabul qildi.

Birinchi maqsad – bu qashshoqlikka barham berish, deb nomlanadi. Barcha joylardagi kam taʼminlanganlik darajasini pasaytirishga qaratilgan.

— Barqaror rivojlanish yoʻlidagi maqsadlar qanday kuchga ega? Tavsiya kuchiga egami? Yoki yuridik majburiyatlar yuklaydimi?

Nodir Safarov:

– Barqaror rivojlanish maqsadlari biror-bir yuridik kuchga ega emas va biror davlat buni bajarish boʻyicha zimmasiga yuridik majburiyat olmagan. Ammo BMT nazarida har bir davlat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun oʻziga ixtiyoriy majburiyat oladi. Har bir davlat unga erishish boʻyicha jarayonlarning monitoringini olib borib, har 2 yilda hisobot beradi. Yaʼniki, barqaror rvojlanish maqsadlariga erishish har bir davlatning oʻz xohishi boʻlishi kerak.

– Barqaror rivojlanish maqsadlari talablari bajarilishini qaysi tashkilot nazorat qiladi? Yoki monitoring olib boradi?

Salamat Ktaybekov, Barqaror rivojlanish markazi Siyosiy tahlil va innovatsion yechimlar boʻlimi bosh mutaxassisi:

– Barqaror rivojlanish maqsadlarini oʻrganish monitoringi boʻyicha komissiya tashkil qilingan. Bundan tashqari Prezident huzuridagi Davlat statistika qoʻmitasi bu bilan shugʻullanadi. Sodda qilib tushuntirganda, Barqaror rivojlanish maqsadlari bu umumiy dunyoning rivojlanish boʻyicha yoʻl xaritasi hisoblanadi. Global barqaror rivojlanish maqsadlari hamda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari mavjud. Chunki global maqsadlar hammaga toʻgʻri kelmasligi mumkin. Shunga asoslanib, hamma oʻzining milliy maqsadlaridan kelib chiqadi. Masalan, 4-maqsad “Taʼlim” boʻlsa, baʼzi rivojlangan davlatlarda taʼlim sifati juda kuchli va keng aholi qatlamlarini qamrab oladi. Shuning uchun ular bu maqsadni ustuvor, deb qabul qilmasligi mumkin.

– Bunga qaysidir tashkilot pul ajratadimi? Umuman moliyalashtirish xalqaro tashkilotlar hisobidanmi yoki Oʻzbekiston oʻz byudjetidan pul ajratiladimi?

Nodir Safarov:

Bu savolga global nuqtai nazardan qaraydigan boʻlsak, har yili barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kerakli investitsiya miqdori 5-7 trilliard dollarga teng. Koʻrsatkichlar shuni bildiryaptiki, hozirda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun butun dunyo miqyosida yetarli pul ajratilayotgani yoʻq. Va aynan Oʻzbekiston bu maqsadlarga jadal erishishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Misol uchun 1-Barqaror rivojlanish maqsadini aytadigan boʻlsak, Oʻzbekistonda har yili, oxirgi koʻrsatkichlarga qaraganda, masalan, 2021 yilda ijtimoiy sohadagi muammolarni hal qilish uchun davlat byudjetining deyarli yarmini ajratgan. Bu 5,7 trilliard soʻm degani. Yaʼni, aytishimiz mumkinki, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yetarlicha katta mablagʻ oqimi yoʻnaltirilyapti. Ammo yaxshiroq natijalarga erishish uchun bundan-da koʻproq manbalar talab etiladi.

Albatta har qanday chora-tadbir, reja amalga oshirilishiga aniq muddat qoʻyilishi kerak. Boʻlmasa bu jarayon cheksiz davom etishi mumkin. Insonning umri ham yetmay qoladi. Shu jihatdan olib qaraganda Barqaror rivojlanish maqsadlari qachongacha amalga oshirish kerak?

Salamat Ktaybekov:

2030 yil bu maqsadlarga erishib boʻlinib, boshqa maqsadlar qoʻyilishi mumkin. Aytib oʻtishimiz kerakki, 2015 yilgacha boshqa, yaʼni ming yillik maqsadlar boʻlgan. Unga erishib boʻlindi. Keyin insoniyat oldida boshqa, yaʼni ekologik, aholini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoya kabi muammolar paydo boʻldi. Oʻzbekistonni aytadigan boʻlsak, shu davrda 2,2 million odamga ijtimoiy yordam berildi. Kambagʻallik esa 17 foizdan 14 foizga kamaydi. 1 million odam kambagʻallikdan chiqdi.

