Kontrafakt va isteʼmolga yaroqsiz tovarlar haqida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2023 yil 1 iyundan boshlab isteʼmolchilar huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, kontrafakt va isteʼmolga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari boʻyicha murojaatlar "Soliq hamkor" axborot tizimi orqali qabul qilinadi hamda koʻrib chiqiladi.

"Soliq hamkor" axborot tizimi orqali murojaatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirish jarayonida axborot tizimi orqali kelib tushgan murojaatlar nazorat va boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Yangi meʼyorga koʻra, murojaatlar vakolatli organlar tomonidan 10 ish kunida majburiy tartibda koʻrib chiqilib, natijasi boʻyicha murojaat yoʻllagan shaxs xabardor qilinadi, bundan qonunchilikda belgilangan holatlar mustasno, albatta.
Agar xabar berilgan qonun buzilishi holatlari boʻyicha gumonlar oʻz tasdigʻini topsa, xabar bergan shaxs maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jarimaning 20 foizi, jinoyatlar uchun esa BHMning besh baravarigacha miqdorda ragʻbatlantiriladi.
Eslatib oʻtamiz, kontrafakt va isteʼmolga yaroqsiz tovarlar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantirilishi “Aholini sifatli isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–110-son, 04.04.2023 y.) bilan belgilandi.
Prezident Qaroriga koʻra, isteʼmolchilar huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, kontrafakt va isteʼmolga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qoʻyishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Jumladan, murojaatlar yagona axborot tizimi orqali qabul qilinadi va ular vakolatli organlar tomonidan qisqa muddatlarda koʻrib chiqiladi. Shuningdek, huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi.