“Mening yoʻlim” loyihasiga ovoz berish jarayoni yakunlandi
Ovoz berish jarayonida respublikamiz boʻyicha 8 mln 93 ming 918 nafar yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi.

7 may kuni soat 18-00da “Ochiq budjet” axborot portalida eʼlon qilingan “Mening yoʻlim” loyihasining joriy yilgi mavsumiga ovoz berish jarayoni yakunlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tuman (shahar) byudjetlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun rejalashtirilgan mablagʻlarning kamida 50 foiz qismini fuqarolar fikri asosida yoʻnaltirilishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan loyihaning ushbu mavsumi uchun respublika boʻyicha 10 317 ta tashabbusli taklif kelib tushgan.
27 apreldan 7 may kuniga qadar davom etgan ovoz berish jarayoni natijalariga koʻra, 517 ta loyiha gʻolib deb topildi. Ovoz berish jarayonida respublika boʻyicha 8 million 93 ming 918 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Ovoz berish jarayonida respublikamiz boʻyicha 8 mln 93 ming 918 nafar yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, ushbu jarayonlarda eng koʻp gʻolib loyihalar Toshkent viloyati (55 ta), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (54 ta), Samarqand (40 ta) va Andijon (40 ta) viloyatlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Gʻolib boʻlgan loyihalarni moliyalashtirish uchun respublika boʻyicha 412.40 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.