Gulxayo Barnoyeva:

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda reyting shakllantirildi. Bu reytingda Oʻzbekistonda 165 ta mamlakat ichidan 77-oʻrinni qayd etdi. 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlaridan 6 tasida ulkan natijalarga erishildi. Masalan, yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ulkan, ilgʻor yutuqlarga erishgan mamlakat sifatida qayd etilganini aytish mumkin.

Salamat Ktaybekov:

– 2020 yil koronovirus pandemiyasi boʻlganda BMTga aʼzo barcha mamlakatlarning bu maqsadlarga erishish yoʻlidagi harakati hammasi yoʻqqa chiqdi. Agar pandemiyagacha dunyo boʻyicha 585 million kambagʻal kishi boʻlgan boʻlsa, 2022 yilda koronovirus pandemiyasi tufayli dunyoda kambagʻallar soni 676 mln.ga yetdi.

Oʻzbekiston pandemiya paytida kambagʻallik darajasini koʻpaytirmasdan ushlab turishga harakat qildi. Yuqorida aytib oʻtilganidek, kambagʻallik darajasi 3 foizga kamaydi. Aholiga maksimal yordam berilmoqda.

Shunda bu maqsadlar BMT doirasida ushlab turiladimi yoki qayta koʻrib chiqilmaydigan narsami?

Gulxayo Barnoyeva:

Yuqorida keltirdikki, 2015 yilda 115 ta indikator koʻrsatkichi boʻlgan. 2022 yilga kelib 225 ta indikator koʻrsatkichi paydo boʻldi. Bu nima degani? Har bir sohada muammo yuzaga keladimi, demak, oʻsha muammoga yechim sifatida indikator ishlab chiqiladi. Oʻzbekiston ham dastavval indikator koʻrsatkichlarining 126 tasini qabul qilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, muammolarining qamrov darajasini kengaytirib, 190 taga yetkazdi. Bu biz 2030 yilgacha 190 ta indikator koʻrsatkichi bilan qolamiz, degani emas. Muammoning yuzaga kelishi bilan yanada vazifalar, indikatorlar koʻpayishi mumkin. Yoki aksincha muammolarimiz hal boʻlib, uni qisqartirish imkoniyatiga ham ega boʻlishimiz mumkin.

2022 yildagi oxirgi statistikaga qaraydigan boʻlsak, qashshoqlikda yashovchi aholi 676 million boʻlsa, 2030 yilga borib, global miqyosda bu koʻrsatkich 570 millionni tashkil qilishi koʻzda tutilyapti. Yaʼni kambagʻallar sonini 2015 yilga nisbatan 30 foizga qisqartirish kerak.

Nodir Safarov:

– Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish koʻzda tutilganda, shuni tushunish kerakki, bu faqat BMTning maqsadlari emas. Yoki bitta davlatga xos emas. Yoki faqat Oʻzbekistonning maqsadlari emas! Balki butun hamjamiyat birlashishi kerak. Yaʼni barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ham hukumat, ham parlament, ham fuqrolik jamiyati institutlari, ham ilmiy hamjamiyat va biznes strukturalar, hatto har bir fuqaro bunga oʻz hissasini qoʻshishi kerak. Yangi muammo paydo boʻlsa, indikatorlar oʻzgarib, unga kerakli yechimlar ishlab chiqiladi.

– Xoʻsh, qaysi maqsadni bajarish Oʻzbekistonda qiyin kechyapti? Va qaysi biri juda oson?

Barqaror rivojlanish maqsadlaridagi eng qiyini bu 13-maqsad – Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish – ekologiya bilan bogʻliq.

Butun dunyoda koʻrib turibmizki, hozir iqlim oʻzgarishi karbonat angidrid koʻpayib ketishi bilan bogʻlanyapti, bu muammolarning yechimini topish qiyin boʻlyapti.

Yaʼni har bir davlat oldida tanlov bor: birinchisi – tezkor iqtisodiy oʻsish. Bunda chiqadigan chiqindilarga ham qaramay, yangi zavod-fabrikalar, issiqlik elektrostansiyalar qurish lozim. Bu esa oʻz navbatida tabiatga zarar yetkazadi.

Ikkinchi tanlov bu – katta sarmoyani talab qiladi. Masalan, yashil energetikaga oʻtish.

Lekin hamma davlat ham bu katta investitsiyani topishi qiyin. Buni hal etish koʻp vaqt talab qiladigan jarayon.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining erishish oson maqsadlariga esa bemalol taʼlimni aytsak boʻladi. Chunki bizning davlat taʼlim qamrovi boʻyicha yetakchilik pozitsiyada turibdi. Chunki Oʻzbekiston aholisining 99 foizdan ziyod oʻqish-yozishni biladi, savodli. Masalan, Afrika davlatlari bilan taqqoslaganda, hatto Yevropaning ayrim davlatlari bilan taqqoslaganda ham, ulardan orqada emasligimizni koʻrsak boʻladi.

