Arab davlatlari Ligasi Suriyani yana oʻz safiga qaytardi
Arab davlatlari Ligasi tashqi ishlar vazirlari Suriyaning 10 yildan koʻproq vaqt oldin toʻxtatilgan aʼzoligini tiklash boʻyicha bir toʻxtamga kelishdi, deya xabar bermoqda Iroq davlat OAVlari.

Kecha Arab davlatlari ligasining Qohiradagi bosh qarorgogʻida vazirlar Suriyani tashkilot tarkibiga qaytarish uchun ovoz berishdi.
Qaror 19 may kuni Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan Arab davlatlari Ligasi sammiti oldidan va soʻnggi haftalarda Damashq bilan mintaqaviy munosabatlar tezkorlik bilan normallashayotgan bir sharoitda qabul qilindi.
Suriyaning Arab Ligasidagi aʼzoligi Prezident Bashar Asad 2011 yilning mart oyida sunniy namoyishchilarni shaffatsizlarcha bostirishga buyruq berganidan soʻng toʻxtatilgan edi. Shia ozchilik sunniy koʻpchilikni boshqarayotgan Suriyadagi noroziliklar tufayli mamlakatda fuqarolar urushi boshlandi. Natijada yarim millionga yaqin odam halok boʻldi, 23 million kishi uy-joyini tark etgan edi.
Associated Press axborot agentligi xabariga koʻra, Asad Suriya hududida oʻz nazoratini mustahkamlaganidan soʻng, arab davlatlari inqirozni hal qilish uchun aloqalarni normallashtirishga intildi.
Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abul Gʻoyt yakshanba kuni Asad «agar xohlasa» shu oy oxirida boʻlib oʻtadigan Arab Ligasi sammitida qatnashishi mumkinligini maʼlum qilgan.
Damashq bilan aloqalar 6 fevral kuni Turkiya va Suriyada sodir boʻlgan halokatli zilzila, Xitoy vositachiligidagi Suriya mojarosida qarama-qarshi tomonlarni qoʻllab-quvvatlagan Saudiya Arabistoni va Eron oʻrtasidagi aloqalar tiklanganidan keyin tezlashdi.
Saudiya Arabistoni uzoq vaqtdan beri Asad bilan munosabatlarni normallashtirishga qarshilik koʻrsatgan boʻlsada, Saudiya tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon as-Saud oʻtgan oyda oʻn yildan ortiq vaqtdan beri birinchi marta Damashqqa tashrif buyurdi va ikki davlat ham ular oʻrtasidagi elchixonalar va havo aloqalarini tikladi.
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ham oʻtgan hafta Damashqqa tashrif buyurib, uzoq muddatli savdo va neft boʻyicha shartnomalarni imzoladi.
Iordaniya, Quvayt va Qatar Asadning Arab davlatlari Ligasi sammitida ishtirok etishiga qarshi chiqishdi va Damashq tinchlik rejasi boʻyicha muzokaralarga rozi boʻlishidan oldin taklif qilinishi erta boʻlishini aytishdi.