1945 yil, 9 may: dunyodagi eng dahshatli urushga 78 yil toʻldi
Yetim qolgan bolalar, nogironga aylangan 18 yoshli yigitlar, okop ichida onasiga xat yozgan askarlar, quloqni qomatga keltirgan oʻq ovozlari, bir burda nonni urush oʻchogʻidan koʻchirib keltirilganlar bilan baham koʻrgan hamda 4 mingdan ortiq bolalar taqdiri... Insoniyat tarixida muhrlangan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirgʻin ustidan qozonilgan gʻalabaga bugun 78 yil toʻldi...

Bugun 9 may. Yurtimizda Xotira va qadrlash kuni. Ushbu sana urush va mehnat frontida jasorat koʻrsatgan nuroniylarimizni yodga olish uchun oʻziga xos anʼanaga aylangan.
Biz ham qadriyatlarga sodiq qolgan holda, Ikkinchi jahon urushi, u yetkazgan talafotlar, urushda qahramonlarcha halok boʻlgan ajdodlarimiz haqida maʼlumotlarga ega boʻlish maqsadida Oʻzbekiston Milliy arxiviga tashrif buyurdik.
1999 yildan buyon har yili yurtimizda 9 may Xotira va qadrlash kuni, shuningdek, Gʻalaba bayrami sifatida nishonlab kelinadi. Sababi bundan 78 yil avval sobiq sovet ittifoqi jahon tarixidagi eng katta Ikkinchi jahon urushida mardonavor gʻalaba qozondi.
Ushbu urush dunyodagi eng dahshatli, qonli qirgʻinlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi. Bunga esa yetarlicha asoslar bor, albatta.
Oʻzbekiston Milliy arxivi katta ilmiy xodimi Shaxnoza ABDURAXIMOVAning aytishicha, Oʻzbekiston milliy arxivida Ikkinchi jahon urushi faoliyatini, oʻzbek xalqining gʻalabaga qoʻshgan hissasini yorituvchi koʻplab arxiv manbalari mavjud. Jumladan, Oʻzbekiston SSSRga koʻchirib keltirilgan aholi haqida, yurtimizdan frontga yuborilgan mahsulotlar miqdori haqida, askarlarning oʻz qoʻllari bilan yozgan sogʻinch maktublari kabi hujjatlar mavjud.
Maʼlumki, urush davrida aholini evakuatsiya – koʻchirib keltirish ishlari amalga oshirilgan. Yoshi katta aholi bilan birgalikda 200 mingga yaqin yosh bolalar ham koʻchirib keltirilgan.
Taʼkidlash joizki, urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ortigʻi halok boʻlgan, 133 mingga yaqini bedarak yoʻqolgan, 60 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qaytgan.
Shaxnoza ABDURAXIMOVAning arxiv hujjatlariga asoslanib aytishicha, “Oʻsha paytda urushdan qaytgan nogironlar aholining asosiy qismini tashkil etgan. Shuningdek, hududda Oʻrta Osiyo harbiy okrugi tashkil etilib, Oʻzbekiston SSSR hududiga harbiy gospitallar koʻchirib keltirilgan.
Tadqiqotlarga koʻra, ularning soni turlicha berib oʻtilgan. Hozirgi kunda aniqlangan soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston SSSR hududiga 129 ga yaqin harbiy gospitallar koʻchirib keltirilgan.
Maʼlumki, urush davrida askarlar urush tafsilotlari, shuningdek, oʻzlarining holatlaridan xabar berish uchun yaqinlariga xatlar yozishgan. Buni qaysidir maʼnoda sogʻinch maktublari ham deyish mumkin.
Oʻsha yillari bu xatlar devoriy gazetalar hamda "Qizil Oʻzbekiston" gazetasida chop etib borilgan. Bugungi kunda mazkur xatlar jamlanmasi OʻzMAda “Askar maktublari” nomi ostida saqlab kelinmoqda.
Oʻzbekiston Milliy arxivi katta ilmiy xodimi Saida ADILOVA mazkur xatlar bilan ishlash jarayonida juda koʻplab yangi maʼlumotlar olganini maʼlum qildi.
“Biz bu xatlar orqali jang maydonida yuz bergan voqealar, kechinmalar, qoʻyingki, Ikkinchi jahon urushi haqida batafsil bilishimiz mumkin. Maktublar orasida meni taʼsirlantirganlaridan birida shunday holat ifoda etilgan: yosh askar okopning ichida oʻtiribdi. Atrofida tanklar. Oʻqlarning ovozi. Shu paytda u onasining mehrini, onasining qadriga yetmagan kunlarini, onasining erkalashlarini, kulgularini, tandirda yopgan nonlarini eslab xat yozgan.
Chunki bu yosh yigit 3 kundan buyon ogʻziga non olmagan ekan. Shu maktublar oʻsha vaqtda bitilib, bizgacha yetib kelgan” deydi koʻzda yosh qalqib Saida ADILOVA maktub tafsilotlarini gapirib berarkan.
Oʻzbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan maʼlumotlarga koʻra, urush davrida mudofaa fondlari tashkil etilgan. Bu fondlar uchun aholi oʻzining bor qimmatbaho buyumlarini yoki pul mablagʻlarini bera boshlagan.
Oʻsha urush yillarida Oʻzbekiston xalqi tomonidan mudofaa fondlari uchun 950 million rubl miqdorida pul topshirilgan. Bundan tashqari, 22 million qimmatli buyumlar, 5 kilo oltin, 4 million tonnadan ortiq paxta, 1,5 ming tonnadan ortiq don mahsulotlari, 54,1 ming tonna pilla, 482 ming tonna sabzavotlar, 57,5 ming tonna meva mahsulotlari front uchun yetkazib beriladi.
Bugungi kunda yurtimizda istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi va fpront orti qatnashchilari soni 174 nafarni tashkil etadi. Fashizmga qarshi urushda mardonavor jang qilgan, ogʻir mashaqqat va musibatlarni boshdan kechirgan qahramonlar va xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan erkinlik uchun oʻz jonini qurbon qilganlar xotirasi hamisha yodimizdadir.
Odinaxon DEHQONOVA tayyorladi