Aloqachi, uchuvchi, mergan, tibbiyotchi, razvedkachi... Front ortida jasorat koʻrsatgan oʻzbek ayollari

Ikkinchi jahon urushning ilk kunlaridan nafaqat yigitlar, balki ayollarni ham urushga yuborish borasida bir qator qarorlar qabul qilingan. Garchi avvaliga frontga borish koʻngilli boʻlgan boʻlsa-da, 1942 yil bahoridan boshlab harakatdagi qoʻshin safiga ayollarni ommaviy ravishda safarbar etish boʻyicha bir toʻxtamga kelingani maʼlum.

Jamiyat
9-may 2023 yil
Aloqachi, uchuvchi, mergan, tibbiyotchi, razvedkachi... Front ortida jasorat koʻrsatgan oʻzbek ayollari

Ikkinchi jahon urushi yillari erkaklar bilan bir safda xizmat qilgan ayollarning jasorati va front ortidagi hayoti, ogʻir mehnati mavzusi hozirgi kunda juda ham dolzarb. Biz ushbu mavzular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Madina ABDURAXMANOVA platina.uz uchun urushda qatnashgan ayollar haqida gapirib berdi.

Ikkinchi jahon urushida bevosita jangovar harakatlarda ayollar ham qatnashganlar. Davlat mudofaa qoʻmitasi urushning ilk kunlaridan boshlab ayollarni ham urushga yuborish borasida bir qator qarorlar qabul qilgan.

Garchi avvaliga frontga borish koʻngilli boʻlgan boʻlsa-da, 1942 yil bahoridan boshlab harakatdagi qoʻshin safiga ayollarni ommaviy ravishda safarbar etish boʻyicha bir toʻxtamga kelingani maʼlum.

Oʻzbekistondan 4555 nafar ayol urushda qatnashgan, ularning orasida aloqachi, uchuvchi, mergan, zenitchi, tibbiy xodim va razvedkachilar bor edi. Oʻzbekistonlik Zebo Gʻaniyeva, Olga Sanfirova, Yelena Stempkovskayalar Sovet Ittifoki Qahramoni unvoniga sazovor boʻlganlar.

Urush ayollarining katta qismini tibbiyot xodimlari tashkil etgan.   Jumladan, sovet qoʻshinlaridagi 700 000 nafar oliy maʼlumotli shifokorning 42 foizi va 2 000 000 nafardan ortiq oʻrta va kichik tibbiy xodimlarning 80 foizi ayollar edilar.

Masalan, 1943 yilning oktabrida Oʻzbekistondan Belorussiya, Ukraina va Rossiyaning dushmandan tozalangan hududlariga 800 shifokor safarbar qilingan.

Samolyotni urib tushirgan hamshira ayol

1924 yili Toshkentda tugʻilgan Azizaxon Qalandarova tibbiyot bilim yurtini tamomlagach, urushga ketish uchun ariza yozadi. Biroq yoshi yetmagani sababli tajriba orttirish uchun Toshkent harbiy kasalxonasiga hamshira boʻlib ishga kiradi.

1941 yil sentabridan Zenit artilleriya maktabi qoshidagi zenitchilar tayyorlash kursida oʻqishni boshlaydi. 18 yoshli Aziza urushga borgach, 430-artilleriya diviziyasi tarkibida 2-Ukraina frontida Volgadan Odergacha boʻlgan hududlarda janglarda moʻljalchi boʻlib qatnashadi.

1943 yil 8 iyunda Orel yaqinidagi jangda mohir zenitchilar dushmanning 8 ta samolyotini urib tushiradilar. Ulardan birinchisini Azizaxon Qalandarova moʻljalga olib urgan edi. Oʻsha kunning oʻzida harbiy koʻmondonlik tomonidan uni "Krasnaya Zvezda” ordeni bilan mukofotlash uchun takdimnoma beriladi.

Bundan tashqari, Azizaxon Qalandarova Ukraina va Ruminiyani ozod qilish uchun olib borilgan janglarda oʻqchi zenitchi, batareya yoʻlboshchisi, artilleriya razvedkachisi sifatida xizmat qilib, ofitser unvoniga sazovor boʻladi.

Koʻrsatgan qahramonliklari uchun "Za otvagu", "Za boyevыe zaslugi", "Za vzyatiye Budapeshta" va "Za vzyatiye Berlina" medallari bilan taqdirlangan.

Janglarda ikki marta yarador va uchinchi marta kontuziya" boʻlgan ofitser Azizaxon Kalandarova urushdan soʻng Toshkentga qaytib kelib, Urush faxriylari - ayollari respublika tashkiliy kengashi raisi sifatida faoliyat olib boradi.

 

Dneprdan Dunaygacha yoʻl bosgan Sobira

1942 yil bahorida 20 yoshida Sobira Majidova Toshkent tibbiyot institutining jangovar faoliyatini Bryanskdagi maxsus muhandis-sapyorlik bataloni shifokori sifatida boshlaydi.

Uning asosiy vazifasi tinimsiz otilayotgan oʻqlar va bomba portlashi xavfi ostida yurib, yoʻllarni minalardan tozalovchi, koʻpriklarni taʼmirlovchi, kechuvlar qurishda ishtirok etayotgan askarlar bilan bir safda borish va zaruriy vaqtda yaradorlarga tibbiy yordam koʻrsatishdan iborat boʻlgan.

