Prezident nega uch yarim yillik prezidentlik muddatidan oʻz tashabbusi bilan voz kechayotganini maʼlum qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev nima sababdan muddatidan ilgari prezidentlik saylovi oʻtkazilishini hamda uch yarim yillik prezidentlik muddatidan nega oʻz tashabbusi bilan voz kechayotgani sabablarini ochiqladi.
“Nima uchun qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan oʻz tashabbusim bilan voz kechyapman? Chunki asosiy qonunimizga muvofiq:
birinchidan, hokimiyatning barcha boʻgʻinlari isloh qilinib, ular oʻrtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy oʻzgarmoqda;
ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib boʻlmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qoʻymoqda;
uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda gʻoyat muhim va dolzarb oʻzgarish hamda islohotlarni kutmoqda;
toʻrtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin. murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda toʻgʻri va samarali rivojlanish yoʻlini izlab topish, uni amalga oshirish eng oʻtkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.
Aziz va muhtaram vatandoshlar, barchangiz koʻrib turibsiz, oldimizga bugun yanada ulkan marralar qoʻymoqdamiz”, — dedi prezident.