– Masalan, biror davlat barqaror rivojlanish maqsadlariga eʼtibor bersa, shunga pul sarflasa, ammo iqtisodiyot rivojlanishini pasaytirsa, lekin uning qoʻshnisi iqtisodiyotni kuchaytirsa, tabiatdan foydalansa, oʻrmonlarni kesib boyib ketsa... Bu ikki tafovutni qanday izohlash mumkin?

Agar barqaror rivojlanish maqsadlariga amal qilinadigan boʻlsa va harakat qilinsa, 2030 yilgacha dunyo boʻyicha 380 milliondan ortiq ishchi oʻrni yaratilgan. Yaʼni fuqaroning har 20 dan bittasi uchun yangi ish oʻrni yaratiladi.

Bu har bir davlat uchun judayam foydali boʻladi. Va iqtisodiga ham katta iqtisodiy foyda keltiradi. Yaʼni barqaror rivojlanish maqsadlariga qatʼiy rioya etish iqtisodiy zarar keltiradi, degani emas. Aksincha, bu foyda degani. Ammo unga toʻliq rioya qilish kerak.

Fredrix Ebert fondi yoki Konrad Adenauer fondi yoki BMtning Taraqqiyot dasturi, yoki Yevropa xavfsizligi va hamkorligi tashkilotlari bor. Agar ularga har bir fuqaro yoki tashkilot shu barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha savol yoki loyiha boʻyicha murojaat qilsa, ular joni bilan yordam berib, shu loyihani amalga oshirishga barcha resurslarni yoʻnaltiradi.

Yaʼni Oʻzbekistondagi hozirgi sharoit barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yetarli, deya olaman. Faqat hukumatda kuchli xohish boʻlishi kerak. Ammo bizda jamoatchilik ham hali bu maqsadlar haqida toʻliq tushunchaga ega emas.

Hattoki Yevropaning rivojlangan davlatlarini misol qiladigan boʻlsak, Germaniya, Fransiya yoki Buyuk Britaniyada ham aytaylik, 50-60-70-90 foiz aholi haliyam barqaror rivojlanish maqsadlari haqida maʼlumotga ega emas. Shuning uchun Oʻzbekistonda ham bu masala judayam dolzarbdir. Yaʼni, tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatdiki, barqaror rivojlanish maqsadlaridan xabardorlik aholining katta yoshdagi guruhi oʻrtasida yaxshi. Biroq yosh aholi oʻrtasida xabardorlik juda kam.

Hozirgi paytda bolalar bogʻchasidan boshlab, maktab, litsey va universitetlarda barqaror rivojlanish maqsadlari haqidagi tushunchani targʻib qilish masalalari juda dolzarbligini koʻrsatib turibdi.

Yana xulosalarimizdan biri shu boʻldiki, milliy media makonimizda ham barqaror rivojlanish maqsadlari haqidagi materiallar kam va boyitish juda ham dolzarb masala. Uni albatta bajarish kerak.

Barcha davlat organlari vakillari, ekspertlarini jalb etgan holda fokus gruppa tashkil etdik. Mutasaddi tashkilotlardan, masalan, ekologiya, kambagʻallikni qisqartirish, iqtisodiyot va moliya uchun masʼul vazirliklardan vakil chaqirib, ularning fikrini eshitdik. Quvonarlisi shuki, ular ham bu tahlillarimizni maʼqullashdi. Yaʼni Oʻzbekistonda hali barqaror rivojlanish maqsadlari haqidagi tushuncha, yoki media mahsulotlari, yoki bilim va koʻnikmalar hali yetarli darajada emas. Ularni oshirish hozirda ham fuqarolik jamiyatini, ham hukumatning vazifasi ekanini tan olishdi.

Gulxayo Barnoyeva:

Barqaror rivojlanish maqsadlarining shiori bor, yaʼni “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyili mavjud. Bu borada aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari masalasida milliy va xalqaro qonunchilik, yaʼni huquqiy hujjatlar bilan ishladik. Biz xalqaro darajadagi manbalar bilan taqqoslaganda milliy qonunchiligimizda hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar yanada koʻp.

 

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu muhokama qilingan mavzuga oid yechimini kutayotgan muammolar boʻyicha Barqaror rivojlanish markazi tahlilchilari tomonidan parlamentga va hukumat idoralariga joʻnatilgan va ular ustida ish olib borilmoqda. Eʼlon qilingan maʼlumotlardan qachon Oʻzbekiston barqaror rivojlanishi va buning uchun kim masʼulligi haqida tushunchaga ega boʻlganlar bunga befarq boʻlmaydi, degan umiddamiz.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+