U 68-diviziya tarkibida Dneprdan Dunaygacha boʻlgan jangovar yoʻlni bosib oʻtgan. Dnepr daryosi boʻyida olib borilgan janglarda koʻrsatgan mardligi uchun "Za boyevыe zaslugi" medali bilan taqdirlanadi.

Jasur qiz gʻalabani Avstriyada kutib olgan. Urushdan keyin Oʻzbekistonga qaytgach, Sobira Majidova shifokorlik faoliyatini davom ettiradi, Sogʻliqni saqlash aʼlochisi darajasiga erishadi.

 

Razvedkachi  “Roza”

1925 yil Xorazm viloyatida tugʻilgan Nargiza Ibrohimovani safdoshlari "Roza" deb atar edilar. U 1942 yili Toshkent tibbiyot bilim yurtini qisqa fursatda tamomlab, urushga ketadi.

Avvaliga 1943 yili aloqachilar tayyorlash qisqa kursida oʻqishni davom ettiradi. Shuningdek, tez fursatda nemis tilini mukammal egallash bilan birga parashyutdan sakrash, xattoki tank boshqarishni ham oʻrganishga muvaffaq boʻladi.

3-Belorussiya fronti tarkibida erkak jangchilar bilan birga radiorazvedkachi vazifasini bajaradi. 1944 yil bahorida jasur oʻzbek ayoli dastlab Moskva yakinidagi alohida diviziyada, soʻng 4-tankchilar guruhida harbiy xizmatni boshlaydi.

Jangovar topshiriqlarning birida Nargiza Ibrohimova bir necha razvedkachilar bilan birga yovning qurol-yaroq va yoqilgʻi saqlanuvchi omborxonalari chizmasini tuzishga boradi.

Belgilangan maqsad bajarilib qaytilayotganda ular dushman pistirmasiga duch keladilar va jang qilib, oʻrmon ichida yashiringan tankka yetib boradilar. Shu payt tankka snaryad kelib tushib, uni alanga qamrab oladi. Tank ichida qolib ketgan qoʻmondon va muhim hujjatlarni olib chiqish vazifasi Nargiza Ibrohimovaga yuklatiladi.

Tirik qolgan uch nafar razvedkachi esa dushmanni chalgʻitib turadilar. Qoʻmondonni olib, butalar orasiga yashirinishga urinayotgan vaqtda navbatdagi snaryad kelib portlaydi. Natijada Nargiza Ibrogʻimova yarador boʻlib, hushidan ketadi. Tibbiy sanitariya batalonida oʻziga kelganida, qoʻmondon hayotini saqlab qolganiga "Za boyevыe zaslugi" medali bilan mukofotlanganini biladi.

Davolanib chiqqach, razvedkachi qiz partizanlar otryadida "Katta yer" orasida muntazam aloqa oʻrnatish bilan shugʻullanadi.

Nargizaning jangovar yoʻli Smolensk shahridan boshlanib, Orsha, Minsk, Vitebsk, Litva, Latviya, Polsha, Sharqiy Prussiyagacha davom etadi. Polshani ozod etish vaqtida aloqachi Nargiza Ibrohimova yangi topshiriq oladi.

Unga koʻra, razvedkachilar guruhi dushman egallab turgan aholi yashash yerlaridan birida qolib, hujum qilib kelayotgan sovet qismlariga qoʻshilishi lozim edi. Vayron boʻlgan cherkov ichida oʻrnashib, tez orada Nargiza Ibrohimova oʻzlari joylashgan manzil koordinatini ratsiya orqali maʼlum qiladi.

Tong paytida fashist askarlarining oʻzaro suhbatidan sovet qoʻshinlari yaqinlashib kelayotganini anglagan guruh qoʻmondoni artilleriyaga oʻt ochish haqida buyruq beradi. Bu xabarni Nargiza Ibrohimova ratsiya orqali jangchilar qismiga yetkazadi.

Yetib kelgan sovet qoʻshinlari vayronalar ichida qolgan razvedkachilarga chiqishlariga yordam beradi. Oʻzbek qizi odamlarning yuzini koʻrar, lekin xech narsani eshitmas edi, chunki u kontuziyaga uchragan edi.

1945 yil martida harbiy kasalxonadan chiqqan Nargiza Ibrohimova oʻz harbiy qismiga kelib qoʻshiladi va Berlin uchun olib borilgan janglarda mardonavor qatnashadi.

Nargiza Ibrohimova koʻrsatgan jasorati uchun "Krasnaya Zvezda" ordeni, "Za vzyatiye Kenigsberga" va "Za pobedu nad Germaniyey" medallari bilan takdirlangan, urushdan keyin esa, oʻz Vataniga qaytib kelib, tugʻruqxonalarning birida doyalik faoliyatini olib boradi.

Xulosa kilib aytganda, oʻzbek ayollari jang maydonlarida jon berib-jon olib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabani taʼminlashga munosib va tengsiz hissa qoʻshganlar. Va ular bu yoʻlda, bugungi zamonamiz qizlari uchun tengsiz ibrat va oʻrnak boʻla oladilar.

Odinaxon DEHQONOVA tayyorladi

 

 

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+