AQSh hukumati Oʻzbekistonning rasvo yoʻllaridan ogohlantirdi
Yozilishicha, odamlar avtohalokatlarga befarq emas va tezkorlik bilan masʼullarga xabar berishadi, biroq politsiya darhol yetib kelmasligi mumkin.
AQSh davlat departamenti Oʻzbekiston yoʻllarida harakatlanish xavfli ekanidan sayyohlarni ogohlantirgan. Hisobotda yoʻllarda harakatlanish nima uchun xavfli ekani keltirilgan.
"Toshkentda markaziy yoʻllar nisbatan yaxshi taʼmirlangan boʻlsa-da, undagi kichik va shahar tashqarisidagi yoʻllar yomon ahvolda. Qishloq yoki togʻli hudud yoʻllarida ehtiyot boʻlishingiz kerak", deyiladi hisobotda.
Aytilishicha, kechasi avtomobil boshqarish xavfli, chunki faqat katta shahar koʻchalarida chiroqlar bor, qishloq yoʻllari yoritilmaydi. Yoqilgʻi quyish shoxobchalari tez-tez uchramaydi va Toshkentdan tashqarida qoʻshimcha benzin topish qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.
"Viloyat yoʻllarida yoritgichlar yoʻq va chorva mollari, qishloq xoʻjaligi texnikalari hamda arava tortilgan hayvonlar istalgan paytda duch kelishi mumkin. Haydovchilar boshqaruv texnikasini yaxshi bilishmaydi, koʻpincha svetofor va yoʻl belgilariga eʼtibor bermasdan yuqori tezlikda tartibsiz harakatlanishadi. Piyodalar esa odatda maxsus yoʻlakchani qidirib oʻtirmasdan, yoʻlning istalgan yeridan kesib oʻtishadi", deya yozilgan.
AQSh masʼullarining aytishicha, odamlar avtohalokatlarga befarq emas va tezkorlik bilan masʼullarga xabar berishadi, biroq politsiya darhol yetib kelmasligi mumkin.